YAXSHILIK HECH QACHON ESDAN CHIQMAYDI
Bu voqeaga necha yillar bo‘lgan bo‘lsa- da, hozirgacha o‘sha odamni izlayman. Qilgan beminnat yaxshiligi uchun minnatdorchilik bildirib, raxmat aytgim keladi. Talabalikning ilk yillari edi. Hali poytaxt ko‘chalarini yaxshi bilmasdim. Talabalar turar joyi va o‘kish Binomizgacha o‘rtacha taksida uch ming sumlik yo‘l edi. O‘sha kuni negadir ishlarim ko‘payib darsga kech qolayotganim uchun taksi to‘xtatishga majbur bo‘ldim. Yenimga yoshi chamasi ellikka yakinlashib qolgan, boshqarayotgan mashinasi andak eskiroq bir amaki kelib to‘xtadi. Shoshganimdan borar manzilimni tushuntirdim- u narxini ham aytmasdan mashinaga o‘tirdim. Amaki tinmay soatga karayotganimdan sezibmi, tezrok xaydashga harakat qilardi. Men bo‘lsa, qopday keladigan sumkamdan hamyonimni izlash bilan ovora edim. Manzilga yetib kelgach:
Amaki, uch ming so‘m bersam bo‘ladimi? - deb so‘radim shoshilib.
Ikki ming bersangiz ham rozi bo‘lib bering, qizim, - dedilar mashina peshtoqidagi oynadan ko‘z yugurtirib. Mening esa xayolim parishon edi. Talabaga taksilarning ming so‘m kam aytgani xam bayramda, xursandligimdan ikki ming so‘m uzatdim-u rahmat aytib fakultetim tomon oshikdim. Darsdan so’ng amaliyot o‘tash uchun matbuotchilar uyiga borardim. Shubhasiz, u yerga Hujjatsiz kiritmasdi. Sumkamni qancha qaramayin pasportimni topolmadim. Talabalar uyiga kelib xamma joyni izladim, baribir topilmadi. Kaerga qo‘yganimni, kimga berganimni eslolmasdim. Tartibsiz ekanligimdan rosa yigladim, xonadosh qizlarimiz xam dardimga sherik bo‘lishar, biri kayta pasport to‘g‘irlashning jarima puli haqida gapirsa, yana biri ko‘plab Hujjatlar ketishini aytardi. Xullaski, o‘sha kecha aqlimni bir joyga qo’yib izlashga tushdim. Baribir topilmagach, kushni xonadosh qizlar folbinga borishni ham tavsiya qildi. Negadir folbinga hech ishonchim yo‘q edi. Nima bo’lsa ham uydagilarga aytmay turishga harakat qildim. Oradan ikki kun o‘tmay qo‘ng‘iroq qilgan onam bir kulimsirab, bir g‘azablanib gapirardi:
- Toshkentda nimangni yo‘qotib qo’yding, qizim? - dedilar hazilomuz ohangda.
- Aniq yo‘qolganini bilmayman. Ammo tez orada topaman, ona deyman dovdirab. - Hozirgina pasportingni mahalla posponi berib ketdi. O‘zingni sog’ingandim. Hech bo‘lmasa hujjating kelibdi- da, dedilar kulimsirab. «Qachon?», qanday bordi sizlarga?», «kim olib bordi?» deya bergan to‘xtovsiz savollarimga onam bir boshidan javob bera boshladi.
- Qizim, taksida yo‘qotib qo’ygan ekansan. O‘sha kishi bir qog’ozga xat yozib, sening turar manziling bo‘yicha tumanimiz IIB binosiga Toshkentdan pochta qilib jo’natibdi. Senga yetkazib berishlarini tayinlab yozibdi. Keyin mahallamiz posponi yigilishga borsa, «sizning xududingizda istikomat qilar ekan, egasiga yetkazib bering», deb berib yuborishibdi. Shunday kilib bugun pasporting kirib keldi- da,-dedi. Mening esa hayratim yanada oshib borardi.
- O‘sha taksichi kim ekan? Telefon rakami bormi? Suyunchi puli berishimiz kerak- ku? - dedim shoshganimcha.
-Mana senga xatini o‘qib eshittiraman, - deya onam bir parcha qog‘ozni ochishga urinardi.
«Hurmatli Jizzax tumani (hozirgi Sharof Rashidov tumani) IIB bo‘limi. Ushbu pasport mening mashinamda Toshkent shahar ko‘chalarida tushirib qoldirilgan. Egasini tanimayman, qaysi manzilda tushib qolganini ham eslolmayapman. Iltimos, egasiga yetkazib beringlar. Hurmat bilan, taksichi!»
Maktubni eshitib quloqlarimga ishonmadim. O‘sha payti birdaniga o‘qishga shoshib ketayotganimda taksiga o‘tirganim esimga tushdi. Afsuski, amakining yuzini yaxshi ko‘rmagandim. Faqat bir savol meni judayam qiynardi. Axir Toshkentdan Jizzaxga pochta yuborish eng kami besh ming so‘m turadiku, deyman o‘zimga o‘zim. Axir men taksichiga og‘rinibgina ikki ming so‘m bergandim. Hech bo‘lmasa, raqamini qoldirmaganidan jahlim chikdi. Ammo Bu kabi mehribon, saxovatpesha insonlar kilgan yaxshiliklari ortidan manfaat kutmaydilar.
Ba’zida dugonalarimning biror narsasi yo‘qolsa, topib olgan kishi falon so‘m suyunchi puli so‘rayotganini eshitib qolaman. O‘sha yo‘qotgan narsasi azizligi uchun pulning qiymatini ham hisoblamay beraverishadi. Meni esa ko‘z oldimdan o‘sha oliyjanob amakining qilgan ishi hecham ketmaydi. Hayotda shunday insonlar bor ekan, ularning qilgan yaxshiligi uchun sen ham boshqalarga mehr qo‘lini cho‘zging keladi. Hozir ham o‘sha odamni uchratib qolishni istayman. Rahmat sizga yaxshi odam, degim keladi.