Oilaga Xiyonat eng yomon illat
Karimaxon ismli ayolning maslahat so'rab yozgan dil nomasi meni jiddiy o'ylantirib qo'ydi. Oilada bo'lar-bo'lmasga janjal qilavermasdan ahil bo'lish zarur. “Bir kun urishganning qirq kun nasibasi kesiladi”. Oila ahil bo'lsa, tog’dagini oldirar, noahil bo'lsa, omad undan yuz o'giradi.
Hurmatli Karimaxon va u kishining eri! Sizlarning hali voyaga yetmagan bolalaringiz bor ekan. Bu juda ulkan mas’uliyat. Bu o'rinda er-xotinning boshqa hoyu-havaslarga vaqti ham, ehtiyoji ham qolmaydi. Er-xotin birining yomonligini biri kechirmasa, biri yengillik qilganda biri og'irlik qilmasa, turmush buziladi.
“Ayol kishi istasa, deyiladi yapon maqolida, cho'qqidan ham oshib o'ta oladi”. Lezgin maqoli esa: “Ayol istasa ho'kizni ham odam qiladi”, - deydi. Yana bir yapon maqoliga ko'ra, ayolning bir tola sochi bilan filni bog'lab qo'ysa bo'lar ekan. Karimaxonga tasalli berib aytmoqchimizki, hayotda qiynalib, hamdardlikka muhtoj bo'lib qolgansiz. Uch farzandingiz voyaga yetgan kuni barcha xo'rliklar barham topadi, unutiladi, haq joyida qaror topadi. Asrlar davomida erkaklar ayollar uchun mas’uliyatni his etib, ularni “gulim” deb ardoqlab kelganlar. “Ayol erdan chiqqan emas - erkak bolasi, erkak ko'kdan tushgan emas ayol bolasi”. Bog’bon bog’idagi anvoyi gullarni ardoqlab parvarishlasa o'z o'rniga qo’ysagina gul ifor taratib, ko'zni yashnatadi. Ammo bog'bonning eʻtiborsizligi tufayli gullar qurib, o'rniga o't-o'lan yoki juda bo'lmaganda yovvoyi naʻmatak ko'karishi ham mumkin. To'g'ri, har tomonlama yetuk, mukammal ayolni topish balki mushkuldir. Beayb faqat parvardigor! Karimaxon, eringiz va bolalaringizning eʻtiborsizligidan ozor chekibsiz, asabiy, sal narsaga yig'lab, baqirib yuboradigan odat chiqaribsiz, o'zingizni qo'yarga joy topa olmayapsiz. Hayotingizdagi eng baxtli onlaringizni esga oling. O'shanda siz nima qilish zarurligini tushunasiz.
Xotin-qizning uy-ro'zg'or yumushlari nihoyatda ko'p, bamisoli tovuq oldiga sochib qo'yiladigan tariqday behisob. Ularning ishini nazar-pisand qilmaslik, qadriga yetmaslik insofsizlikdir. Karimaxon, uy-ro'zg'or ishlari va bola tarbiyasi masʻuliyati sizni shular bilan ovora bo'lib qolishingizga, o'zingizni tamoman unutishingizga olib kelibdi va katta xatoga yo'l qo'yganligingiz aynan mana shunda. Bunday ahvolga tushishingizda qisman o'zingiz ham sababchisiz. Vaqtida hamma narsani, hatto sevgan odamingizning mexrini ham o'z gardaningizga olgansiz. Undan mehr-oqibat kutishni o'ylamagansiz. U kishi bo'lsa bunga eʻtibor ham qilmagan. Endi uni tiklash sizga oson kechmasa kөrak. Shuning uchun ham bolalaringiz otasi va u sevib qolgan ayolning tarafini olishibdi. Fransuz faylasufi D.Didroning fikricha: “Agar erkak odam ayol kishiga hurmatsizlik ko'rsata boshlasa ko'pincha ayolning o'zi bunday nomaʻqul muomalaga yo'l qo’ygan bo'lib chiqadi”.
Karimaxonning erini qulog’iga aytadigan gaplarimiz bor: Erkakka insof bermasa qiyin ekan. Uyingizning sarishtasi, umringizning farishtasini unutib, boshqa malakning etagidan tutib ketibsiz. Ayol kulgan uy nurga to'ladi, deyishadi. Siz uyingizga keladigan nurning yo'lini qo'lingiz bilan to'sibsiz. Pok ayolingiz qalbida yashnab turgan mehr gulini qahr zahri bilan zaharlabsiz. Bir o'ylab ko'ring-a, pushaymon emasmisiz? Livanlik adib Jabron Xalil "Ayollarning kichkina kamchilik- larini kechira olmaydigan erkaklar ular baxshida etadigan buyuk neʻmatlarga ham sazovor bo'lolmaydilar", deb nadomatlar bilan taʻkidlaydi. Arab maqoli: "Qiz onadan, yigit otadan o'rnak oladi", deb taʻlim beradi. Sizda, xurmatli ota, bolalaringiz minnatdorchilik bilan qabul qilib olishga arziydigan fazilatlar bordir. Bolalaringiz ularni o'zlarida rivojlantiradilar, deb umid bildiramiz.
Bolalaringizni (o'g'illaringizni) o'gay onasinikiga olib borib, ularni tuqqan onasiga qarshi qo'yish insofdanmi? Bugun biz nima eksak, ertaga shuni o'ramiz. Shundoq ham murakkablikka to'la bu dunyoni yangilash, porloq kelajak barpo qilish o'rniga onasini mensimaslikni targib qilish otaga yarashmaydi. O'gay ona esa bu yo'l bilan o'gayligini xaspo'shlashga harakat qilibdi. Yaxshilab o’ylab ko'rsangiz bo'larmidi? Bola bugungi olata’sir dunyoda yolgizlanib qolmadimikan? O'z onasini hayajonga solmadimikan?
Xotinining iffatli bo'lishini istagan er eng avvalo, o'zi iffatli bo'lishi kerak. Oila sharofati xotin haqi toptalmagan, poymol qilinmagan hollardagina saqlanishi mumkin. Er o'z o'g'il va qizlarining tarbiyasi uchun so'nggi davlatini, eng aziz vaqtini fido qilib harakat qilishi kerak. Karimaxon, eringiz sizga ko'rsatgan odobsizlik ongining qashshoqligidan kelib chiqqanini u bir kun tushunib yetadi. Xusn-chiroy boqiy emasligini, yaxshi odob va sadoqat esa butun umrga yetishini fahmlay olishiga ishonaman, chunki izzatini bilgan albatta hurmatga sazovor bo'ladi. Dunyo illatlari ichida eng yomoni oilasiga vafosizlik qilishdir. Bolalaringizning tarbiyasi ora yo'lda qolmasligiga ishonaman. Umring qancha bo'lsa, shuncha harakat qil. Tushlik umring bo'lsa, choshlik harakat qil deyiladi hikmatlarda.