Zurriyodlaring Sog’ bo’lsin elim

By Alijon ZOHIDIY, …, in 1995

«1986-yili «Komsomolskaya pravda» ro'znomasida bir maqola o'qib qolgan edim. Unda sobiq SSSR aholisining balog’atga yetgan qismini qariyb 25 foizida qandaydir surunkali xastalik borligi haqida dalillar keltirilgan edi. Maqola meni juda larzaga solgan edi. Nahotki balog'atga etib, ayni kuch-g'ayrat va shijoatga to'lib ota-ona va vatan oldidagi har qanday burchni bajarishga tayyor bo’lishi kerak bulgan yigit-qizlarning har to’rtdan biri xasta bulsa?.. Bu dahshat- ku! Xo'sh, surunkali xastalik nima, o'zi?! Vaqti-vaqti bilan xurujga kelib, to'lqinsimon kechgani holda nogironlik yoki o'lim bilan tugovchi holat bu. Buning sabablari nimada?Taassuflar bilan tan olishimiz lozimki, o'sha mahallari sog'liqni saqlash tizimiga milliy daromadning bor yo'g'i 1-2 foizi ajratilar, tabiiyki bu urvoq ham bo'lmay ketar edi. Vaholanki, xorij mamlakatlarida bunday qutlug' maqsad uchun milliy daromadning o'rtacha 12-15 foiz qismi sarf etilar edi. Ammo bunday ayanchli ko'rsatkichlarga sabab bo'lgan omil birgina bu emas. Ekologik vaziyatning to’xtovsiz ravishda yomonlashib borishi, kimyo sanoatining inson hayotiga jadal aralashuvi, vaqti-vaqti bilan quyosh radiasiyasi faolligining oshishi, zavod va fabrikalarning ko'plab qurilishi hamda mashinalar soni oshganligi natijasida inson asab tuzilmasi faoliyatiga salbiy taʻsir ko'rsatuvchi shovqin-suronlarning ko'payishi, ichish, chekish, giyohvandlik kabi zararli odatlarning uchrab turishi ham bu mudhish ko'rsatkichlarning ulkanlashishiga o'z hissasini qo'shgan edi. Moskva aholisining har bir jon boshi hisobiga bir yilda o'rtacha, 126 kg. dan go'sht to'g'ri kelgani holda bu ko’rsatkich qishloqlarda 20 kg ham yetmas edi.Yillar o'tdi, o'sha yillarning ko'pgina asoratlari qatorida bemorlari ham bizga meros bo'lib qoldi. Elimizni, millatni sog'lomlashtirish bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri bo'lib qoldi. Buning uchun hozir Respublikamiz hukumati va sog’liqni saqlash tizimi maʻmuriyati juda ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Prezidentimiz I. Karimov tashabbusi bilan «Sog'lom avlod uchun» nishonining taʻsis etilishini biz shifokorlar juda katta mamnuniyat bilan kutib oldik. Har bir shifokor bunday ulug' mukofot sohibi bo'lishga intiladi, bu esa tabiiyki, uning yanada masʻuliyat va g’ayrat bilan ishlashini taʻminlaydi.Ammo xastalikka uchragan odamni sog'lomlashtirishdan ko'ra uni xastalikka uchratmaslik ming barobar oson va maqbuldir. Zero, davlatimiz tabobatining yo'nalishlaridan biri ham oldini olish profilaktikadir. Faqat shu yo'l bilangina aholining yuz foiz sog’lomlashuviga erishish mumkin. Bu esa faqat shifokorlardangina emas, ota-onalarning o'zlaridan ham juda katta kuch-g’ayrat va iroda talab qiladi. Shuni ham taassuf bilan eʻtirof etamizki, juda ko’p hollarda bolalarning kasallanishi, xastalikning surunkali tus olishiga ota-onalarning jinoyatkorona loqaydligi, tibbiy ongining pastligi sabab bo'ladi. Amaliyotimizdagi hodisalarga murojaat qilamiz. «Respublika nevrologiya jarrohligi va ekstrakorporal detoksikasiya» bo’limiga to'rt yarim yoshlik o'g’il bolani og'ir ahvolda olib kelishdi. Bola peshobdan zaharlanishdan shishib ketgan bo’lib, tinimsiz qayt qilar edi. Tekshirib ko’rilganda buyrak, yurak faoliyatining