ShARQONA MЕHMONDO`STLIK
O'zbek xalqiga biron nisbat qo'shib aytiladigan bo`lsa albatta, mehmondo'stligi alohida ta`kidlanadi. Bu bejiz emas. Chunki mehmonni kutib olishdan to izzat-hurmatini bajo keltirib, kuzatib qo'yishgacha bo`lgan qadimiy an`analarimiz bunday ta`rifning naqadar haqqoniy ekanligiga guvoh.
Biroq keyingi vaqtda mehmondo'stlik so'zi azaliy mohiyatini yo'qotgandek tuyuladi menga. Jamiyatimizda yuz bergan qator o'pirilishlar, millat tabiatiga mutlaqo yot udumlar mehmon kutish madaniyatimizga ham shunday ta`sirini o'tkazdiki, oqibatda sun`iylik vujudga keldi. Faqat tashqi ko'rinishgagina zo'r berish Har narsaga yuzaki, hatto loqayd qaraydigan bo'ldik. Xonadonimizga kelayotgan kelin dastlab shampan vinosining «guldirosli sadosi» ostida kutib olinadigan bo'ldi. Rasmiy doiralarda esa mehmonni non – tuz bilan qarshi olish odatga aylandi.Non-tuz buyuk ne`mat. Har qanday mehmonni ushbu ne`matlar ila siylash ham qarz, ham farz. Lekin oddiy, insoniylikka xos bo'lgan bunday muruvvatni ko'z-ko`z etish, unga rasmiy tus berish Sharqda udum hisoblanmagan. Qolaversa, atlas liboslarda tovlanib, nomahram mehmonga tavozo etishlar ham ibo pardasiga o`rangan Sharq ayoli uchun zid, deb qaralganligi ma'lum.Insonning kasbi kori, tutgan mavqeidan qat`iy nazar, hatto prezident bilan oddiy fuqaro o'rtasida ham mehmon sifatida qandaydir chegara belgilab qo'yilmagan. Mabodo shaxslar orasida bunday tafovut paydo bo'lar ekan, albatta u kishilarni tabaqalashtirib qo'yadi, mezon buziladi. Natijada adolatsizlik vujudga keladi. Muayyan shaxslarninggina manfaati himoyaga olinadi va nihoyat jamiyatning ma`naviy yemirilishiga asos bo'lishi mumkin.Tabiat qonunlarida o'zgarishga mahkum etilmagan narsa yo'q deymiz. Har bir davrning o'ziga xos o'zgarishlari, yangicha an'analari paydo bo`lishi tabiiydir. Shuningdek mehmon kutishning yuqorida tilga olingan jihatlari ham kimlar uchundir zamonaviylik ramzi bo'lib ko'rinishi mumkin.Ma`naviyatimizning shakllanishi va taraqqiy etishi uchun bizda nihoyatda boy manba mavjud. Bu tarix. Faqat unga johilona nazar bilan emas, balki kamoli ehtirom bilan yuz bursak bas. Shundagina mohiyatni anglab yetsak ne ajab?!