Onalar Armondan yig’lamasin
Mening ham hammaniki singari mehribon onam bor edilar. Bundan 25 yil muqaddam 75 yoshlarida vafot etdilar. Qanchadan qancha nabiralarga ega bo'lsalarda, to'ng'ich o'g'illari urush tufayli xalok bo'lganligiga qattiq achinardilar. O'lim to'shagida ham o'g'liginamdan biror zurriyod qolmadi deb armon nadomat bilan vafot etdilar. O'sha tunda bo'lgan voqea tufayli onaning farzandga bo'lgan mehri-muhabbati naqadar chuqur ekanligini yana bir bor his etdim. Men har qachon onam qabriga borib, ziyorat qilganimda o'sha voqea tezda yodimga tushadi. Mart oyining oxirgi kunlari edi. Shu kuni maktabda o'qituvchilar yig'ilishi bo'lib ancha davom etdi. Aksiga olib ertalab boshlangan yomg'ir kechgacha tinmadi. Yomgirga ivib bo'lsada, kech soat 10 larda uyimga yetib oldim. Eshikda meni umr yo'ldoshim ko'zida yosh, kuyunib kutib oldi:
-Barvaqtroq kelsangiz bo'lmaydimi?! Oyimlar sizni 2 soatdan buyon kutadilar...
Tomog'imga bir narsa tiqilganday bo'ldi shoshgancha egnimdagi ho'l bo'lgan yomgirpo'shimni ayvonga uloqtirib, onam huzuriga yugurdim. Ne ko'z bilan ko'rayki, onam ikki ko'zini shiftga qadab, behol yotardilar. Onamning boshlariga yaqinlashib quloq tutdim. U kishi zo'rg'a nafaslari qisilib so'zlardilar.
Keldingmi bolam, ovqatingni yeb ol, qorning ochib ketgandir. Onamning nuroniy chehralarida qandaydir siniqlik sezdim. Ona-ona ekanda. O'zlari bir axvolda yotibdilaru yana bizlarni o'ylaydilar. Onamning za’faron yuzlariga boqib, hamma narsani unutdim.
- Oyijon, meni so'rayotgan ekansiz...
-Onam bir zumgina sukut saqlab turdilar-da, dedi: O'g'lim, agar akang tirik bo'lganida bu yil ellikka kirardi. Nima qilay urush ekan...
Onam unsiz yig’lardilar:
- Akangning qabri olis yurtda kolib ketdi. Menku ilojsizman,sen qachon fursat topsang, akangning xokini ziyorat qil. Yodingdan chiqmasin, qabridan bir siqim tuproq keltirib mening qabrim tuprog'iga qo'sh.Onam toliqdilar chog’i, Qisqagina tomoq qirib olgach, chor atrofga boqdilar va qoziqda osig'lik turgan jildga ishora qildilar. Men jilddagi Qurʻonning ichiga solib qo'yilgan oq ipakka o'rog'lik tumor shaklidagi xatni onamga tutqazdim.
-Bolam, vaqti kelib bandalikni bajo keltirsam, xotiningga tayinla, shu maktubni kafanimga qo'shib tiksin. -Bolam, yana sendan bir o'tinchim bor, vafotimdan so'ng kelinimni zinhor ranjitma.
-Xudo umrini uzoq qilsin; bolalarining rohatini ko'rsin, qizim yo'qligini bildirmay, tuqqan onasidek eʻzozlab parvarish qildi. Qo’sha qaringlar...
Men onam ardoqlaydigan tumorcha akamning Leningraddan oxirgi marta yozgan maktubi ekan yaxshi bilardim. O'qilaverib har bir so'zi yod bo'lib ketgan edi. Unda shunday so'zlar yozilgandi:"Hurmatli otajon!Mehribon onajon va aziz jigarlarim! Men ushbu xatimni Leningrad kasalxonasidan yozmoqdaman. Oldingi xatimda aytmagan edim. Shu yil aprel oyida Finlyandiya bilan bo'lgan urushdan qaytdik. Urushda ko'prok botqoqlik kechishga to'g'ri keldi. Shu sabab oyog'imning bodi qo'zg'adi. Hozir davolanmoqdaman. Duxturlarning aytishiga qaraganda yana 1 oydan so'ng uyga butunlay qaytishim kerak. Xayr, salomatlik bilan diydor ko'rishaylik.Salom bilan Shukrullo, 11 iyun 1941 yil. Leningrad shahri".Bu xatni onam 35 yil ardoqlab, asrab keldi va nihoyat o'zlari bilan dayri fanoga olib ketdilar. Onam vafotidan bir yil o'tgach, akam xalok bo'lgan Leningrad shahriga otlandim. U yerdagi birodarlik qabristonlarini ziyorat qildim. Ayniqsa shaharning chekkasida Pskarev qabristonida bir kun aylanib yurdim. Ammo akamning nomi yozilgan qabrni izlab topolmadim. Chunki qabriston 5 gektardan oshiq yerni egallagan, har bir qabr bedapoya singari bo'lib, har biriga 60-70 dan ortiq jasadlar dafn etilgan. Shu tufayli dafn etilganlarning nomi yozilmay, faqat tepasiga shu qabrga qancha odam ko'milgani va sanasi yozilgan edi. Akam 1941 yilning 10 noyabr kuni vafot etgani tufayli (qora xatda shunday deyilgan edi) 1941 yil 15 noyabr deb yozilgan qabrdan bir siqim tuproqni olib dastrumolchaga tugdim. Toshkentga qaytgach, tuproqni onam dafn etilgan Sag'bon ko'chasidagi qabristonga eltib ko'mdim. Har qachon onam qabrini ziyorat qilganimda shu voqea yodimga tushadi. Xayolimda, go'yo urushda xalok bo'lgan akam ham shu qabrda yotganday. Ha, urush xotiralari meni azoblaydi, iztirobga soladi. Beixtiyor: "Hech qachon urush bo'lmasin! Onalar armondan yiglamasinlar" deyman iltijo bilan.