Jimlik

By S. SAIDOV, in 1992

u berilib doira chalganda eng avval... o'zi maza qiladi. Zarb, harakatning zo'ridan barmoqlari ko'rinmay ketadi go'yo, go'yoki qandaydir ko'rinmas kuch qo'llarini doiraga sehrlab qo`yganday, tuganmasday tuyulguvchi zarblar aro u o'zini unutadi, suv bo'ladi, sel bo'ladi. Shu chog`da silkinayotgan yelkalari qapishgan, hozir yoyilib, ochilib ketguvchi qanotlarni eslatadi.
- Yor-do'stlari uni Elim deydi shogird ukalari esa Elim aka deb murojaat qiladi. Ayasi uchun esa u bolaginam. Dovrug`i ancha- muncha joylarga borgan, bir zamonlar Jahon Yoshlari festivali degich gaplar bo'lardi, u shunday olamshumul ko'riklardan birining sovrindori (Gavana, 1978 yil). Yana xizmat ko'rsatgan san`atkor, yigirma yildan buyon o'z kasbini xor qilmay kelayotgan ishtiyoqmand, serixlos bir yigit. Un yillardan buyon O'zbekiston Xalq hofizi Sherali Jo'raevga «o'ng qo'l vazir». Rasmiy ismi-sharifi Elmurod Islomov, ko'ngli ham, chehrasi ham ochiq. Uch farzandning otasi. Volidasi Zulfiya aya oilalari hamda Elyor, Eldor, E`zozjonlarni e`zozlab, oilada tinchlik, yurtga osoyishtalik sog'inib yurgan bir fuqaro, 1959 yilda Toshkentda tug'ilgan. Eng yaxshi ko'radigan go'shasi ishchilar shaharchasi, shu yerda o'sdi ulg'aydi, qo'ni- qo'shnining, odamlarning mehrini ko'rdi, oq-qorani tanidi. To'rt yoshida judolikni ko'rdi, ayasi uni tarbiyaladi, ko'ngliga ham, ko'ziga ham gard qo'ndirmay, katta qildi. Endilikda u nomi ketgan doirachi, ustozlari To'ychi Inog`omov, Gofir Azimov, o'z akasi Dilmurod Islomovlarni mehr bilan tilga oladi, shukrona aytadi. Uning ham o'z o'y- kechinmalari, orzu- niyatlari, dunyo qarashi bor. Millat dardi, milliy ma`naviyat muammolari yuzaga qalqqan bir zamonda Elmurod bilan bo'lgan gurungimiz ham aynan shu doiradagi gaplar bilan boshlandi. Mana, millat, mustaqillik deyapmiz. Xo'sh, san`atda u nimalarda ko`rinayapti! Ming afsuski, maqtanolmaymiz. Ilgarilari chavandozning qamchisidan ham bilinib turgan, milliy g'urur, aytarlik so'ngan. Yozuvda ham, nutqda ham, turmushda va ayniqsa san`atda. To'g'ri, har bir san`atkordan «Navruzi Ajam»ni talab qilib bo`lmaydi, lekin... San`atda shaldir- shuldir ko`payib ketdi... Son- sanoqsiz kuylar qayerdan chiqib, qayoqqa ketayotganini bilmay qolasiz.
- Men fonogrammani yo'qotish tarafdoriman. Milliy g'urur xususida gaplaringizga qo'shilaman. Eng arzimagan, mayda narsalarni olaylik. Mana, keyingi paytda bozor munosabati bilan, oynayi jahonda reklamalar ko'payib ketdi. Targ`ibot jarayonida bironta o'zbekcha musiqa yo'q. Ovrupona kuylar bilan milliy korxona va yo buyumlarii targ'ib qilib bo'ladimi! O'zingiz o'ylang: shunday reklamalar milliy musiqalar jo'rligida berilsa qanday yaxshi. «Efirda «Kamalak» radioklubi» deb eshitamiz, ketidan yangrayotgan gijinglagan kuydan esa yoqa ushlaymiz. Men doyrani shuning uchun yaxshi ko'raman. Unda, masalan, Betxovenning sonatasini chalib bo'lmaydi.....
- Ma`qul. Bizning muddao asli muammolari kovlashtirish emas, siz bilan orom kursiga cho'kib dildan bir gurung qilmoq edi, lekin sizni ko'pchilik biladi,ko'pchilik sanatkor sifatida biladi. Masalan, uyda, uy ichidagi holatlar, oila, turish- turmush deganday...
- Oilani men onamlarsiz tasavvur qilolmayman. Keyin bolalar, rafiqam Malikaxon. Hammamiz tinch- totuv. Bu endi, yeb -ichib yuribmiz, deganim emas. Tashinshlar, yumushlarimizni birgalashib, onamni maslahatlari bilan hal etamiz. Yurt yutuqlari ham oilalarning yutuqlari bilan bog'liq deb o'ylayman.
- Qachon hursand bo'lasiz! Onam xursand bo'lganlarida. Yaxshi ko'rgan taomingiz nedir!
- Achchiq choyga obi nonni bo'ktirib yeyish.
- Farzandlaringiz kim bo'lishiniistaysiz!
- Kim bo`lishidan qat`i nazar, to'g'ri halol pokiza bo`lsin. Kasbning yomoni yo`q,keyin o`z kasbini xor qilgasn odamda kamolot bo`lmaydi. Hozir qaysi qo'shiqni eshitgingiz kelyapti. To'rt satr ayting. - Sog'insam otajonim Izlayin qayerlardan!
Sog`insam nur jahonim Izlayin qayerlardan!
Hovlimiz sahnasida Izlari qolganmikin!..
Elmurod uh tortadi. «Yaxshiqo`shiq, — deydi. — Sher akam aytganlar...»
(Jimlik. Mavzuni o'zgartirish kerak).
- Bir to`yda mehmonlarga, ayniqsa xorijdan kelgan o'zbeklarga ma`qul bo'lgan manzara - shogirdlaringizning yalpi chiqishi bo'ldi. O'zimiznikilar ham ancha hayratlandilar. O'sha epchil yigitchalar haqida gapirsangiz. Ular 300 nafardan ko'p deyapsiz. Haqiqatan ham, ular shuncha bor… Hammasi ham kelajakda yaxshi san`atkorlar bo`lib yetishishlariga ishonaman. Faqat.... shu bolakaylar kasbini, ixlosini hurmat qilsa, qolaversa meni deb mashg'ulotlarga kelayotgan bo`lsa, bir istagim bor: aval onasini hurmat qilsin, aslo dilozorlik qilmasin! Yaxshi bo'lishi kerak. Maruf Azimov, Murod Nosirovlardan, taltayib ketmasa, zo'r san`atkor chiqadi. Buyog`i yana o'zlariga bog'liq. G`urungni shu yerda to'xtatamiz. Gap ko`p, lekin ko`p gap quloqqa yoqmasligini bilib suzni muxtasar qilganimiz durust. Xullas, yurtda Elmurod Islomov degan doyrachi bor. U san`atda nimagaki erishgan bo'lsa o'z mehnati, intilishiyu ixlosi birlan erishibdir. Hammaga ham shunday ishtiyoq yor bo`lsin. Albatta, doyra bilan elning qornini to'yg'azib bo'lmaydi. Lekin el deganning to'yi bor, yaxshi kuni bor. To`yda doyra yangramasa, u to`y bo`lmay qoladi. Doyrachi bo'lmasa agar.... Bilasizmi, doyrachi bo'lmasa nima bo`ladi! U bo`lmasa usta san`atkorlar ham o'ng qulog'i kesilganday bo`lib turaveradi.