Yaxshilikning Nomi yaxshilik

By Abdulhamid Habibullayev, …, in 2006

Yaxshilikning savobi, yomonlikning jazosi bor. Biz bilib-bilmasdan savob va gunohlarni qilib qo'yishimiz mumkin. Lekin har bir yaxshi ishlarimizga o'n savob, yomon ishlarimizga bir jazo bor. Yomonlik rejasi ko'nglimiz payida bo'lsayu, uni amalga oshirmasak, buning gunoxi, yaʻni jazosi ham bo'lmas ekan. Ha, bir yaxshilikka o'nta savob, bir yomonlikka bir jazo beriladi. Yana bir oydinlik va aniqlik shundaki, Alloh yaxshilik uchun o'zi xohlaganicha savob berishi mumkin, xuddi shundayin yomon, yovuz, nomaqbul ishlar uchun ham o'zi xoxlagancha jazo beradi. Biz ayrim holatlarda muqaddas “Qur’oni Karim” oyatlariga Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning ushbu hususdagi muborak hadislariga tayanamiz albatta.
Yaxshilik, odamiylik din va millat tanlamaydi. Xudodan qo'rqqan va uning mehr-muhabbatiga ishongan har bir banda hayotligida ezgu, savobli ishlarni qilishi orqali ikki dunyosini obod qilishi mumkin. Yaxshilikni, mehrni faqat odamlargagina emas, balki Allohning dov-daraxtlariga, maxluqotlariga ham qilishni odat qilmog'imiz kerak. Jarohatlangan jonzodlarga mehr ko'rsatish tufayli savob olishimiz mumkin. Xuddi shunday chanqab qovjiragan dov-daraxtlarga, ziroatlarga suv va ozuqa berish orqalik ham savob olinadi. Xudo bergan noz-neʻmatlarni tejab, meʻyorida ishlatish, havo, suv va tuproqni ifloslamaslik orqali ham savobga daxldor bo'lishimiz mumkin.
Bu qabilidagi ishlar orqali yaxshilik qilib, savob olishning alohida fasli yo'q. Bunday ishlar fursat kutmaydi. Yaxshilikni har doim, kunduzi ham, kechasi ham har qanday holatda qilib, savobga ega bo’lish insoniy xususiyatlarga kiradi. Ezgulik yo'lidagi yaxshi va xayrlik ishlarni qilishlikning ma’lum bir yoshi ham belgilab qo'yilgan emas. Shu boisdan ham erkakdir, ayoldir, yoshdir, qaridir odamlarga nafi, foydasi tegadigan ishlarni qilish orqaligina yo’lda, oyoq ostida sochilib yotgan qop-qop savoblarni o'z o'rnida terib olishni odat qilmoq kerak. Buni nimalarda ko'rish mumkin? Avval ota-onani va ustozlarni, nogiron va keksa kishilarni qadrlashda, hurmat ko'rsatishda, xotin-qizlarga muomalali va samimiyatli
bo'lishlikda, ularning og'irini yengil qilishda ko'maklashishda namoyon bo'ladi. Yaxshilik qilishlikning belgilangan qonun-qoidasi yo'q. Yaxshilik o'z nomi bilan yaxshilikdir. Odatda tarbiyani, ilm va hunarni nimaga berishadi? Faqat va faqat ezgu va savobli ishlarni amalga oshirishda ro'yobga chiqarishlik uchundir.
Qadimda sevib, sevilib turmush qurgan bir er-xotin ikki farzand ko'rishibdi. Ularning biri o'g’il, yana biri qiz bola ekan. Shu farzandlarni qanday qilib tarbiyalasak o'zimizga, yurtimiz va millatimizga shon- sharaf keltiradi, deb o'yga tolishibdi. Nihoyat ota bir ulug’ Shayxning oldiga boribdi. Unga ko'nglidagi orzu niyatlarni aytib maslahat so'rabdi.
- Har qaysisini har kun bittadan savob ish qilishga o'rgatingizlar,- debdi Shayx.
