Ro’zg’ori Butunning – turmushi totuv
Ko'rib turganingiz bu suratda chekka, tog'oldi Zarkent Otakishi mahallasidagi oddiy dehqon Otaboyevlar oilasi aks etgan. Qishloqliklarga xos soddalik bilan odmigina kiyinib, suratga tushgan juvonlarning yuzlaridan ufurib turgan xursandchilikni ko'rib, ular bir ota, bir onaning jigarbandlari deyishingiz tabiiy. Bu fikringiz to'g'ri. Faqat ular tug’ishgan opa-singillar emas, balki ovsinlar bo’lib, bir qaynota-qaynonaning suyukli kelinlaridir.
-Abdug’ofir ota va Malikaxon aya Otaboyevlar bola tarbiyalashda o'ziga xos tajriba maktabi yaratgan aqli raso insonlar,-deydi Zarkent qishloq fuqarolar yig’iniga o'n yildan beri raislik qilib kelayotgan Muhriddin aka Haydarov. Dunyoqarashlari har xil bo'lgan to'qqiz nafar kelinlarning boshini qovushtirib, bekam oila bekalariga aylantirish aytishga oson gap. Ularning egachi singillarday apoq-chapoq bo'lib ahil-inoq yashashlarida Malikaxon ayaning qaynonalik emas, onalik mexri bor, desam yanglishmayman,
- Ukalarim, deya salmoqlanib, vazmin gap boshladi bizga birma-bir yuzlangan Abdug’ofir ota.
- Bu o'tkinchi xayotda hammamiz mehmonmiz. Insonning tilak va istaklari faqat mehnat tufayligina amalga osharkan. Gʻoyibdan boylik ham Baxt xam kelmasligi aniq gap.
Mehnat ham benazir ibodat.
Men buni butun umrim davomida kurib-bilib turibman.
Mehnatga mehr bu oilaning katta-kichigiga xos fazilat. To'ng'ich farzandlari Mavludaxon opadan boshlab, qolgan barcha o'g'illar qoni mehnat bilan ulg'ayishgan. Ermuhammad ismli o'g'illari oliy maʻlumotli o'qituvchi, qolganlari dalada ishlab bekam ro'zg'or tebratmoqdalar. Hovli-joylari el xavas qilgudek saranjom-sarishta.
Anchagina so'zamol, hazil-mutoyibaga moyil Malikaxon aya odamoxunligi va xushfeʻlligini yashirmay:
- Ota-bobolarimizning gapi to'gri ekan. Yaratgan Egam farzand bersa rizqu nasibasi bilan berar ekan. Ko'pning rizqi ko’l bo'larkan. Ishlagani ham, yegani ham ko'p yaxshi ekan, deb shunga aytisharkan. Barcha o'g'illarim eshigida qo'sh-qo'sh sog'in sigirlari, qo'rasida beshta-o'nta qo’y-qo’zilari bor. Ko'z tegmasin, iloyim. O'ttiz ikkita nevaram, besh-oltita chevaram bor. Hozirgacha nechta sunnat to’yi bo'lsa,
barchasini shu hovlida otasi boshchiligida “saniki-maniki” demay o'tkazganmiz. Mashhur “Kelinlar qo’zg'oloni”dagi Farmon buvining o'zginasiman-u, faqat to'qqiz nafar kelinlarim menga qarshi qo'zg'alon ko'tarishmaydi, xolos, dedi ich-ichidan xursandligini oshkor etib yuragidan kulib: - Nimaga ham norozi bo'lsin. Ularni o'z qizlarimday ko'raman. Erlari bo'lgan o'g'illarimning hech biriga qo'llari tugul, tillarini ham tegizdirmayman. Ular ham meni onasiday hurmat qilishadi. Bir gapimni ikki qilmaydi. Kuyovim Minavvarjonni qo'shganda o'nta farzandim yigirmata bo'ldi. Bundan ortiq baxt, boylik bormi insonga, beqiyos fahrlanganday gapirardi kampir. Qaynonasining gap-so'zlarini ichkarida eshitib o'tirgan to'ng'ich kelin Xusanboyning jufti haloli Sobiraxon ayadan mamnunligini dilidan tiliga keltirib shunday deydi.
Xoh ishoning, xoh ishonmang, Biz ovsinlar orasidagi o'zaro mehru oqibat ziyodaligidan o'zimiz ham xursandmiz. Bunday samimiyligimiz boshida yaxshiliklarimizni oshirib, yomonimizni vaqtida betimizga aytib, to'g’rilab yuradigan bu ikkinchi onamizga mehrimiz boshqacha. Shu bois, biz ovsinlar bir tug’ishgan opa-singilday bir-birimizni xurmatlab turmush kechirayapmiz. Onamiz kelinlar boshini qovushtirish sir-asrorini chuqur egallaganlar, desam xushomad qilmagan bo'laman. Otaboyevlar hayotda o'z o'rinlarini topib, ota degan masu’liyatni biror soniya ham unutmay oilalari ravnaqiga rahnamolik qilib kelmoqdalar. Ro’zg’ori butning turmushi totuv, dili shod. Balki shu boisdan ham ovsinlar na qaynonalari bilan, na o'zaro san-manga borib, arazlab ketib qolish tugul, shunchaki ko'ngil qolarli gap-so'zlarga borishmagan. Shuning uchun ham ularning topganiga baraka qo'shilgan bo'lsa qo'shilganki, ko'tarilmayapti. Dastlab bobolari Otakishi ota, endi esa o'z padari buzrukvorlari Abdug’ofir akaning mehnatlari singgan zaminda ulg'ayishgan Hasanboy, Husanboy, Nurmuhammad, SherMuxammad. Muhammadsoli, Ermuhammad, O'tkirbek, Xayrullo, Lutfullolar ham qadrdon dalasidan bir qadam nari ketgilari kelmaydi.
Bosh egalarining amriga quloq tutgan yostiqdoshlari Hidoyatxon, Sobiraxon, Ravzaxon, Rislig'oy, Shahzodaxon, Dilfuzaxon, Nargizaxon, Matlubaxon, Baxtigullarni aytmaysizmi?! Ularning hech biri ba’zi bir tantiq kelinlarga o'xshab, “Shunday chekka joyda yasharkanmanmi? ” demay, erlarini er o'rnida ko'rib, baxtiyorlik shukuhiga yetib, bola-chaqalarining orzu- havaslarini ko'rib yurishibdi. Ularning barchasi uy-joylarini ham shundoqqina qaynona-qaynotalarining tevarak-atrofiga tiklashgan.
- Otam yurgan shu qadim tuproqqa kindik qonim to'kilgan. Menga o'xshab farzandlarim ham shu tuproq haqqi undan mehrini uzolmay shu yerda birgamiz. Vatanning har qarichi, bir siqim tuprog'i ham be’baxo nemat. Shuni qadriga yetgan kishi qadr topaveradi. Umrida zavol ko'rmaydi. Keksa otaxonning Vatan
haqidagi yuqoridagi fikrlari, unga bo'lgan hurmati, muhabbati beqiyosligi, samimiyligi, beg'uborligi eʻtirof etishga ming bora loyiq. Minglab o'zbek oilalariga xos baxti bekamlik nashidasidan sarxush Otaboyevlarning turmush tarzi soddaligi, to'kinligi bilan havasingizni keltirishi tabiiy.
Biz ham shu asnoda fahrlanish hissi bilan Sarvari olamdan to'qqiz kelinning sarkori Malikaxon ayadek fahm-farosatli ayolga va uning umr yo'ldoshi Abdug’ofir otaga ro'shnoliklar bo'laverishni tilak qildik.