Qiyinchiliklar o`tkinchi
Turmushimiz o`rtacha. Eski yilni yaxshi yakunladik. Besh ming tonnadan ortiq paxta sotdik. Sabzavot, meva, g`alla, pilla, chorvachilikdan olingan mahsulotlar ham daromadli bo`ldi. Sof foyda o`n bir millionni tashkil etdi. Odamlarning o`rtacha oylik maoshlari har oyda 700-800 so`mgacha bordi. Oldingi yillarda ham bu 300-350 so`m edi. Bundan tashqari, ko`pgina oilalar pudrat asosida ishlab yillik yakunda 70-80 ming so`mgacha mukofot puli olyapti. Masalan, brigada boshlig`i Kurbon Nabiev oilasi bilan yuz ming so`m atrofida daromad oldi. Bu halol mehnat natijasi.
- Qimmatchilik sharoitida dehqonlarga xo`jalik tomonidan qanday yordam berilyapti!
- Xo`jaligimizda yetti yarim ming aholi yashaydi. Hozirgi kunda omborimizda 60-70 tonna bug`doyimiz bor. Dehqon oilalariga g`alla berilmoqda. Bug`doy tortadigan tegirmon ham ishlab turibdi. Aholiga 24 ta qoramolni davlat bahosida sotdik. Yordamga muhtoj 4 xonadonga esa to`rtta qoramol bepul berildi.
Xo`jalikda istiqomat qilayotgan barcha qariyalarning nafaqalariga qo`shimcha ravishda yana 50 so`mdan pul berdik: to`rt ming bosh jo`ja arzon narxda sotildi. Yordamga muhtoj xonadonlarga davlat hisobidan uy qurib berildi. Yaxshi o`qiyotgan o`quvchilarga rag`batlantirish uchun stipendiya beryapmiz. Masalan, 1-4 -sinfgacha 10 so`m, 5-9 sinfgacha 25 so`m, 10 -11 sinflarga 30 so`mdan. Xudoga shukur, qimmat bo`lsayam dasturxonimizdan hali baraka ketgani yo`q. Ketmasin ham..
-Daromadlar yaxshi ekan. Qishloqlar obodonchiligi uchun nima ishlar qilinyapti?
-Uchta katta qishloq bor. 56 kilometr quvur tortildi. Xonadonlarni gazlashtiryapmiz. Bundan tashqari, har biri 624 o`rinli ikkita maktab, hammom, choyxona qurilmoqda. Ko`chalarimizning ko`pi asfalt qilingan. Beshta go`sht do`koni bor. Davlat xo`jaligi 1979 yilda tashkil etilgan. Meyli akaning rahbar sifatida ish boshlaganiga beshinchi yil ketyapti. Asl kasbi muallimlik. Ayni paytda qishloq xo`jalik oliygohini sirtdan tugatish arafasida. Xo`jaligi singari oilasi ham katta. O`n nafar farzandi bor. Bu qiyinchiliklar o`tkinchi. Hayotimizning ertaga yaxshi bo`lishiga ishonaman, — deydi Meyli aka. Norkul TILOV Qashqadaryo viloyati