Chiroylikkina qizchani yetaklab kelayotgan erini kurib Gulafzoning xayoli to'zg'idi.
Chiroylikkina qizchani yetaklab kelayotgan erini kurib Gulafzoning xayoli to'zg'idi. O'zi ishdan charchab kelib, endi Oshxonaga kirgandi. Qizcha quyib-quygandek eriga o'xshardi. “Yo'q, asabiylashmayman, hammasi Xudoning irodasi!”, - o’zga-o'zi tasalli berardi u. Zarb bilan eshikni ochgan eri, istehzo bilan:
Kutib olgani chiqmaysan ham, qara, kimni olib keldim.
- Xozir, hozir, Zarinami?
-Qizimiz seni sog’inibdi, qanaqa ertak aytganding unga?
“Qizimiz”... Gulafzoning ruhi tushib ketdi. Ertakni eslashga urinib, horg'in jilmaydi. Qizchani o'parkan, yana xayoli bolalariga ketdi. Eh-he, bu eri ne karomatlar ko'rsatmadi. Yetti uxlab tushiga kirmagan qiliqlarga faqat Gulafzo chidadi. Onasi juda hokisor itoatgo’y ayol bo'lib:
Qizim, ering podshohing, unga podshodek muomala qilsang, malikasi bo’lasan. Qulga qilingandek muomala qilsang qulning xotini – cho’ri bo'lasan. Cho'rida na davlat, na izzat, na farzand bo'ladi. Sen malikaning qilig’ini qil. O'ynab- kulib ish qilsang, barkamol bo'lasan. Zarga belanib yur. Odmigina ko'ylakda ham menikiga bir kelib ketsang: “Qizi baxtli, eri, bolalari bor”, deydilar. Shu ering uchun kerakligini bilib yashashning o'zi baxt, degandi.
Xayolidan shular kecharkan, erining: Guli, bunga qara, yana senga salom berayapti, deganini eshitdi.
Kechadan beri senga, ya’ni ayamga boraman, deb bezori jon qilibdi, deya eri qo'lidagini Gulafzoga uzatdi. - Bu kabob. Dasturxon tuza, mazza qilib o'tiraylik.
Gulafzoning asablari tarang tortilib borayotgan bo'lsa-da, onasining gaplarini yana bir bor esladi. O'zini bosib oldi. Tez shakarob tayyorladi. Dasturxon yoza turib erining ishlarini esladi.
Ilgari u Gulafzoni hayron qoldirib, bir ayolnikiga olib bordi. Dasturxon ustida: “Ana endi dugona bo'ldinglar bordi-keldi qilaverasizlar”, degandi. Sho'rlik Gulafzo shunda ham hech narsani tushunmagandi. “Ajoyib ayol ekan, ochiqqina”, – dedi. Eri o'g'ilchasiga surbetlarcha ikkinchi ayang deganida qotib qoldi. O'zini zo'rg'a tutib o'tirdi-yu, uyga kelgach portladi. Yuragida nimaiki bo'lsa to'kib soldi. Hech narsa demasdan ertasi kuni bolalarini olib otasinikiga ketdi. Uydagilarning fig'oni falakka ko'tarildi. Hamma o'zicha gapirar, Gulafzoning gapi bitta edi: "Bo'ldi, u bilan yashamayman, bolalarni guldek boqib katta qilaman", - deya o'ziga-o'zi suz berdi va otasinikida yashay boshladi. U haqda umuman gapirmasliklarini, eslatmasliklarini o'tinib so'radi. Nima bo'lganiga uydagilar xayron, ko'chada eri bilan salom - alik qilardilar.
Oliy maʻlumotli emasmi, ishxonasida yildan-yilga mavqei oshib borardi. O'zining aqlu farosati, maslahatlarini olish uchun ota-onalar kelardilar. Qizchasi mayli, o'g'ilchalari otasini ko'rdi deguncha, yelimdek yopishib olishardi. Unga sari “Ketamiz!” deb yig’laganlari-yig'lagan. Eri juda bolajon edi, ularning ra’yiga qarar, o'ynatar, xoxlaganlarini olib berardi. Ketishida bolalar otalariga qo'shilib ketganlaridan keyin Gulafzoning ichini it tirnardi. Ustilari ochiq qoldimi, gazni o'chirdilarmikan? Onasi yig’lab- siktab Gulafzoga maslahat berardi. Uning onasi shunaqa ayol ediki, vafot etgan dadasining orqasidan ham sizlab gapirar, “Er yarim pir bo'lsa, qaynona butun pir bolam, hech bo'lmasa qaynonangni gaplarini tushun, hamma ona ham bolam yomon bo'lsin, demaydi. Hurmating shu-da:…. Ikkalasi ko'p yigl’ashdi....
