Oraiyatmi YO “moda”ni bilmaslik

By Eʻtibor Norbo’tayeva, …, in 2006

Bir kuni domlamiz dars vaqtida bir gapni aytdilar-u, o'sha gap zamiridagi achchiq haqiqat yuragimni tilib yuborganday bo'ldi. Ayol kishi emasmanmi, qizlar haqida aytilgan kinoyali so'zlar bevosita taʻsirini o'tkazmay qolmadi. "Xademay bahor kelishi bilan ko'chada yurib bo'lmay qoladi. Nigohingni qayerga olib qochishingni bilmaysan. Qizlarimiz shunaqa kiyinib olishadiki..." Bazida ayol zotining ulug'ligi, jasorati, donoligiyu, hayosi haqida gap ketganida qalbing faxr-iftixor bilan to'lib-toshadi. Lekin yuqoridagiday nashtar bo'lib qadalguvchi haqiqatlar esa ko'nglingni xijil qiladi. O'z - o'zidan miyangda savollar yomg’ir kabi quyila boshlaydi.Nega...? Nega...? Va Yana nega...?
Nega ota-onalar qizlarining bunday kiyinishiga yo'l qo’yib berishadi?
Ularning ko'zlari qayoqqa qarayapti? Yo o'zlari ham shunaqa moda tarafdorimi?.... Yaqinda shahardan qishloqqa borgandim. Allohga shukrki, bunaqa darajada ochiq-yalang kiyinish hali u yerlarga kirib bormagan. Shunda bir qarindoshimiz (ular ham shaharga ko'chib ketishgandi) kiyinish haqida gap ochib, shunday deb qoldi:
Qizim bilan kiyim bozoriga borgandik. Bir koftani ushlab ko'rdim. Shunda sotuvchi ayol: "Oling, qizingizga, hozir shunaqasi moda", deb qoldi. Ko'rsam, yelka qismi ochiq, ikkita ip o'tkazib qo'yilgan xolos. Kapronning yupqaligi shu darajadaki, badandagi xol ham ko'rinadi. Sotuvchiga qarab: “Buni kiygan bilan yalang’och yurganning nima farqi bor”, degandim, ayolning yonida o'tirgan qiziga bu gap og’ir botdi shekilli, onasiga qarab: - Xoy, bular qishloqi. Modani bilisharmidi”, deb burnini jiyirdi. Har qalay bo’yi yetgan qizimga o'sha koftani ravo ko'rmadim. “Keyin eshitishimcha haligi qiz oilali, yoshi katta bir erkakdan xomilador ekan”.
Endi o'zingiz xulosa qiling, zamondoshim. Bu yerda kim haq-u, kim nohaq? Moda deb urfimizga mos kelmaydigan matolardan, yarim-yorti qilib tikilgan kiyimlarni egniga olib yurganlarmi, yo bo’yi yetgan qiziga bunday libosni munosib ko'rmagan ayolmi? Nahotki shunaqa kiyim kiymaslik modadan orqada qolish bo'lsa....
Shu o'rinda yana bir voqeani keltirib o'tsam. Ko'p bo'lgani yo'q, shaharda turadigan bir amali yuqoriroq kishi qizini turmushga uzatdi. Qiz kelinchak libosini kiyib chiqqanida to'yga qishloqdan kelgan qarindoshlar xayratdan yoqa ushlashdi. Ularning kayvonilari bu xil kiyinishdan ranjishdi ham. O'rtada esa ko'ngil xiralik paydo bo'ldi. Libosning orqa tomoni beldan pastgacha, old tomoni esa ko'krakning yarmigacha ochiq!..
Qiziq, o'ylab qolasan. Shaytonning makri shunchalar zo'rki, odamlarning o'zlariga sezdirmay asta-sekin o'z yo'rig'iga solib boradi. Bundan batamom bexabar insonlar esa g’aflat botqog'iga botib boraveradilar. To’g’ri yo’ldan og'ayotganlarni ogoh etish uchun matbuot, oyinai jahon orqali qancha ezgu talab, tanqidiy chiqishlar berib borilishiga qaramay taʻsir kuchining kamligi sezilib qolmoqda. Negaki, hamma bir yoqadan bosh chiqarayotgani yo'q.
Qishloq joylarda shunisi yaxshiki, kelinning kiyinishi odob meʻyoridan chetga chiqdimi, darrov oldi olinadi. Mahalla yig’inida bu masala xususida to'xtalib, xotin-qizlar uyushmasining raisasi zimmasiga yuklatiladi. Va chipqon bolalamasdan turib, yo'qotish yo'li qidiriladi.
Hozir har xil telekanallar ko'payib ketganki, biz kuyinib so'zlayotgan muammoni bartaraf etishga ko'maklashish o'rniga, olovga benzin sepganday qilib, kerak, bekerak ko'rsatuvlarni efirga uzatishadi.
Qo'shiq kuylayotgan “sanʻatkor”ning ovoziga to'xtalmay qo'ya qolaylik. (Sababi mavzuimiz bu xaqda emas). Ularning kiyinishini ko’rib, uyalib ketasan kishi. Yana tag’in butun qo'shiqqa tanasini qimirlatib,
bo'lmagan harakatlar bilan kishi ensasini qotiradi.
Ahir biz arab emas,o'zbek millatimiz Arabcha raqsga mos harakatlarsiz ham o'zbekona latif kuylangan qo'shiqni tinglayveramiz. Bu masalaga to'xtalmoqchi emasman. Aytmoqchi bo'lganim, xalqimizning deyarli yuz foizi “O'zbekiston” va “Yoshlar” telekanallariga nigohini qadab o'tirishadi. O'ylaymizki, hech bo'lmasa ushbu kanal xodimlari bu borada mas’uliyatni to'laroq his etgan holda “chegara”dan chiqib ketmaydilar. Millat manfaati uchun foydali bo'lgan dasturlari orqali yoshlarimiz ongini ziyo chashmalari bilan baxramand etishadi. Hamisha ham haqiqatning yuzga tik qarash oson kechmagan. Lekin uni tan olishning oqibati foydali bo'ladi. O'zligini yo'qota borib, o'zgalar madaniyatiga ergashmoqchi bo'lgan millat tanilmasdan, o'z qobig'iga o'ralib yotaveradi. Shunday ekan bebosh mayllarga ko'ngli chopayotgan yoshlarni yo'lga solish, shu yurt taqdiri bilan qiziqqan, tashvishlangan har bir fuqaroning burchidir.