ezgulik va yovuzlik
O`zbek xalq irimlari ajdodlarimizning yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, hayot va o`lim haqidagi qadimiy e`tiqodiy qarashlari asosida yuzaga kelgan bo`lib, kundalik turmushda ularga amal qilish o`ziga xos an`ana hisoblanadi. Filologiya fanlari nomzodi Mamatqul Jo`raev ana shu qadimgi qadriyatlarimizni ommalashtirishdek xayrli ishga qo`l urdi. U qariyb o`n yil davomida xalqimiz orasida ma`lum bo`lgan irim-sirimlar va ular bilan bog`liq aytim hamda alomatlarni jamlab, «O`zbek xalq irimlari majmuasini yaratdi.Bugundan e`tiboran ana shu to`plamga kiritilgan ayrim irimlar bilansiz, muhtaram mushtariylarni tanishtirib boramiz. Chaqaloqning boshiga, ustidan yong`oq mag`zi sochilsa, bu bola ulg`aygach, sermag`iz, ya`ni serfarzand, uvali- juvali bo`ladi. Chaqaloqni ilk bor cho`miltirayotganda tog`oradagi suvga kumush tanga tashlansa, bola ulg`ayganda boy- badavlat bo`ladi. Chaqaloqni ilk bor yuvintirayotganda eng avvalo yuzi yuvilmasa, ulg`ayganda beti qalin bo`lib qolar ekan. Chaqaloqning tirnog`i birinchi marta kaftiga ikki tanga qo`yib olinadi. Chaqaloqning tirnog`i ilk bor olinayotganda agar o`g`il bola bo`lsa, ulg`ayganda mulla – bo`lsin degan niyatda kitob ustida olganlar. Chaqaloq uyqusida bosinqirab, uxlay olmay chiqsa, uch marta: «Tuf-tuf-tuf!»— deyiladi. Chaqaloq uyqusida bosinqirab, uxlay olmay chiqsa, ko`ylagining ipidan bir parcha uzib olinadi- da, ustiga tashlab qo`yiladi. Chaqaloq kekirsa:
- Emgan suting osh bo`lsin, ukalariga bosh bo`lsin!- deyiladi.
Chaqaloq aksa ursa: «Pir bo`lsin, buva bo`lsin!- deyiladi. Ichida chaqalog`i bo`lmagan belanchakni yoki beshikni tebratsa, bolaning qulog`i og`riydi.
- Tug`ib, bolasi turmagan xotinlar bolasi, o`sib-ungan ayollarning kiyim -kechaklarini (masalan, ko`ylak, lozimlarini) so`rab, kiyib yursalar, ular ham uvali -juvali bo`lib ketadi. Homilador ayol saqich chaynasa, bolasining qulog`i og`riydi.