UY XIZMATKORI

By Shahlo AHROROVA., in 2020

Kechagi kamlik qildimi, Nazir har galgidek, tongdanq yana xotiniga zahrini sochdi. Aslida tilu-diliga tez- tez yig‘ilib turadigan zaxrining bugun ham to‘planib, yana to‘p- to‘p bo’lib sochilishiga sabab bor. Nazir tadbirkor, bir necha yildan beri poytaxtdan, ba’zan esa chet eldan tovar keltirib, markaziy bozordagi bir necha sotuvchilarga qatorasiga tarqatadi. Har gal tovarga ketayotib, ulardan sotilgan mollarining pulini yig’ib oladi. Anchadan beri poytaxtda Temur degan tadbirkor bilan hamkorlik qiladi - boshqalarga nisbatan arzonroq bergani uchun shu yigitdan tovar olib turadi. Kecha ham Temur bilan qo‘ng‘iroqlashib, bir qancha turdagi kiyim- kechaklar olib kelishga kelishib olishgan. Ammo tarqatgan mollarining pullari u kutgandan ikki barobar kam yig’ilibdi. Bu degani, Nazir Temur chet eldan keltirgan sara mollardan o‘zi kutgancha olib kela olmaydi.
Xotini esa, erim bitta paypog‘ini topolmaganiga shunchalik jig‘ibiyronmi, deb hayron, aslida hayron bo‘lmasa ham bo‘ladi: eri hamisha arzimagan sabab tufayli to‘polon ko‘tarib, uni bir ishga yaramaydigan, uyda o‘tirgan bekorchi ekanini ta’kidlay- ta’kidlay chiqib ketadi. Ayolining esa hamisha ko‘ngli og‘rib qoladi, nima qilsin, ko‘z ochib ko‘rgan eri, chumoliday tinim bilmay, pul topib keladi, ro‘zg’orni to‘la- to‘kis qilib qo‘ygan, yegani- yu kiygani oldida. Ammo ayol ham erta- yu kech tinim bilmaydi, ro‘zgor, undan tashqari, tinimsiz erining mehmonlarini kutadi. Eri mehmondo‘st, qo‘li ochiq odam, ammo xotinining qilgani hech ko‘rinmaydi. Bugun ham shunday bo‘ldi.
- Paypog‘imni joyiga qo‘yib qo‘ysang o‘lasanmi?
- Joyida-ku, dadasi, yaxshiroq qarang, kichik o‘g‘lini bog‘chaga tayyorlayotgan xotini javonga imo qildi.
- Qani, joyidaligi? Qiladigan ishingning tayini yo‘q, yana bidirlab gap qaytarasan!
Xotini erining battar tutaqib ketishidan cho‘chib, yugurib keldi va javonni ochib, erining taxlanib turgan ichki kiyimlari orasidan paypog‘ini olib berdi. Ammo, eri shu bilan ham bosilmadi.
- Yuzaga qo’yish kerak edi, nodon! Bir ish qo‘lingdan kelmaydi! Ertadan- kechgacha bekor o‘tirasan, shu kiyimlarimni ham tayin qilib berolmaysan.
- Nega unday deysiz, dadasi?.. Sizniyam, bolalarniyam... - cho‘chibgina gap boshlagan xotinining «xizmatlaringni qilaman-ku», degan so‘zlari og’zida qolib ketdi.
Nega unday deyman? Malikaday ta’minlab qo‘yganimdan keyin qilasan- da, xizmatimni! Men bilan savdoga borib keladigan ayollar bor: Ko‘chaning ishiniyam, uynikiniyam qotirib qo’yibdi! Sen uyda o’tirib bir narsani eplamaysan. Ro‘zg‘or bilan bolaga qarashdan boshqa nima ishing bor o‘zi? Yana menga gap qaytarasan!
Xotini boshqa «gap qaytarmadi». Biladi, bitta gapirsa, o‘nta javob oladi. Undan tashqari, uzoq yo‘lga otlanayotgan erining oshiqcha asabiylashishini istamadi.
-Mayli, dadajonisi bilmabman. Uzr. Asabiylashmang, maylimi, ayol erining kiyimidagi changni qoqqan bo‘ldi, bahonada sal yelkasini silab qo’ydi.
Nazir sal hovridan tushganday bo‘ldi-yu ammo shunda ham nimanidir mingirlab, norozi qiyofada chiqib ketdi.
Oldindan qo‘ng‘iroqlashib, Nazir Temur bilan vokzalda ko‘rishdi. Temurning mashinasiga o‘tirib yo‘l olishdi. Ketayotib, Temur gul bozori yonida to’xtadi va guldasta ko’tarib chiqdi.
- Kimningdir tug‘ilgan kunimi? so‘radi Nazir.
