SADAQA QILING

By Ruzimboy HASAN, in 1991

Bu manzaraga ko`p duch kelasiz. Shaharlarning shoh bekatlarida,yer osti-yo`llari, o`tish joylarida, bozor- o`charlarda, katta ko`chaning chekkalarida. Ba`zan qo`l-oyog`i sog` banda, ba`zan yirtik-yamoq kiyingan bolakay, ba`zan jismonan nuqsonli birodarlarimiz tilanib o`tirgan bo`ladi: Xudo xayringizni bersin, sadaqa qiling, yaxshilar!» «Sadaqa-raddi balo!», «Bahoviddin yo`liga sadaqa qiling», «Mashoyixlar aytmishlar, Bahoviddin balogardon, saqlagay ming balodan...»Bir pas to`xtaysiz. Qo`lingiz cho`ntagingizga boradi. Mayda chaqangiz bo`lsa, shu mo`min bechoraga tashlab o`tasiz. Maydangiz bo`lmasa eshitmaganga olasiz. Shunisi ma`qul qiziq dunyoda. Hazorasp bozorida devonalik qilib yuradigan bir chol bo`lardi. Aytadigani: «Bahoviddiy pirim yo`liga xayr qilinglar!» Yomon tush ko`rib, xudo yo`liga sadaqa aytgan irimchi xotin ham, ishi o`nglanib, omadi chopgan savdogar ham, taftishchidan omon qolgan kazzob hisobchi-yu, olg`ir do`konchi ham ataganini shu cholga berib, duo olishardi. Chol mayda chaqalarga bepisand boqardi. Iching achishadi. Hech kimi yo`q bandadir. Davlat beradigan arzimas nafaqaga tirikchilik qilib bo`ladimi?
Tanishlaridan eshitdim. Devona cholning bir-biridan zabardast o`g`illari bor ekan. Chol o`z «kasbi» orqasidan o`g`illariga imorat solib bergan, mashinalar mingazgan. «Har bozor kuni to`rt yuz so`m atrofida topardi. Bir oyda ming yarim deng. Bu miqdorni ministr ham ololmaydiya, - izox berdi cholga qo`shni bo`lgan tanishim...Bular kechagi gaplar. Bugun-chi? Bugun kechagidan ham battarroq. Devona-yu tilanchining urug`i ko`paygan. Yaxshilikcha so`ranib qolishmaydi. Yosh-yosh bolalar, aftoda kiyingan ayollar burningiz tagiga qo`lini cho`zib keladi. Hali uyma- uy yurib tilanchilik qilib yurganlarini aytmayapmiz. «Tarmoq»ning bu xili kun aro avj olib bormoqda. Oldinlari faqat lo`lilar shu zayl tirikchilik qilishardi. Endigilarining nasli-nasabi ham, millati ham turfa xil. «Tilanchilar xudoning nochor bandalari bo`lishgan!» deydi ko`pni ko`rgan qariya. Shu bois payg`ambarimiz ham, Olloh ham tirikchilikning bunday turini ma`qul ko`rmaganlar... Muhtoj bandalarga sadaqa berish boshqa-yu, uni tilanib olish boshqa. Birinchisi savob, ikkinchisi gunox. Maqolani yozdimu, ikkilanib qoldim. Muhtoj bandalarning tirikchilik uchun shundan boshqa ilojlari yo`qdir. Qimmatchilik zamonasida sovuqda, issiqda kun bo`yi o`tirib uydagi uch- to`rt qorako`ziga obi-yovg`on bo`lar. Oriyati bor, imkoni, sharoiti bo`lgan odam bolasi tilanchilik uchun qo`l cho`zmas yuzi chidamas topgani vaqtinchalik. Shahardagi makon - mehmonxonaga qaytaman. Yo`l- yo`lakay metroda pul maydalatishni esdan chiqarmayman. Negaki, shu arzimas masofa - ikki chaqirim yo`l ustida ham ularga albatta duch kelaman. Quloqlarimga tanish ovoz chalinadi: «Sadaqa qiling, yaxshilar!» Beixtiyor qo`lim cho`ntagimga boradi...