Ona Haqida so’z
Birinchi sinfning “Alifbe” kitobida bir hikoyacha bor: Kichkina qizaloq adashib qoladi. «Oying qanaqa ayol edi?» deb so’rashadi ko'chadagilar. Qizaloq: “Mening onam dunyodagi eng yaxshi ayol”, deb javob beradi. Men bu hikoya mazmunini endi anglagandayman. Ona farzand uchun faqat boquvchi emas, panohdir, himoyadir. Shuning uchun barcha bolalar onasi yonida sho’hlik qiladi, erkalanadi, o'zini dadil sezadi. Ona faqat kiyintiruvchi emas, farzand uchun erkdir, ozodlikdir. Men o'zimning onam haqida o'ylaganimda hayolimdan shu fikrlar kechadi. Onam hozir 72 yoshning ustidalar, umrlarining 35 yilini boshlang’ich sinf muallimalikka o'quvchilariga bag'ishlaganlar. ... 4 yoshlar chamasi edim, onam bilan bir o'rtoqlarinikiga qandaydir ish bilan bordik. Ular gapirishib o'tirishganda diqqatimni stul suyanchig'ida yoyilib turgan yashil qushchalari bor oq ro'mol tortdi. Oldin tomosha qilib o'tirdim, so’ng sekin kamzulimning ichiga tiqib oldim. Qaytayotib, ancha yo’l yurgach, ariqdan xatlayotganimda ro'molning uchi osilib qoldi. Onamning rangi oqarib ketdi, o'shanda. Qo'limdan yetaklab, o'sha xonadonga qaytarib olib keldilar. O'zing olib kirib ber, “kechiring” degin, - dedilar.
Men kirmayman, o'zingiz olib kirib bering», deb yig’ladim. Ammo onam meni itarib kirgizib yubordilar. Yosh bola bo'lsam ham, o'shandagi uyalganim hissi hali-hali esimdan chiqmaydi. Shu-shu birovning narsasiga qiziqish yo havas uyg’onsa, onam qo'limdan yetaklab egasining oldiga olib boradiganday sezaman o'zimni. Shuning uchun bo’lsa kerak, biz qilgan gunohimizni tezda aytib, tezda jazo olib, xotirjam bu- lishga oshiqardik. Qish edi. Pechkaga o't yoqayotib, uchkun sachraganini sezmabmiz. Pol ancha kuygan, bo’ldik. Singlim kichkinaligi uchun asosiy aybdor men edim. Onam kelgach, aytdim. Onamning qahri qattiq edi, ammo o'sha safar hech narsa demadilar: «O'zing aytmaganingda jazolardim. O'zing aytding kechiraman»,- dedilar.Bu tarbiyalari ham menga feʻl-atvor bo'lib singib ketgan. Hozir ham birovning oldida aybim bo'lsa, tezda aytib qutilishni, orani ochiq qilishni xohlayman.Еttinchi sinfdaligimda katta akamni uylantirdik. To’ydan bir hafta o'tgach, kelinoyim uyimizdagi barcha sochiq, dasturxonlarni yuvishga to'pladilar. Suvlarini keltirib berdim-da, sekin sirgalmoqchi bo'ldim. Chunki kelinoyisi bor qizlarning ishi kamroq bo'lardi-da.
-Qayoqqa? – dedilar onam. Darsni baxona qildim.
-Bitta tog’ora olda, kelinoyingning yonida o'tir, keyin dars qilasan - dedilar. Shu-shu kelinoyim nima ish qilsa, yonboshida birga yuradigan bo'ldim.
Ayniqsa, farzandlariga teng qarashdim. Onam: «Ukangni ol, kelinoying choyini bemalol ichsin, ukangga qara, kelinoying damini olsin>> deb turardilar. Mana, xudo umr bergur, jiyanlarim o'sib-ulg'ayishdi. Hozir ikki-uchtasi oilalik, farzandlik. Borsam «Amma, amma» deb yeru ko'kka ishonishmaydi. Bu mehr, izzatlar ildizi onamning qalbidaligini bilarmikin, jiyanlarim...
Onamning qahri qanday bulsa, mehri ham shunday. Amakilari, kelinoyilari vafot etib, bir o'g'il uylanmay qoldi. Kolxozdan pillaning pulini berishdi. Onam uyimizga hamma qarindoshlarimizni yig'dilar: «Mana, mendagi bor jamg'arma shu o'rtaga qo'ydim. Kecha pul oldilaring. Kim qancha imkoniyati bo'lsa, o'rtaga qo'ysin, Sobirjonning boshini ikkita qilib qo'yish bizga farzu qarz», dedilar. Qarindoshlar borini o'rtaga qo'yishdi. Bir oyga yetmay, Sobirjonning to’yi bo'ldi. Hozir kelin, bolalar onamni “ena” deb ataydilar eʻzozlaydilar. Onam faqat qarindosh urug’lariga emas, begonalarga ham shundaylar.
... Onamning vokzalda kassir bo'lib ishlaydigan o'rtoqlari bor edi, xabar olgani kirsa, kassa yonida bir ayol yig’lab turganmish. Ayol Xo’jaylidan singlisi bilan poezdda kelayotsa, singlisi ko'richak bo'lib qolib, bizning shahrimizda operasiya qilishibdi. Ikki-uch kun yugur yugurdan so'ng puli qolmabdi... ketay desa ketishini, qolay desa qolishini bilmay turgan ekan. Onam o'sha turkman ayolni uyga boshlab kelgan kunni yaxshi eslayman: Sochlari uzun, chiroyli edi. Xullas, u ayol biznikida turib, singlisi sog'aygach, birga olib ketdi. Hozir o'sha Og’ulmengli xolam Ashxobod yaqinida yashaydi, xuddi jigarlardek bordi keldimiz bor. Bu mehr-oqibatlar sarchashmasi ham onamku, axir. Onam birovning zarracha yaxshiligini bir umr unutmaydilar. Institutni bitkazgach, Farg’ona viloyati Quva tumanida bir yil ishladim. Usmonali tog’a, Xosiyat aya ismli daryodil egali bir xonadonda farzandlari qatori farzand bo’lib yashadim. Onam Xorazmdan telefon qilganlarida, har gal, albatta «Tog’ang, ayang bilan daraklashib tur>> deb tayinlaydilar. Va har gal menga ilk bor oq yo'l bergan Zulfiya opa haqida so'raydilar, ularning yoniga borib turishimni uqtiradilar.
Mening onamdan olib ulgurganlarim bugungi hurmatim, izzatim, qadrim, olib ulgurmaganlarim kemtigim, yetmasin, qusurimdir.
Onam “Obru misqollab yig’iladi, extiyot bo'lmasang, bir lahzada botmonlab sochilib ketadi”, “Mol-dunyo yig’ma, do'stu yor to’pla”, “O'zga yurtning bog’i bilan bo'stoni o'z yurtingni tikani bo'lolmas» degan maqollarni ko’p aytadilar.Muxtasar aytsam, kimdir mendan “Onangiz qanday ayol?” deb so'rashsa, “Dunyodagi eng yaxshi ayol” deyman.