- Yo‘q, kecha safardan keldim. Har gal kelganimda, xotinimga gul olib kiraman. Kecha kech qaytib, ololmagandim.
-Har gal kelganingizda- ya?
- Ha. Aslida, har kuni gul olib borsak ham arziydi ularga. Ular bizga borini bag‘ishlaydi. Biz ularga bitta gul bersak nima bo‘pti!
Nazir indamadi.
Ertalabki qo‘polligini esladi. Ha, uning xotini odmigina, gul olib borganniyam tushunmasa kerak.
«Temurning xotini birorta nozik ishda ishlaydi, didi nozik bo‘lsa kerak. Ehtimol aktrisa yoki pianinochimi, shunga o‘xshagan..... Yo uyida biror tadbirkorlikni yuritarmikan?» - Nazirni har kuni gul keltirib berishga arziydigan xotinning kimligi qiziqtirib qoldi. Borsam, ko‘raman- ku, o‘yladi u.
Ularni hashamdor uyning darvozasi oldida odmigina, istarasi issiq juvon kutib oldi.
- Yaxshimisiz, kennoyi? - so‘rashdi Nazir.
- Bu kennoyingiz emas, uy ishlarida ko‘maklashib turadilar..
«Uy ishida ko‘maklashadigan odam yollagan bo‘lsa, demak yanga haqiqatan ham biror tadbirkorlik bilan shug‘ullansa kerak», -hayolidan o‘tdi Nazirning va gul egasini ko‘rishga orziqa boshladi.
Boyagi juvon ularni mehmonxonaga boshladi. Dasturxonga ovqat tortildi hamki, gul egasi bekadan darak yo‘q edi.
- Kennoyimning qo‘llari shirin ekan, - dedi Nazir ovqatdan totib. - Yo‘q, buni oshpazimiz pishirgan. Nazir dim qotdi. Ovqat pishirmasa, ro'zg’or qilmasa, kim ekan, bu beka?
- Assalomu alaykum. Eshik ochilib, yetti- sakkiz yoshlar chamasi bolani yetaklagancha, hushbichim juvon kirdi. - Qani, Anvarjon, mehmonga salom beringchi.
Assalomu- alaykum! — qo‘lini ko‘ksiga qo'yib salom berdi bolakay.
- Voalaykum assalom. O‘qishlar yaxshi bo‘ldimi, o‘g‘lim?
- Yaxshi, dada. Bugun besh oldim! Barakalla, o‘g‘lim. Endi borib, kiyimingizni almashtiring.
Juvon bolani yetaklab, chiqib ketdi. - Bular kennoyimmi? so‘radi Anvar betoqatlanib.
- Yo‘q, bu - enagamiz. Kennoyingiz Do‘konga chiqqan ekan. Hozir kelib qoladi.
- kennoyim nima ish qiladilar?
- kennoyingiz biror ishda ishlashiga hojat yo‘q. U men uchun eng katta ishni qilib qo‘ygan qarang. Shunday shirin bolalarni tug‘ib berib qo‘yibdi. Ketayotganimda shirin tabassum bilan kuzatadi. Kelganimda chiroyli kiyinib, ochiq chexra bilan kutib oladi. Uni ko‘rsam, dilim yorishib ketadi. Bundan ortiq nima ish qilib bersin?!
Haqiqatan ham bir oz o‘tib, chiroyli kiyingan, yasangan beka kirib keldi. Xonaga hushbo’y atir hidi taraldi. Beka eri keltirgan guldastani olib. minnatdorchilik bildirdi. Nazir esa bekaning oppoq qo‘llari, zeb berilgan tirnoqlarini umrida yog‘upa surtmagan xotinining qo‘llari bilan solishtirgancha, hayoli bugun ertalab, sen hech ish qilmaysan, takasaltangsan, deya koyib kelgan xotiniga ketdi....
Nazir tovarlarini mashina yollab jo‘natdi-da, o‘zi poytaxtdan qaytiboq, tuman markazidagi gul do‘koniga yugurdi.
- Mening... uy xizmatkorimga bitta chiroyli guldasta bering... Yo‘q, yaxshisi bir dasta atirgul bering...
- Marhamat, gul sotuvchi unga atirgullar saralab berdi.
- Endi, oshpazimga ham shuncha gul bering!
- Yana kimga so’radi sotuvchi «oshpaz»ga ham gul saralab berarkan. - Bolalarimning enagasiga... Nazirning quchog’i gulga to‘ldi. - Xotiningizgachi?
- Unga ham... eng chiroylilaridan bering...
Nazirga eshik ochgan xotini hayron bulib qoldi. Nazir eshik oldida bir quchoq gul bilan unga jilmayib qarab turardi. Ayol hech narsani anglab ulgurmay, uning poyiga atirgullar to‘shaldi...
- Xotin... bular senga.