zaifligi va nafas yetishmasligi alomatlari aniqlandi, qon va peshob tahlillari haddan tashqari yomonlashgan edi. Shifokorlarimizning bir necha kunlik uyqusiz tunlari va zahmatli mehnati evaziga naq ajalning changalidan qaytarib qolingan bemorning ota-onasidan so'rab surishtirilganda bolada bunday : alomatlar ilk bor bir yarim yasharligida paydo bo'lgani, o'zlaricha turli tuman dorilar berib davolab yurishganliklari aniqlandi. Uch yil mobaynida biror marta ham mutaxassisga murojaat qilishmagan. Holbuki, ular poytaxtning shundoqqina biqinidagi qishlokda istiqomat qilishar ekan. Bolaning asosiy xastaligi zakar uchidagi teshikning tug'ma torayishi Meatostenoz bo'lib, o'z vaqtida o'tkazilgan kichkina jarrohlik muolajasi uni muqarrar halokatdan saqlab qolgan bo'lur edi. Endi muddat o'tib, surunkali buyrak zaifligi alomatlari zohir bo'lgan, boyaqishning jajji umri «Sunʻiy buyrak» apparatiga bog’lanib qolgan edi. Olis qishloqlar aholisining tibbiy savodxonligini nihoyatda pastligi, ham shifokorlarga kech murojaat qilinishi oqibatida xastalikning chuqurlashib ketishiga, zurriyodlarimizning bir umr surunkali xastalikdan azob chekishiga sabab bo'lmoqda. Xalq tabiblari ming yillar mobaynida el sog’ligini saqlashga katta hissa qo'shib kelganiga qaramay bugungi kunda ayrim chalasavod ozori jonlar ularning nomidan ish ko’rib shaxsiy manfaat yoʼlida, yoxud tibbiy johilligi oqibatida xastaliklarning asoratlanib ketishiga sabab boʼlmoqda. Fikrimizning tasdigʼi sifatida amaliyotimizdan yana bir misol keltiramiz. O'tgan yili Urgut tumanidan qopday shishib ketgan 13 yashar qizchani nihoyatda og'ir ahvolda bo'limimizga keltirishdi. Bemor arang nafas olar, umuman peshob ajratmas edi. Kasallik arzimas sababdan boshlangan. Maktabdan qaytayotgan durkungina soppa-sog' qizcha toshga qoqilib yiqilib tushgan. Onasi uni qishloqdagi siniqchi kampirga olib borgan, kampir esa o'zicha «bo'g'im chiqqan» degan tashhis qo'yib, unga tuxum sarig'ini surtib rosa uqalagan va endi tuzaladi deb, ishontirib javob bergan. Shu kechasi oyogi kelisopdek shishib, og'riqning zo'ridan tuni bilan boyaqish uxlolmay chiqqan. Peshob ajratilishining keskin kamayib ketganiga qaramay bemor yana ikki kun uyida yotgan, ahvol yomonlashavergach suyak yiringlashi tashhisi bilan kasalxonada davolangan, suyak teshilib yiring chiqarilib, zaruriy muolajalar qilingan. Nihoyat bemorning butun vujudi shishib, qon va peshob ko’rsatkichlarida o'zgarish kuzatilgan. Bemor bo'limimizga o'tkazilgan. Endi ahvolga xolisanlillo nazar tashlasak, sniqchi kampir darz ketgan suyakni uqalab, uzil-kesil sindirishga va infeksiya tushirishga erishgan, suyak bo'laklarining bir-biriga ishqalanishi esa, yon tarkibiga ega bo'lgan ilikning parchalanib qonga tushishiga va buyrak sizilmalari filtrlariga tiqilishiga sabab bo’lgan. Buyrakning zaifligidan hayoti tugashi tayin bo'lgan qizchani saqlab qolish uchun shifokorlarimiz qancha mehnat qilmadi, deysiz. Bu davr ichida bechora onaning yegani ichiga botmay cho’p bo’lib qoldi. 