Ota uyga qaytib kelibdi. Vafodor yori bilan maslahatlashibdi. Xullas, ota o'g'liga, ona qiziga har kuni bittadan savob ish qilishlikni o'rgatadigan bo'lishibdi. O'zlaricha bir haftalik ish rejasi tuzib olishibdi. Shu asosda tarbiyaga kirishibdilar. Albatta oilaning o'z yumushlari bo'ladi. U hovlida bajariladi. Uy-ro'zg'ordagi savob ishlar hammamizga tengdir, deydi ota. Faqat uydan tashqarida bo'ladigan savob ishlarni inobatga oladigan bo'lishibdi. Tarbiyaning birinchi kuni yakun topibdi. O'g'li yo'lda yotgan toshlarni olib tashlaganini, qizi esa hil-hil pishib, yerga tushib yotgan mevalarni terib olganini aytibdi. Ikkinchi kunida esa o'g'li bir mo’ysafidning og'ir yukini bekatgacha ko’tarib borganini, qizi bir ko'r ayolni yo'ldan o'tkazib qo'yganini aytishibdi. Uchinchi kuni o'g'li yo'l yoqasidagi ariqqa shox-shabbalar tushib, suv toshib isrof bo'lib yotganida suv yo'lini ochib tashlagani, qizi esa bir bolakay adashib qolib, yig'lab turganida, unga to'g'ri yo'lni ko'rsatganini aytibdi. Xullas, bir hafta kunlari yana shu zaylda o'tibdi. Ota-ona farzandlarining har kungi savobli ishidan xursand bo'lishibdi.
Nihoyat ota yana Shayxul Islom oldiga borib, minnadorchilik bildirib, farzandlari ishidan uni xabardor qilibdi va yana maslahat so'rabdi.
- Endi farzandingiz har kuni ikkitadan savob ish qiladigan bo'lishsin, - debdi Shayx.
Ota yana uyiga qaytib kelib, Shayxning maslahatini xotiniga aytibdi. Maʻqul bo'libdi va farzandlariga har kuni ikkitadan savob ish qilib kelishligini vazifa qilishibdi. Dilbandlar bu vazifalarni ham ado etishibdi. Endi ota-onaning mahalla-ko'y orasida etibori ortibdi. Hamma ularga hurmat bilan qaraydigan bo'libdi.
Alqissa ota yana Shayx huzuriga boribdi va o'z minnatdorchiligini izhor etib, yana maslahat so'rabdi.
- Yoshim yuzga yuzlanib, bir asr umr ko'rib sizdek farzandlar kelajagini o'ylab, ular tarbiyasiga jiddiy e’tibor va ma’sullik bilan qaragan otani ko'rmagan edim. Ofarin, sizga! Maslahatim shu: o'ng va so'l qulog’ingiz bilan yaxshilab eshitib oling. Endi farzandlaringiz boshlagan savobli ishni har haftasiga bittadan oshirib, bir kunda o'nta savob ishni ado etadigan bo'lguncha davom ettiradigan bo'lishsinlar, debdi. Ota xursand bo'lib uyga kelibdi va Shayxning maslahatlarini vafodor yoriga aytibdi. Ular Shayx aytganidek vazifalarni farzandlari zimmasiga yuklab, har bir kunning natijasini nazorat qilib turishibdi.
Odob-axloqli, itoatkor farzandlar uchun har kuni savob, xayrlik, ezgu ishlar qilish odatiy holatga aylanib qolibdi. O'g'ilning ismi Husniddin, qizning ismi Mohinur ekan. Qarangki, o'g'il o'qib ilmli bo'lib, savob ishlari orqali elga tanilibdi. Mohinur ham akasidan qolishmabdi. Har ikki farzand baxtu iqbolini ham har kuni ado etadigan savob ishlar ulug’labdi. Xusniddin odob-axloqda, kamtarinlikda yana unib-o'sibdi. Savob ishlari uni ulug’lab, mamlakat so'raydigan shox bo'libdi. Qo'shni yurtning podshohi Mohinur ta’rifini eshitib, yolg’iz o'g'liga uni so’ratibdi. Har ikki farzand ota-onalarning to'g'ri tarbyasini olib, kam bo'lishmabdi. Ularning ota-onalari ham tolelari o'ng kelib, farzandlari baxti kamolidan quvonib, bu umidli dunyoda obro’- e’tibor topibdilar.
- Azizlar, ayni shu kunimizda yoshlar orasida dilozor, sirkasi gap ko'tarmaydiganlari ko'payib borayotir. Jaxl, dilozorlik odamning umriga ham, sog'ligiga ham putur yetkazadi. Yuqoridagi Voqeaga monand holda hozir ham oilada, taʻlim muassasalarida yoshlarni hech bo'lmaganda har kuni bir marta savob ish qilishga o'rgatsak, hayotimizda baxtli insonlar ko'payishi aniq.