PIROVARD MAQSAD - KOMIL INSONNI TARBIYALASH

By «Sog’lom avlod …, in 1995

<<Oila va jamiyat»ning hayotida yil boshida katta yangilik ruy berdi. Gazetamizga O'zbekiston Respublikasi bolalar jamg'armasi bilan birgalikda Prezidentimiz Farmoniga ko'ra tashkil etilgan hukumatga qarashli bo'lmagan Xalqaro «Sog’lom avlod uchun» xayriya jamg'armasi ham muassis bo'ldi.
<<Oila va jamiyatga bu ikki jamg'armaning muassislik qila boshlagani mamlakatimizda oila mustahkamligi, naslimiz sog'lomligi yo'lida olib borilayotgan ulkan ishda kuchlarimizni birlashtirish ramzidir, desak xato qilmaymiz.«Oila va jamiyat»ning imkoniyati, zimmamizdagi maʻsuliyat ham ikki barobar oshdi! Xo'sh, 1995 yili «Oila va jamiyat» sahifasida Sizni nimalar kutmoqda? Avvalo biz sizni bolalarning haq-huquqlarini, manfaatlarini himoya qilish, ularni tarbiyalash, kamol toptirish, bolalik va onalikni himoya qilish, oilalar mustahkamligi, avlodimiz jismonan soglom, ruhan barkamol o'sishi uchun mamlakatimizda qilinayotgan ulkan ishlar bilan yil mobaynida tanishtirib boramiz. Yosh avlod hayoti, oilaga oid muammolar to'g'risida siz gazetxonlar bilan bahs-munozaralar yuritishga harakat qilamiz. Ushbu borada muassislarimiz, ularning bo'limlari amalga oshirayotgan ishlardan muntazam boxabar etamiz. Sog’lom avlod tarbiyasining jismoniy, maʻrifiy huquqiy, tibbiy jihatlari bilan bog'liq muammolar xususida tegishli sohalardagi bilimdon nazariyotchilar, tajribali amaliyotchilar mulohazalarini eʻtiboringizga havola qilamiz. Zero, Prezident Islom Karimov aytganidek: Bizning asosiy boyligimiz, rivojlangan davlat tuzishga olib boradigan yo'ldagi asosiy tayanchimiz insondir. Yuksak malakali va yuksak maʻnaviyatli insondir. Pirovard maqsad esa O'zbekistonda istiqomat qilayotgan millionlab oilalarning munosib turmush kechirishi uchun sharoit vujudga keltirishdan iboratdir. Ayni mana shu narsa oqibat natijada davlatimiz qudrati va boyligini, uning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini taʻminlaydi. «Sog’lom avlod uchun» g’oyasi bosh mavzumizga aylanadi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi sifatida belgilab olingan ushbu vazifani ro'yobga chiqarish uchun har birimiz fidoyilik bilan mehnat qilishimiz, elim deb, yurtim deb yonib yashamog'imiz lozim. Boshqacha aytganda faol insonlarga aylanmog'imiz kerak. Buning maʻnosi yurtboshimiz tomonidan juda yaxshi ifodalab berilgandir. Yaʻni: Biz o'z psixologiyamizni o'zgartirishimiz lozim. Ijtimoiy himoyalashning passiv obʻektidan, davlatning moddiy yordamidan bevosita va bilvosita foydalanuvchidan o'z taqdirimizning faol sohibiga, o'z ijtimoiy farovonligimiz uchun maʻsul bo’lgan shaxsga aylanishimiz lozim. Demak, ushbu jarayon alohida inson, oila, mehnat jamoalari hayotida, mamlakatimiz miqyosida qanday kechayotganligini ziyraklik bilan kuzatib borish, unga faol taʻsir etishga intilish doimiy diqqat markazimizda bo'ladi.Mamlakatimizda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, kasb-korni va mehnat soxasini erkin tanlash Konstitusiyaviy huquqimiz sifatida taʻminlandi. Modomiki, mehnat qilish qobiliyatiga ega ekanmiz bu huquqlar zimmamizga: O'zimizni va o'z oilamizni moddiy jihatdan zarur darajada taʻminlash, oilamiz farovonligiga erishish, avlodimizni sog'lom va komil insonlar qilib tarbiyalash masʻuliyatini ham yuklaydi. Biz turmushimizni yaxshilash, oilamiz moddiy farovonligini taʻminlash uchun qanday ishlar qilayapmiz? Farzandlarimizni sog'lom va komil insonlar qilib tarbiyalash yo'lidagi amaliy ishlarimiz nimalarda o'z aksini topmoqda? Yil mobaynida gazetamiz sahifasidan ushbu savollarga ham javob topasiz deb uylaymiz. Albatta 1995 yil ham oila davrasida o'qishga mo’ljallangan materiallar gazetamiz sahifasida Muntazam berib boriladi. Oila bola bilan shirin. Bola oilanig podshosi. Shu bois, bu yil ham «Bolalar dunyosi» gazetamizning doimiy sahifalaridan biri bulib qoladi. Bu sahifada bolalarimizni odob bo’stoni, zukkolik dargohiga boshlaydigan, Vatanining mard og’il-qizlari bo'lib o'sishga yo'llaydigan, nafaqat ularni, hatto biz kattalarni ham bolalikning sehrli dunyosiga oshno etadigan materiallarni berib boramiz. Oilada bola podsho bulsa, keksalarimiz xonadonimiz piri. Demak, «Meʻroj adabi» sahifasi ham sizning doimiy hamsuhbatingiz bo'ladi. Muhtasar aytganda bu sahifani necha zamonlardan buyon olam ahlini lol qilib kelayotgan sharq xalq donishmandligi “Saboqxonasi” ga aylantirishga harakat qilamiz. O'smirlarimiz hayoti esa «Balog’at bekati» sahifasida o'z aksini topadi. Sog'lom oila, soglom avlod tarbiyasida mislsiz ahamiyat kasb etayotgan sportni unutib, sportchilarimiz hayotini chetlab o’tib bo’ladimi?! Bu yil sportning bolalar va o'smirlar hayotidagi, oiladagi roli masalasiga ko'proq ahamiyat berishga harakat qilamiz. O'zbekning xonadonini beozor kulgisiz tasavvur etish qiyin. Demak, hajviy sahifamiz bu yil ham sizning xizmatingizda bo'ladi. Albatta u kayfiyatingizni chandon oshirib, mehnatingiz unumiga unum qo'shadi, Degan niyatdamiz. Oilaning nesi ko'p — tashvishi, muammosi ko'p. Lekin ularning ancha-munchasi bir og'iz jo'yali maslahat bilan yechilishi mumkin. Gazeta sahifasidan ana shunday maslahatlarni topasiz degan umiddamiz. Va albatta, sizning talab va istaklaringiz yangi-yangi mavzularda qalam tebratishimizga yordam beradi deb o’ylaymiz. Xullas, “Oila va jamiyatni yangi yilda sizning sevimli oilaviy gazetangizga aylantirishga harakat qilamiz”.