Yamoq

By To`lagan DOMAЕV, in 1991

Yaqin-yaqinlargacha ota-bobolarimiz pand-nasihatlarini pisand qilmay keldik. Ular to`plagan ma`naviy boyliklarni tepkilab, moddiy boylikka zo`r berib intildik. Nonni uvol qilish, ota- onalarni xo`rlash, birovning haqini yeyish mumkin emasligini bilgan holda, zid ish qilishda bor kuchimizni, g`ayrat-shijoatimizni ayamadik. Oqibati o`ylamay qilingan ishlar bugun o`z mevasini berdi. Endilikda azobini o`zimiz tortyapmiz. Mana bir Misol: Toshkent shahrida 5641 taksafon o`rnatilgan, shundan 3 mingtasi yaroqli qolganlari esa buzilgan va o`girlangan. Tarbiyasizlik, beboshlik ham shunchalik bo`ladimi...
Nima uchun kambag`alning biri ikki bo`lmaydi? Hammasi ham peshona teri bilan topilgan pulga, buyumga bo`lgan munosabatga bog`liq. Mamlakatimiz shunday og`ir, moddiy qiyinchilikni boshidan kechirib turgan paytda tejash, ehtiyot qilish o`rniga buzish- yovuzlik emasmi?
Odamzotning fe`l- atvori u qanday muhitda tarbiyalanganiga qarab g`oyat xilma- xildir. Atrofimizda suhbati bilan jonga huzur baxsh etuvchi, qalbingizni yashash zavqi bilan to`ldiruvchi quyosh yanglig` insonlar bilan birga tund, raftoriga boqib olam ko`zingizga qorong`i va tor ko`rinib ketadigan kimsalar ham borki, birinchilarini ko`rganingizda dilingiz ravshanlashib, nurga to`ladi, ikkinchi guruh odamlar bilan bir uchrashib qolsangiz, kelasi safar ularni ancha naridan chetlab o`tadigan bo`lib qolasiz. Ma`rifatli, komil inson bo`lish, kasb- hunar egallash, qobiliyat va iste`dodni kamol toptirishning yagona yo`li - ilm olishdir. Bilim - e`tiqodning mustahkamligi, qadr-qimmat, mehr-muruvvat, ja- miyat gullab yashnashining oltin kalitidir. Ajdodlar meros qoldirgan bilimlarni chuqur o`zlashtirish istiqbol sari qadam tashlashdir. Ota-onalik burchi farzandni dunyoga keltirishdangina iborat emas, uni tarbiyalash, quvonch va dardiga sherik bo`lish, jamiyatga va xalqqa xizmat qiladigan inson qilib kamol toptirish ham kerak. Bu farzandni dunyoga keltirishdan ancha qiyin va mas`uliyatliroqdir. Shunday ekan, buni doimo yodda tutishimiz, bor kuch-g`ayratimiz, butun, aql-idrokimiz va salohiyatimizni shunga sarflashimiz lozim.
Eskilardan qolgan bir gap bor: qazisan, qartasan, asli zotingga tortasan. O`g`ildir, qizdir u bir kun ota-onasiga tortadi, oilada qanday tarbiya ko`rgan bo`lsa, shunday voyaga yetadi. Oramizda o`z ota-onalik burchini, mas`uliyatini to`liq his qilmasdan, farzandlarini bolalik quvonch va shodliklaridan maxrum etib, aysh-ishrat surib yashayotganlar ham bor. Bu ko`rlik, bemehrlikning hammasi inson sifatida o`z bahosini bilmaslik, o`z haq-huquqini tanimaslik, hayotning qadriga yetmaslikdan kelib chiqadi. Bunday bag`ritoshlik, manfurlik kasaliga chalinganlarni davolash, oyoqqa turg`azish zarur, chunki xalqimiz qadriga ma`naviyat orqaligina yetishimiz mumkin. Farzandlar ham shunday ota- onalar qilmishidan nomus qiladilar, odamlardan bu haqda achchiq ta`nalar eshitadilar. Yoshligida o`z ota-onasi bag`rida yayrab-yashnamagan farzandning ushalmagan orzu-umidlari ko`p bo`ladi. Yuraklarida armon saqlanib qoladi. Qalbi yaxshi orzular bilan to`la ota-ona bag`rida yashagan farzand yomon ishlardan xazar qiladi. Uning qalbidan