Bu qadar muqaddas bo'lmasdi Ayol!

By Mashrab Boboyev, in 1994

Bir kuni Abdulla Oripov bilan rafiqasi Hanifaxonim suhbatlashib o'tirishgan ekan, gap aylanib hazrat Alisher Navoiyga kelib taqalibdi. Hanifaxonim o'zbek ayoli, buning ustiga serfarzand ona emasmi:Shunday buyuk zot befarzand o’tgana... - debdi achinish bilan.Unday dema, debdi Abdulla Oripov, Ul zotning farzandi ko'p. Mana, men ul zotning o'g'liman...
-Unda men kelini bo'laman, debdi Hanifaxonim.Bu suhbat mutoiba tarzida bo'lsa-da, uning tagida haqiqat yotganini ko'rib turibsiz. Millat namoyandasi sifatida ham, shoir sifatida ham kimgadir buyuk Navoiyning o'g'liman, deyish huquqi beriladigan bo'lsa, bu huquqqa birinchi bo'lib Abdulla Oripov ega bo'lishini bilasiz. Uning shoirlar orasida birinchilar qatorida buyuk bobomiz nomidagi mukofotga sazovor bo'lishi ham bu uzviy bog’lanishning bir ko'rinishi emasmi? Ammo, butun gap Abdulla Oripov emas, Xanifaxonim haqida boradi.Oltmishinchi yillarda bir rus shoiri: “Qizlar, shoirlarga erga tegmang!" deb xitob qilgan edi. Bu gapning haqiqiy maʻnosini shoirlarga, umuman isteʻdodli odamlarga turmushga chiqqan ayollar, biladi. Tangri taolo bu dunyoda hamma narsani teppa-teng, qilib posangisi bilan yaratgan. Isteʻdodli odamga rafiqa bo'lishning mashaqqatiga chidagan ayollargina bunday baxtga musharraf bo'ladi...
-Hanifaxonim baxtli ayol. Xalqning eng suyukli shoiri bilan yostiqdosh bo'lish, unga bir-biridan shirin farzandlar hadya etish, uning shuxratu martabasi nashʻasini surish.. Ayol uchun bundan ortiqroq baxtni tasavvur qilib bo'ladimi?..
Albatta, yuqorida aytilganidek, tarozining pallasi ikkita. Har ikki pallaning yuki bir xil bo'lmasa bo’lmaydi. Sanʻatkor erning tabiiy uy-ro'zg'or, injiqliklaridan, farzandlar tashvishidan tashqari, xorijiy va shu yerlik hamkasblar, arzgo'ylar (bu gapga ajablanmang bor gap) turli martabali boshqa mehmonlar, shogirdu muxlislarni kutib-kuzatishning o'zi bo'lmaydi! Hanifaxonim shuning uchun ham baxtli ayolki, u erining shuhrati yukini xam, bekalik, onalik yukini ham mardonavor ko'tarib keladi!bdulla Oripovning isteʻdodi ham, shu isteʻdod tufayli erishgan martabasi ham xudodan. Ammo,Abdulla Oripovning o'z xalqi huzuriga har doim Abdulla Oripov bo'lib chiqib turishida Hanifaxonimning hissasi katta ekanini inkor qilolmaymiz. Ehtimol, shoir: “Uyda tinchi bo'lsin yigitning avval” satrini Hanifaxonimning ana shu fazilatini ko'zda tutgan holda bitgandir? Hanifaxonimning faoliyati "Alisher Navoiyga kelin“ lik, Abdulla Oripovga ahli ayollik bilangina cheklanib qolmaydi. Uning Mamlakatimiz kelajagi uchun ona sifatida qo'shayotgan hissasi ham beqiyos yurt uchun olti nafar farzand, ko’plab nevara-chevara tarbiyalab berish har kimning ham qo'lidan kelavermaydi.Bu yil xalqaro Oila yili. Insoniyat alohida-alohida odamlardan tashkil topganidek, dunyo ham alohida- alohida oilalardan iborat. Har bir xonadon, har bir oiladagi tinch- totuvlik, osoyishtalik zaminimizningosoyishtaligini taʻminlaydi. Osoyishtalik nimayu, notinchlik nima ekanini bugungi kunda respublikamiz va boshqa mintaqalar misolida yaqqol ko'rib turibmiz. Mehribon ona va buvi, mehmondo'st, g'amxo'r beka, shoirga ahli ayol, binobarin, shoirlar shohiga "kelin" boyxotin - Hanifaxonim o'zining faoliyati bashariy miqyos kasb etayotganini o'ylab ko'rganmikan? Yo'q, u buni o'ylamaydi. Chunki, har bir o'zbek ayoli singari, oddiygina burchimni bajaryapman, deb o'ylaydi. Va to'g'ri ham qiladi!..
Abdulla Oripov "Ayol“ sheʻrini yozganida hali Hanifaxonimga uylangani yo'q edi. Umuman, sheʻr ham butunlay boshqa mavzuda. Ammo, butunlay o’zga taqdirli ayol shaʻniga aytilgan bo’lsa-da, mana bu baxtni Hanifaxonim shaʻniga ham takrorlasa buladi: Shundaylar bo'lmasa agar dunyoda, Bu qadar muqaddas bo'lmasdi Ayol!