Bolalar salomatligi-himoyada

By Zilola Rahmonova, …, in 2017

Andijon shahridagi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi. Tungi navbatchilikdagi shifokorlar sergak. Tun yarmidan oqqanda taxminan 6-7 yoshlar chamasidagi bolani og‘ir ahvolda olib kelishdi. Bolajon tinmay qornini ushlab yig’lar, harorati yuqori edi.
Shifokor uni tekshirdida, darhol jarroxlik xonasiga olib kirishni, operatsiyaga tayyorlashni buyurdi. Ko‘richak ekan. Ko‘p o‘tmay bola og‘riqdan qutuldi. Jarrox yengil tin oldi. Garchi, bugungi navbatchiligi biroz og‘irroq kechgan bo‘lsa- da, oqsayotgan bolajonlarning yuzlariga boqib kasbi mashaqqatlarini unutadi.
Toxirjon Rasulov qobiliyatli jarroh. Ayni kunga qadar necha-necha bemor bolajonlarning dardiga shifo beroldi. U kabi fidoyi, jonkuyar, har bir bolani o‘z farzandidek qabul qilib parvarishlaydigan shifokorlar Andijonda juda ko‘p.
Bugun viloyatda bemor bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi 1ta yuqumli kasalliklar shifoxonasi, 16 ta tibbiyot birlashmalarining bolalar yuqumli kasalliklar bo‘limlari, 17 kup tarmoqli markaziy poliklinika, 3 dispanser, 17 tibbiyot birlashmasining somatik va neonatologiya bo‘limlari, bitta RSHTYoIM Andijon filiali mavjud.
- Farzandlarimizning sog‘lom, barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha imkoniyatlarimiz yetarli,- deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Boshlig’ining onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha o‘rinbosari Gulnahor Abdullaeva. - Sog‘ tanda sog‘lom, ilg‘or fikr bo‘ladi. Bitta bemor bolaning oyoqqa turishi ota- onasi uchun qanchalik muhim bo‘lsa, biz shifokorlar uchun ham shunchalik zarur. Bugun viloyatda bir yoshgacha bo‘lgan bolalar 59 ming 890 nafarni, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar 285 ming 954 nafarni, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar 499 ming 627 nafarni tashkil qilishini hisobga olsak, ularda uchraydigan kasalliklarga qarshi kurashishning dolzarbligi ko‘zga tashlanadi.
Dunyoga endigina kelgan chaqalok bilan birga oilaga quvonch, baxt kirib keladi. Turmush rishtalarini mustahkamlaydi jajji go‘dak. Ammo u bir oh tortsa, ming joningiz halak bo‘ladi. Halovatingiz yo‘qoladi. Nigohlaringiz umid bilan shifokorga javdiraydi... Ana shunday mas’uliyatni zimmasiga olgan viloyatdagi 531 nafar pediatr, 121 nafar neonatolog, 4414 nafar tor doiradagi mutaxassislar, 1278 nafar umumiy amaliyot shifokorlari kasbiga sadoqatni, burchni yaxshi biladilar.
Bugun bolalarda uchrayotgan kasalliklarning eng ko‘p foizini nafas tizimi xastaliklari tashkil kiladi. Viloyatda bu borada tizimli va izchil ishlar olib borilmokda, bemor bolalarga vaqtida va samarali davo choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, «Ayollar va bolalar sog‘ligini mustahkamlash» loyihasi, «Salomatlik- 2», «Salomatlik- 3» loyihalari doirasida bolalar shifoxonalariga - zamonaviy tibbiy jihozlar keltirildi. Bunday imkoniyatlarning barchasi viloyatda bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni shakllantirish, yuzaga kelayotgan kasalliklarga qarshi kurashish, ularning oldini olishga xizmat qilmokda. Tez va samarali bartaraf etilgan xastaliklardan keyin asorat qolmasligi ehtimoli ko‘p bo‘lgani sababli avvalo, bolada qandaydir o‘zgarish sezilsa, darhol shifokor ko‘rigiga olib borish zarur. Bunda ota-onalarning e’tibori muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi paytda bolalar kasalliklarini davolashda standartlar asosida dori vositalaridan, ayniqsa, antibiotiklarning qo‘llanilishini kamaytirish, sifatli dori vositalaridan foydalanish maqsadida ambulator poliklinikalar tizimidagi mutaxassislarni, infeksionistlarni va anesteziolog- reanimatologlarni o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu borada viloyatda ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Farzandlarimiz salomatligi hamma narsadan muhim. Bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan bolalar shifoxonalari, zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlarning barchasi bolajonlarda uchrayotgan kasalliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Sog‘lom, har tomonlama yetuk yosh avlodni tarbiyalashda, albatta, kasbiga sadoqatli shifokorlarimizning ham o‘z o‘rni bor. Negaki, kasal bo‘lmagan bola yo‘q. O‘z vaqtida qilingan har kanday muolaja ertangi sog’lom turmush uchun ko‘prikdir.