Yo'ng'ichkazor oralab tushgan yolg'izoyoq yo'l bir xo'jalikk birlashgan ikki ovulni tutashtiradi.
Yo'ng'ichkazor oralab tushgan yolg'izoyoq yo'l bir xo'jalikk birlashgan ikki ovulni tutashtiradi. Biri "yuqori ovul", ikkinchisi "pastki ovul“. Har tong, “yuqori ovul“ yerlari pastga, xo'jalik markaziga ishga erishadi. Dala o'rtasidagi so'qmoq ularni kuzatib qo'yadi. Har kech ishdan qaytayotgan odamlar yana shu so’qmoqdan o'tishadi. Kunning qolgan vaqtlarida odatda, so'qmoq xuvillab turadi. Yoz. Kun tikkaga kelgan mahalda so'qmoq sukunatini buzganicha, bir ayol bormoqda. Ajin tushgan yuzlarida tushunuksiz bir ifoda qotgan bu ayolni ko'rgan kas dastlab, uni aqldan ozgan gumon qilgulik edi. Qo’liga ko’targan ikki-uch yashar bolasi kiyimsiz, anchayin kir-chir, kunning issig’ida big’illab yig’lab bormoqda. Uni telbavor ahvolga kim soldi va bu telbavor ahvolda qayga bormoqchi, qaergacha bora oladi?!Ular sevishib turmush qurishdi. To’g’rirog’i bir-biriga mayli bor edi. Ular haqiqiy sevgini anglab yetguncha bo'lmay, ikkovini nikohlab qo'yishdi. Ikkalasi ham o'n olti yashar edi, unda. Dastlab yaxshi yashashdi... Keling gapning lo’ndasiga o'taylik. Oradan yigirma yildan ziyodroq vaqt o'tib, erning muomalasi o'zgardi. Judayam keskin. Balki, xotinining o'zidan ko'ra anchayin qarimsiq ko'rinishi, "erta qarib qolgani chindanam unga yoqmagandir (odamlarning aytuvi shul). U o'tgan kunlar davomida xotinidan olgan huzur- xalovatlarni, lazzatlarni unutdi. Shu xotini joni to'qqiz do'zax olovini ko'rib, unga to'qqiz nafar farzand ato etganini xayoliga keltirmadi. Er xotinni kaltaklab turadigan odat chiqardi. Xotin esa, bunga ko'nikdi. Er endi xotinini kaltaklab turish bilangina ko'ngli kunchikmay, qizlariga ham qo’l ko’taradigan bo'ldi. "Ota urgan qiz baxtsiz bo'ladi", deyishadi. Xotini erning bu qilig’ini kutarolmadi. Ko'za kunida sindi. Er bir safar qizlariga qo'l kutarganida, ayolning sabr kosasi toshdi. Endi uni tutib turadigan bardosh qolmadi. Baribir ojizligi pand berdi. Qizlarining yonini olgani uchun eri uni o'lasi qilib do’pposladi. So'ngra hovlida yig’lab o’tirgan ikki-uch yashar bolasini urmoqqa daf qildi: - Nega yig’laysan….
Xotin o'rnidan dast turdi. Ust boshi bir ahvolda, erning qo'lidan bolasini yulqib olgancha ko’chaga otildi. Er orqasidan so'kinganicha qoldi.... Xotin esa, bu payt ikki ovulni bog’lab turadigan so'qmoqning odatdagi jimligini buzganicha xo'jalik markaziga, qishloq kengashiga arz etmoqqa shoshilib borardi... Hah, ojiza!Erining dastlab "feʻli aynigan" mahalda u kechalari somonxonadan panoh topdi. Kechda, eri ishdan qaytar mahali u, bir ko'rpa, bir yostiqni ko'targanicha bildirmay uyni tark etar, ertalab er ishga jo’nagach esa, to'shagini yig’ib bolalari yoniga kelardi. Lekin, bu uzoqqa cho'zilmadi. O’z o'gli, to'ng'ich farzandi uning sirini fosh qilib qo'ydi...
Qo’shnisi mehribon xotin. Unga o'z somonxonasidan joy berdi. Uyda turishga ayolning yuragi bezillar, chunki eri, baribir izlab kelib qolardi. Shunday qilib, ayolning yangi boshpanadagi qo’shnisining somonxonasidagi xufiya hayoti boshlandi. Eri qizlariga qo'l ko'tarayotganini eshitgachgina u, somonxonani tark etdi. Erining yuziga tik oyoq qo'ydi. “ Siz bilan boshqa yashamayman, ro'zgorimni bo’lak qilaman!.." Javoban esa, eri uni mazax qildi, hech qayoqqa borolmasligini aytdi....
To'qqiz nafar farzandidan sakkiztasi qiz. Faqat, to'ng'ichigina o'g'il. Shu narsa ham erning noroziligiga sabab bo'lgandir?... Qaydam. Lekin, er o'sha birgina o'g'lini ham suymasdi. Atrofni qoplagan mehrsizlik buluti bola ongini xiralashtirdi. Qolaversa, qush uyasida ko'rganini qiladi.... Bola ham onasidan hayiqmaydigan, kezi kelsa, onasiga qo'l ko'taradigan bo'lib qoldi....
Mana, tikkaga kelgan yoz quyoshining ayovsiz tig’lari ostida ayol so'qmoqning odatdagi jimligini buzganicha, bolasini bag’riga bosib shoshilib ketmoqda... Shu dam uzoqdan, so'qmoq boshida yana bir qora ko'rindi. Bu eshagini tezlab kelayotgan, otasining topshirig’ini diliga tukkan to'ng'ich farzandi og’li edi. So'qmoq boshida uynab o'tirgan ikki yosh boladan u dagdaga bilan suradi:
- Hoy, anuv ketayotgan bizning “mamashka“mi, ko'rdinglarmi? - Ha-a...
- Hissiz o’g’ilning talaffuz oxangidan, onasiga bemehrligidan gantiganicha qolgan ikki bolani ortda qoldirib, u onasiga yetib oldi...Yung’ichkazor oralab tushgan yolg’izoyoq yo’ldan hozirgina o'tib ketgan ayol iziga qaytib ketmoqda orqasida esa, mushtini o'qtalg'an o’g’il onasini so'kib bormoqda edi... Bu so'qmoq endi to odamlar ishdan qaytguniga qadar huvillab turadi.