40 kunlik hayot-mamot jangidan keyin bemor uyiga javob berildi. O'z vaqtida mutaxassisga murojaat qilinganida shuncha dilxiraliklar bo'lmasligi mumkin edi-ku!Tan olishimiz kerak, xalqimiz nafasi o'tkir, hoziq insonlarga boy bo’lgan va shunday bo'lib qolaveradi. Ammo ularning nomidan ham ish ko'rib ko'pchilikning hayotiga zomin bo'layotgan, yomg'irdan keyingi qo'ziqorinlardek ko’payishib borayotgan ekstrasenslarga nima deysiz?! Uzoq muddat ekstrasenslar muolajasini olib, nafi bo'lmagach, o'lim to'shagidagi bemorni bizga olib kelganlar oz bo'lgan deysizmi? Ekstrasens ruhlar yordamida kelib operasiya qilishini kutib, uyida yotib jon taslim qilganlarni eshitmaganmisiz?! Surxondaryoda uzoq muddat ekstrasens yordamida buyrak toshlari erib tushishini kutib, qimmatli vaqtini behuda o'tkazib yuborib bizga kech murojaat qilgan 6 yoshlik bolaning ma’yus javdiragan ko’zlari xech esimdan chiqmaydi. Go’dakni qutqarib qolishning iloji bo'lmadi. Bunday jinoyatkorona beparvolik, loqaydlik va nodonlik oqibatida norasida ketgan go'daklarning umri ota-onalarining bo'yinlarida anchagina. O'tgan yili Samarqandda 4 ta nikox to'yiga qatnashishimga to'g'ri keldi. Shulardan ikkitasi qarindoshlar orasidagi nikoh edi. Matbuotlarda buning nojoizligi, bunday nikohlardan xasta bolalarning ko'p tug'ilishi haqida maʻlumotlar berib borilayotganiga qaramasdan bu hol hanuz davom etmoqda.Xo'sh nima uchun qarindoshlar orasidagi nikoxdan xasta bolalar ko'p tug’iladi? Maʻlumki, jinsiy xujayra- larimizda har bir jismoniy va ruhiy aʻzolarimiz sog'lig'i uchun mas’ul genlar bor. Urug'langan tuxum xujayralar mazkur genlar o'zaro qo'shilib, ota va ona xususiyatlarini avlodga baravar beradi. Bitta jinsning xasta geni ikkinchi jinsning sog’lom aynan shunday geni bilan qo'shilishi hisobiga juda ko'pchilik kasalliklar yuzaga chiqmay qoladi. Qarindoshlarning esa bir xil qismi xastalangan genlarining uchrashib qolish ehtimoli juda katta bo’ladi. Bu esa o'z navbatida avlodlarni taraqqiyotning turli nuqsonlari bilan dunyoga kelishiga sabab bo’ladi. «El sog’ligi yurt boyligi» ekanligini to'g'ri anglab yetgan, avlodlarning irsiy pokligi haqida qayg'urgan sog'lom fikrli har bir ota-ona bunday nikohga rozilik bermasligi kerak. So’nggi yillarda ilmiy-tibbiy adabiyotlarda mikroblarning dorilarga sezgirligi yo’qolib borayotganligi haqida maʻlumotlar bot-bot paydo bo'lmoqda. Bu esa kasallikka qarshi kurashish qobiliyatimizni oshiribgina «mitti ajdaho»larning tazyiqiga bardosh bera olishimiz mumkinligini ko’rsatadi. Uy sharoitida mutaxassis maslahatisiz, bilib-bilmay dorilarni pala-partish ishlatish, ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik, ichish-chekish kabi zararli illatlar esa vuju- dimizni kasalliklarga beriluvchan qilib qo'yadi. Xo'sh, immunitetni qanday yo’llar bilan oshirish mumkin? «Meʻyorda badantarbiya qilgan odamga xastalik yaqin yo'lamaydi» degan ekan alloma bobokalonimiz Ibn Sino. Demak farzandlarimizni tug'ilgan kunlaridanoq chiniqtirishni boshlash, bog’cha va maktab yoshidanoq jismoniy faol xayot kechirishga o'rgatishimiz lozim. Shuningdek tarkibida juda kup foydali bakteriya va darmondorilar saqlovchi sut-qatiq mahsulotlarini ko’plab isteʻmol qilish, vujud va rux imkoniyatlarini bir necha barobar oshiruvchi ushu va yoga mashqlarini targ'ib qilish kabilar bilan bunday qutlug’ vazifani ado etish mumkin. Maqola muxtasarida ota-onalarga qarata shunday degim keladi: «Kelajagimizni sog'lom avlodlar qo'liga topshirishdek buyuk masʻuliyat avvalambor sizning zimmangizda. Siz bunday ulug vazifani amalga oshirish uchun shifokorlarning eng yaqin yordamchilari bo'lishingiz lozim.