O’zga Yurtda beqadr malikalar

By Maxfirat Atoyeva, …, in 2005

Boshqalarga nisbatan yaxshiroq yashaydigan huquqshunos tanishimni ishxonasiga yo'qlab borsam: “Koreya davlatiga ishga ketgan”, deyishdi. Hayron bo'ldim. “Balki mutaxassisligi bo'yicha ishga yuborishgandir...” - degan o'yga ham bordim. Shu bo'ldiyu, uni bir necha yil ko'rmadim.
Bir kuni ishxonamga qo'ng'iroq qilib, Koreyadan kelganini yaqinlari, tanishlarini chaqirganini aytdi. Uyiga borib “lol” qoldim, hamma jihozlar yangi, darvozasi oldida yap-yangi “Neksiya”! Ikki yildan oshiqroq vaqt ishlab u ancha-muncha boylikka ega bo'lgandi.
-Topganlaringiz nasib qilsin, ko'rganlaringizdan gapiring, nima ish bilan mashg'ul bo'ldingiz?- dedi davradagi ayollardan biri.
- Cho'chqaboqarlarga omuxta yem tarqatdim, o'zim ham cho'chqa boqdim, tagini tozaladim, pul kerak bo'lsa ishlaysanda, beparvo so’zlardi huquqshunos ayol.
- Bu ishlarni erkaklar bajarmay dimi, axir uyda qo”lingizni sovuq suvga urmasdingizku, o'stirgan tirnoqlaringiz qani? kulishdi ayollar.
- U yerda erkak ayol degan gap yo'q, qaysi ishga ko'proq haq to'lashsa ishlayverasiz...
Boshqalarni bilmadimu, men dahshatga tushdim. Erni, 4 bolasi, yaxshigina ishini tashlab pul, mol-dunyo deya odam o'zini shu qadar xoru-zor qiladimi?....
Yana bir misol:
Bir yillik shartnoma bilan Rossiya shaharlarida ishlab, yaxshigina daromad bilan qaytgan muallima juvon esa boyvuchcha bir qariyaga tuvak tutgani voqeasini, yana bir shifokor ayol esa farzandlarini tashlab ketib, bir oilada tug'ilgan chaqaloqqa bir yil enagalik qilib pul topganini so'zlaganda hayratim yana oshadi.
Bir yillik o'tgan umrimni sarhisob qila boshlayman. Bir yil farzandlari, yaqinlaridan olisda boshqa bir oilada ko'chaga chiqmay (ko'chaga chiqishsa osha joy xisobida emasliklari uchun qamab qo'yisharkan, yoki jarimaga tortisharkan) yashash azob. O'z yurtida shohona yashaganlar, o'zga yurtda cho’rilik qilishdan orlanishmaydimi? Qani millat g’ururi, shani? O'zga yurtdagilar bular ustidan kulganini, xo'rlab toptaganini nahot anglab yetishmadi ekan bu dugonalarimiz. ... Yaqindagina yana bir suhbatdan dahshatga tushdim. Go'yo keliniga "yaxshilik" qilayotgandek qaynona quvonch va g’urur bilan so'zlardi:
- O'rtancha o'g'lim 3 yil Koreya davlatida ishlab keldi. Qo'shnimning eridan ajralgan qizi shu muddatda ikki baravar ortiq pul topib keldi, sababini so'rasam: "Erkaklar pul jamg'arolmaydi, ichadi, dedi. Endi o'g'limni saqlab kelinimni yuborayapman. 3 bolasi hali yosh, o'zim qarayman, mazza qilib ishlab kelsin! Xali 30 yoshga xam to'lmagan niholdek kelinchakka razm solaman. 3 yil erini kutib tirik "beva" bo'lgan bo'lsa, endi o’zi ketib eri yolg’iz qolsa?
Ayni er-xotin bir-birining mehridan to'ymaydigan, farzandlarining sho'x-shodon qiliqlaridan yayraydigan kunlarini ayriliqda o'tkazishsa? Hayot qonuniyatlaridan ko'z yumib bo'larmikan, bir, ikki, uch kun emas 3 yil ularning har ikkisining ham xiyonat tomon oyoq bosmoqlariga hech kim kafolat berolmaydi? Dunyodagi xech qanday pul, mol-dunyo oilamizga o'tgan tinch xotirjam kunlar o'rnini bosa olmaydi. Biz shukr qilishni, qanoat qilishni unutib qo'ydik. Men pul topishga qarshi emasman, pul
hammaga kerak, hammaning ham yaxshi yashagisi keladi.
Lekin nimaniki tez va ko'proq topishga erishsak, uning evaziga yana nimanidir tez va ko'proq yo'qotamiz ham. Yana bir narsa tashvishlidir. Nega bugun ayollarimiz faolroq, erkaklar bemalolroq bo’lishdi? O'zi uyda qolib xotinini xorijga yuborayotgan erkaklarimizning qaysi bir yo’llar bilan olib kelayotgan pullaridan hazar qilishmaydimi? Dugonalarimizning bugun o'zga yurtda cho’rilik qilib topayotgan millionlari ertaga farzandlari, atrofidagilarga yuqtirgan “Dard” bo'lib jamiyatning : xastalanishiga, millat buzilishiga olib keladi. Farzandlarimiz uchun bugun hamma narsani muhayyo qilayotganimiz yaxshiligimiz emas, balki o'zimiz bila turib ularni chohga itarayotganimiz. Bugun qiynalib-qiynalib o’qiyotgan, tayyorlanayotgan, hunar o'rganayotgan bola ertaga bolaligi shohona o'tganlar ustidan yaxshi maʻnoda hukmronlik qiladi.
Yana Koreya va Rossiya davlatlarida ishlab katta mol-dunyoga ega bo'lgan juvonlar va kelinini xorijga ishga yuborayotgan qaynona voqealariga qaytaman. Bugun dunyo dardiga aylanib borayotgan odam savdosi illati ham, arab davlatlariga pul ishlagani borib aldanib qolayotgan qiz-juvonlar taqdiri ham o'sha ayollar qalbida in qo'ygan ochko’zlik, molparastlikning mevasi emasmi?
Mening bu yozganlarimga e’tiroz bildiradiganlar ham bor albatta: “Ish yo'q, maosh oz va hokazo”. Lekin xorij davlatlariga borayotgan ayollarning aksariyati oliy ma’lumotli, yaxshi mutaxassis, yashash tarzlari ham binoyidek. Faqat ular kalbidagi oriyat, g’urur, shan, sadoqat o’lib bo’lgan. Bundaylar puldan boshqa narsa haqida o’ylayolmaydi.
Ma’naviyat, oqibat, ertasiga ishonch, qanoat yo’k ularda. Ayol kishining oilasini saranjom-sarishta, pokiza tutishi, bolalari tarbiyasi bilan band bo’lish o’rniga chet ellarda sang’ ishi Yaratganga ham xush kelmaydi. Bas, shunday ekan, o’z oilasi, yurtining iloxalari! Siz hech qachon o'zga yurtlardagi beqadr “Malika”larga havas qilmang, aslo!