Bosh vazir o’rinbosari ajoyib yangilikni e’lon qildi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan endi Davlat boshqaruvi organlari rahbar lavozimlariga xotin-qizlar ham tavsiya etiladi. Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʼrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʼmitasi raisi Tanzila Narbaeva bu xakida "Facebook" ijtimoiy tarmogidagi sahifasida maʼlum qildi.
- Аjoyib yangilikni sizlar bilan oʼrtoqlashmoqchiman, - dedi T.Narbaeva. - Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan endi davlat boshqaruvi organlari rahbar lavozimlariga xotin-qizlar tavsiya etiladi.
Bugungi kunda Qoʼmitamiz tomonidan rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish uchun 3 mingdan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilgan.
Biz ayollarning ushbu sohada salohiyatini yanada oshirish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Fevraldan eʼtiboran Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy boʼlinmalarida oʼquv kurslari joriy qilinadi.
Ushbu uzoq kutilgan yangilik biz uchun gender tenglikni taʼminlashda jiddiy qadam boʼlib xizmat qiladi.