Oliyjanoblik Ham mardlikdir

By Mirzamir Mirzasharipov, in 2006

Qadim zamonda Halab shahrida Umar ismli sahovatli, olijanob bir odam yashardi. Bir kun yo'lda ketayotgan edi, bir hovli eshigi yonida ikkita go'dak bolasini bag’riga bosib yig'lab o'tirgan xotinni ko'rib qoldi. Umar xotinning parishon holiga rahm qilib, darhol yoniga bordi.
- Singlim, nega yig'lab o'tiribsan, senga nima bo'ldi. Kim ozor berib dilingni vayron qildi?-deb so'radi. Xotin achchiq- achchiq ko'z yoshlarini to'kib, qayg’uli xolini bayon qilishga kirishdi:
Menga xech kim ozor bergani yo'q, faqat tolesizligimdan noliyman, baxtsizligimdan ko'z yoshlarimni to'kib fig’on etaman. Ilgari turmushimiz yaxshigina o'tib turgan edi. Bundan bir yil avval erim og'ir kasallikka yo'liqib vafot topdi. Men shu ikki go'dak bolam bilan dod- faryod qilib qolaverdim. Men o'zim kasalmand, nimjon, xotin bo'lganim uchun biror ishga kirishib, oilamni tebratishga madorim yo'q edi. Bir yilgacha uydagi bor narsalarimni sotib, bolalarim bilan birga umr kechirdim. Endi hech narsamiz qolmadi. Ochlik, yalang'ochlik xavfi ostida qoldik. Bundan keyin ahvolimiz qanday kechishini bila olmay baxtsizligimdan nola qilib yig'lab o'tiribman.
Umar bechora xotinning nolasiga chidolmay ko'ziga yosh oldi. Bolalarini qo'liga olib quchoqlab, yuz ko'zlaridan o'pib erkaladi. Xotinga tasalli berib:
- Singlim, yig'lama, o'rningdan tur, sizlarni uyimga olib ketaman. Mening mehmonim bo'lasiz, men sizlarni shunday ahvolda qoldirmayman, yordam beraman. Bu norasida bolalaring menga har narsadan ham qimmat turadi, dedi va bolalarini yana erkalab yuz-ko'zlaridan o'pdi. Xotin bechora shodlanib, Umarga minnatdorchilik bildirdi. Umar ikki go'dakni ko'tarib oldi. Xotin hovli eshigini qulflab, Umar bilan birga yo'lga tushdi. Umarning oilasi bu baxtsiz mehmonlarni shodlik bilan kutib oldilar. Ularni yaxshilab ziyofat etdilar. Xotin va ikki etim go'dakka yangi liboslar kiydirdilar. Umarning xotini va qizlari go'daklarni erkalab, qo'llaridan tushirmas edilar. Xotin bir necha kun mehmon bo'lib turgandan keyin o'z uyiga qaytish uchun ruxsat so'radi.
Umar darhol yog', go'sht, guruch va bir qop un tayyorlab aravaga ortdi. Baxtsiz mehmonlarni aravaga o'tkazib, uylariga olib kelib qo'ydi. Keyin xotinning qo'liga ko'pgina pul berib:
- Singlim, mana bu pulni xarajat yetib, uy asboblaringni tuzatib ol. Pul va keltirilgan oziq-ovqatlar tamom bo'lsa, yana mening uyimga kel, yana yordam beraman. Aslo xafa bo'lma, bolalaringni yaxshi tarbiya qil, sen mening qiyomatli singlimsan, dedi.
Bechora xotin ko'zlaridan shodlik yoshlarini to'kib Umarga minnatdorchilik bildirdi.