Yo'q, o'sha safar Gulafzo xech kimni eshitishni istamadi. Ammo bir voqea yurak tubini chirsillatib o'tdi.
Bolalar o’ynab o'tirishardi. Akasi ishdan keldi. Qiy-chuv bilan bolalar unga peshvoz chiqishdi. U azaldan qo'polroq bo'lgani uchunmi, bolalar undan hayiqishardi. O'sha kuni akasi bolalarini boshi uzra kutardi. Bolalar qiyqirib kular, otalarining bo'ynidan quchib, chuvillardilar. Gulafzoning ko'zi birdan o'zining bolalariga tushdi. Otasi oldida nimaiki sho'xliklari bo'lsa qiladigan, erga ursa ko'kka sapchiydigan ikki o'g'ilchasi, qizalogi bir chekkada mungayib o'tirishardi. Og’ziga kulchasini solgancha kichik o'g'ilchasi ko'zlarini mo'ltiratib o'tirardi. Gulafzoning yuragi uzilgudek bo'lib, akasining uning bolalariga eʻtibor berishini ich- ichidan istadi. Buni aynan uqqanday aka- si: “Kani bu yoqqa kel-chi”, deb bolalarini chaqirdi. Shunda kichik o'g'ilchasi yugurib Gulafzoning yoniga keldi. Tizzalariga bosh qo'yib, qo'lchalari bilan oyog’ini siqdi. Dadasini eslab, huzur tuygandek Gulafzoga ma’yus karadi. Va birdan: "Dadam qachon keladilar?” deb so'radi. Lekin ko'zlaridan tinmay yosh oqardi. Shunda akasi: “Dadangni nima qilasan? O'zim dadang bo'laman. Yo'q bo'lsin unaqa dada”, - dedi ters gapirib.
Shunda o’gilchasi Gulafzoning tizzalariga mushtlari bilan ura ketdi. “Yo'q, yo'q o'zimning dadam yaxshi, asal dadam, ketamiz, ketamiz”, deb chinqirab yig’ladi. Gulafzoning ko'ngli bo'sh emasmi, qo'shilib yig’lar ekan, uni bag'riga bosdi.
Tunov kuni katta mansabda ishlaydigan, ko'rkam kishi u bilan tanishgani kelgan edi. O'z mashinasi emasmi, o'g'ilchasiga rulni ham berdi. Baribir o'g'ilchalari yotsirardilar. Bolasi bo'lmaganligi sababli uch bolasiga mexr ko'rsatmoqchi edi u. Pokiza, tarbiyali ayolga muhtoj bu erkak: “Bolalarini o'z bolamdek ko'raman”, deb har kuni kelardi. Lekin o'g'illari undan begona sirashardi.
Ayniqsa, o'g'li isitmalaganda ukol qilisha olmadi. Uni faqat otasi ko'ndirar va ushlab turardi. Otasining gapi uning uchun qonun edi. Shunday sho'x bolaga otasi qattiq taʻsir etardi. Oxlamoqchi bo'lib injiqlik qilayotgan bolasini qo'lida ko'tarib uxlatardi. Shularni o'ylar ekan qat ‘iyat bilan:
-Haydagan bo'lmasa, uning o'ziku undan ajralaman, deb uyidan ketgan. Bolalarni ota muhabbatiga zor etish gunohdir...
Mana shularni o'ylar ekan, « Yarashmay- man!” deb o'ylagan Gulafzo, eri yana kelganida bolalari bilan qo'shilib o'zi ham ketdi. Qizchasi Dilrabo chug’urlab hech otasining quchog'idan tushmasdi. Uning qalbi keng, mehridaryo, bolalarini sevardi.
Zarina - kundoshning bolasi. Eri uni olib kelgan kunlar u: “Ayajon!” deb bo'ynidan quchoqlab yotardi. Zarina Dilrabo bilan opa-sin gil, inoq, ko'z oldida o'sayapti. Ammo, Gulafzo bir haqiqatni tushundi. Bildiki, yaxshi er, bamani ota, vafodor yor topishi mumkin ekan-u, lekin bolalari o'z otalarining mehrini hech qachon boshqadan topa olmasligini tushunib yetdi.
Mayli, u bu dunyodan yakka o’tsa o'tsin, mayli bir malhami do'st topilmasin. Bolalarining ko'ngli otasizlikdan o'ksimasin, taqdiridagi bu mash’um kemtiklikni jigarlari his etmasin.
Unga bolalarining bir laxzalik quvvati, baxti dunyolarga teng... Gulafzo shularni ko'nglidan kechirarkan, xoin eriga, eri ortidan kelgan qizaloqqa, o'z farzandlariga, xovli joyiga, osmonda porlab turgan quyoshga qarab jilmayib qo'ydi.