ham ezgu niyatlar o`rin oladi. Bunday oilalarda bolalarga yaxshi odatlar ota- onalardan o`tadi va tomirga yetadi. Asta -sekin butun vujudiga singadi. Bolaligidan yaxshi orzularni ko`ngliga jo qilib yashamaganlar hayotdan o`z o`rnini, to`g`ri yo`lni topa olishlari qiyin. Farzandlarimiz qalbi bo`m -bo`sh bo`lsa, uni qonunlar bilan ham, siyosiy islohotlar bilan ham to`ldirib bo`lmaydi. Xo`sh, bola tarbiyasida ota-onalar asosiy e`tiborni nimalarga qaratishlari kerak? Kattalar doimo band, o`z farzandlari bilan gaplashish, o`ynash u yoqda tursin, Dars tayyorlayotgan paytida unda tug`ilgan savollarga javob berishga ham vaqt topolmaydi yoki turli bahonalar bilan bosh tortadi. Natijada bola darsini to`la bajara olmaydi, ertasiga yomon baho olishi mumkin. Bu esa uning o`qishdan sovushiga, darslarga qatnashmay qo`yishiga sabab bo`lishi mumkin. Farzandlar ham o`z navbatida ota- onalariga qo`ldan kelgancha yordam berish uchun katta imkoniyatlarga ega. Lekin ular bu imkoniyatlardan va vaqtdan unumli foydalana bilmaydilar. Natijada bekorchilik vujudga keladi. Bekorchilik esa turli intizomsizlik va beboshlikni keltirib chiqaradi, xatto bolalarni jinoyat kursisigacha yetaklab boruvchi manbadir. Ularni mehnatparvarlik ruhida tarbiyalash kelajakdagi baxtiyor turmush eshigini ochib beruvchi kalitdir. Ayrim ota- onalar bolalaridan aqlli bo`l, a`lochi bo`l deb faqat talab qiladilar, lekin ularga yetarli amaliy yordam ko`rsatishmaydi. Bola uy yumushlarini bajarayotganda xato qilib qo`ysa, unga o`shqirishadi, lekin nima uchun xatoga yo`l qo`yganligini yotig`i bilan tushuntirishga ojizlik qiladilar. Bunday hollarda ota-ona juda ko`p kuch sarf qiladi, asabiylashadi. Biroq bola tarbiyasida o`z oldilariga qo`ygan maqsadlariga erisha olmaydi. Tabiiy ravishda nima qilish kerak, degan savol tug`iladi. Sen bugun maktabda nimalar bilan shug`ullanding? Darslar maroqli bo`ldimi? Kundalik daftaringni bir ko`rsat. O`rtoqlaring nima bilan band bo`lishyapti? Uy vazifalarini tayyorladingmi? O`quv qurollaring shaymi?.Bu kabi savollar asosida suxbatlashib turish, ularning nimalar bilan bandligini surishtirib turish, zarur holatlarda maslahatni ayamaslik, o`g`il- qizlarni nojo`ya ishlardan asrashda juda qo`l keladi..
Afsuski, ko`pincha kattalarning shu xildagi ishlarni bajarishga vaqtlari yetishmaydi yoki vaqtlari bo`lsa ham bunday suhbatlarga loqaydlik bilan qaraydilar. O`g`il- qizlarini negadir mendan begonalashib qoldilar, deb buning sababini topolmay qoladilar. Aslida bunga o`zlari sababchi ekanliklarini tan olmaydilar. Bolalar o`ynashlari kerak, albatta. Lekin hamma narsaning chegarasi bo`lganidek, o`yinning ham chegarasi bo`ladi. O`yin bilan mehnat bir-biriga chambarchas bog`liq holda tashkil etilishi lozim. Ma`lumki, o`yinga xaddan tashqari berilgan bolalarning mehnatga bo`yinlari yor bermay qo`yishi mumkin. Bu ish asosan oilada, so`ngra maktabda amalga oshirilishi kerak, Bolaga o`yinga vaqt ajratilganidek, mehnatga ham vaqt ajratmoq shart. Muhimi, bolada mehnatga bo`lgan munosabat o`yinga bo`lgan munosabatdan jiddiyroq bo`lishiga erishish zarur. Mayli, kiyimlarimiz yamoq ko`rmasin, lekin tarbiyamiz bugun mana shunday yamoqqa muhtoj.