Ayol – O’z-o’ziga tilsim

By Yusuf Xudoyqul, in 1994

Borlikni mukammal holatga keltirgan barcha narsada xayotning davomiyligini ta’ minlovchi urug'lik va urug'lanuvchi mavjud. Tabiatdagi bu ikki mavjudlik qabul qilguvchi va taʻsir etguvchilar jumlasidandir. Tasavvuf peshvolari urug'likning boshlanish nuqtasini moddiy olam hamda o'simliklar dunyosida ko'radilar. Sodda, yuzaki ko'rinishi erkaklik va ayollikdan boshlanadi. Alloh avval Odam Atoni yaratdi. U Allohga yaqin bo'ldi. Momo Havo Odam Atoning ehtiyojini qondirish uchun yaraldi. Shuning uchun u olamga, yaʻni dunyoga yaqin lashdi. Eslang: Odam Ato yaratilgach farishtalar bilan jannat bog'larini sayr etdi. Lekin farishtalar unga borliq ilmin o'rgatsalarda, ko'zga ko'rinmas edilar. Odam Ato zerikdi. Va bir daraxtning soyasida qattiq uyquga ketdi. Maʻlum vaqtdan keyin uyg'onsa, yonida o'ziga o'xshash xushbichim mahliqo gullar terib yuribdi. U yoniga chaqirdi. Momo Havo kelmadi. Sabri chidamay o'zi bordi. Shunda Allohdan vahiy keldi: Ey bandam, senga hamdam, tan mahram yaratdim. Sen sabr qilmading. Bir oz toqat qilganingda Momo Havoning o'zi yoningga kelardi. Endi sizlardan meros qoladigani: erkaklar ayollarga borguvchilardan bo'lgay (Rabg'uziydan). Hikoyatdan maʻlumki, ayol o'ziga eʻtibor qaratishni istovchi, so'fiyona aytganda dunyoga havasmand. Lekin o'zining nozik tabiati bilan Alloh ilmini tez qabul qilguvchidir. Lev Tolstoy «Anna Karenina» asarida: ayolning asosiy vazifasi erni hamisha ulug’ ishlarga undash, oilaning ichkiahvolini muqobillashtirish va farzandlarini odobli-axloqli qilib tarbiyalashdir, deydi. Rabg'uziy qissasida esa Odam Atoning jannatdan quvilishiga sabab Momo Havoning taqiqlangan narsani isteʻmol qilishga undashi ekanligi aytiladi. Hatto Hobil bilan Qobil o'rtasidagi qonli to'qnashuvga ham ayol sabab bo'lganligi ko'rsatiladi. Yuqoridagilarni keltirishdan maqsad, oilaning mustahkamligi, farzandlarning kamoli avvalo ayolga bog'liq ekanligini eslatishdir. Tasavvufda faylasuflar: - erkak sifat ayollar, ayolsifat erkaklardek tabiiy emaslar, Fikrlashda, so'z ila taʻsir etishda, qilajak ishlarida har ikkalasi ham avval erkaksifat, so'ng ayolsifat bo'lsa maqbuldir, deyishgan. Ammo ayol har qanday ishning boshini tuta bilsada, xaqiqiy oilaparvar, ayoldan, haqiqiy onadan ustun bo'lolmaydi. Inson kamolotining so'nggi nuqtasi Haqqa yetishmoqdir. Suluk sahrosida gul axtargan yo'lovchi manan yulduzlar bilan sirlashadi. Ammo har nechuk harakatning ibtidosi oiladan boshlanishini unutmaslik lozim. Oila qasrining ikki eshigi mavjudki, biridan farzand zulmat quchog'idan nur istovchilar qatoriga qo'shilsa, ikkinchisidan foniy lazzat quchog’ida balchiq kechib, qorni uchun yashayotganlarga borib qo'shiladi. Ikki eshik oralig’ida arosat manzili makon tutganki, unda qolganlar o'limga mahkumlardir. Tasavvuf ulamolari farzanddagi xulq-atvor, harakatidagi xususiyatlar otaga nisbatan onadan ko'proq yuqadi, deyishadi. Alloh taolo yorug' dunyoga ranjida qilgan go’dakning ilk rizqini onalar siynasida yaratganligi ham bejiz emas. Qarang, bu rizq go'dak hali dunyoga kelmasidanoq bor edi. Har bir ota-ona o'z bolasi solih farzand bo'lishini istaydi. Lekin har doim xam uddasidan chiqavermaydi. Nega? Bizningcha, maktab borib ilm o'rganishdan qochib, uyiga bir xurjin o't olib kelgan, yoki kimningdir mashinasini yuvib pul topib kelgan bolaning boshini silash, ilmga munosabatini so'ndirish bilan barobardir. Chunki, bolaga ilm o'rganishdan ko'ra yuqoridagi narsalarni bajarish afzaldek tuyuladi, sababi ota- ona buni rag'batlantiradi. Tasavvuf falsafasida: Inson o'zini bu hayotda barcha narsaga muhtoj his qilsa, uning sadaqa so'rovchidan farqi qolmaydi. Zotan, u yolg'iz Tangridan bo'lak hech narsaga muhtoj emas. Alloh bergan umrni, rizqni mensimasdan ortiqcha to'kin-sochinlikka rujuʻ qo'yish dilni o'ldiradi, deyiladi. Sadaqa so'rovchi ota-ona avvalo o'z farzandlarining kelajagini sadaqaga olguvchidir. Ilm insonni kamolotga etkazadi, ilmsizlik esa tubanlikka eltadi. Ilm ruhiy-maʻnaviy mashg'ulot. Mehnat jismni chiniqtiradi xolos. Bu ikkisi biriksagina insona komillikka erishadi. Bi- Alimsiz ishbilarmonlik mevasiz daraxtning yetilishidek gap. Ayol o'zining betakror xulq-atvori bilan o'z-o'ziga tilsimdir. Odam Atoga jannatda taqiqlangan narsa bug'doy edi. Momo Havoning qistovi bilan edi va jannatdan quvildi, lekin bug'doy kelajakda Odam Ato avlodining asosiy ozuqasiga aylandi. Shunday bo'lishini Momo Havo bilganmidi? Albatta, yo'q. Yoki bobokalonimiz sohibqiron Amir Temur zavjai halollari Saroymulk xonimdan maslahat olarkanlaru, ammo bajarishga kelganda teskarisini qilarkanlar. Ayol o'zgalar uchun anglab bo'lmas xilqat, shu bilan birga o'zi uchun ham sirli mavjudot. Ha, Alloh taolo Odam Atoni avval yaratdi, u halifalardan bo’ldi. Momo Havo Odam Atoning chap qovurg’alari yaraldi va botiniy olamdan zohiriy olamga yaqinlashdi, -sodda qilib aytganda ular ikkisi oila bo’lib birikdilar. Oilaning ustuni erkak esa, ostonasi ayoldir. Ustunsiz ostona bo'lmaganidek, ostonasiz ustun bo'lmas. Farzand ostonadan boshlangan uyning ko'rki, chechagi, ustunning quvvati, hayotning davomiyligidir.