O’sha muhabbatning istiroblari

By Basira Saydaliеva, in 2005

Taxririyatingizga kelishga keldim-u, ammo, to'rtinchi qavatga ko'tarilib, qalbimdagilarni aytishga jurʻat eta olmay pastda ancha turdim. Bir nechta sigaret tutatib, o'ylab-o'ylab baribir hammasini aytishga qaror qildim. - dedi baland bo'yli, qorachadan kelgan yigit. Ismi Mirolim ekan.
- Demak, aytmasangiz bo'lmaydi, aytavering! Sizning dardingiz ancha eskiga o'xshaydi. Yillar o'tsa-da, unuta olmay qiynalayotganingiz sezilib turibdi, dedim Mirolimga.
Shunday opa! Ochig'ini aytsam, bu voqeaga Faridamdan ayrilganimga 5 yil bo'ldi. U mendan ancha yosh edi. Uylanmasdan onamni kuydirib ancha yurdim. Oxiri Farida ismli yoshgina bir qizni yoqtirib qoldim. Bu paytga kelib, ishlarim yurishib ketgan, yaxshi topardim. Faqat uyda kelin yo'qligidan onam har kuni xafa bo'lardi. Xullas, shu Faridaga sovchilikka borishdi. To'y ham bo'ldi. Biz juda yaxshi yashay boshladik. Onamning ham quvonchi ichiga sig'masdi. Men Faridamdan 18 yosh katta edim. U hali yosh, menga qaraganda quvnoq edi. U o'yin-kulguni, qo'shiqlar, sho'x-sho'x raqslarga tushishni yoqtirardi. Ayniqsa, qarindosh-urug'larnikiga to'yga boradigan bo'lsak, xursandchilikdan gul-gul ochilib, qo'g'irchoqdek chiroyli kiyinib olardi. Tabiiyki, uni sevar, xammadan qizg'anardim.
Oradan ikki yil o'tdi. Negadir uning bo'yida bo'lmadi. Bu xotinimning parvosiga kelmasada, onam bilan men xavotirga tushdik.
- Shifokorlarga ko'rsatmadingizmi uni?
-Ko'rsatdik. Onam ancha joylarga olib bordi. Bir kuni Olmaliqda yashaydigan xolam kelib qoldi. O'zlari yashaydigan joyda bir tabib borligini aytib, Faridani olib ketib qaratmoqchi bo'ldi. Biz rozi bo'ldik. Haftaning oxirida yaʻni, shanba kuni borib uni olib keladigan bo'ldim. Hamma balo shundan boshlandi. Aslida yubormasam bo'lar ekan... dedi Mirolim "ux" tortib,
Boya aytganimdek, uni juda yaxshi ko'rardim. Chidab turolmasdan juma kuni tushdan so'ng mashinam bilan yo'lga chiqdim. Quvonchdan qo'shiq aytgim kelardi. Chunki Faridani ming yildan buyon ko'rmagandek sog’ingandim. Lekin xolamning mahallasiga yaqinlashganimda kutilmaganda yuragimda g'ashlik paydo bo'ldi. Gʻashlik xolamning uyiga yaqinlashganim sayin kuchaya boshladi. Bu g’ashlik bejiz emas ekan....
Mashinadan tusha solib o'zimni uyga urdim. Uyda xolam paypoq to'qib o'tirar, boshqa xech kim yo'q edi. Dahshatga tushibman deng. Ammo, xolam bamayli xotir:
Voy, keldingmi bolam! Farida qo'shnining uyiga qo'shiq eshitgani chiqib ketgandi, - dedi.
Xolam ko'rsatgan uyga chopdim. Darvoza ochiq ekan. Endi kiray, deganimda xotinimning jarangdor kulgusini eshitib, turgan joyimda qotib qoldim. Ichkaridan sho'x musiqa, qo'shiq eshitilardi. Bir yigit tor chalib, kuylardi. Farida esa... Divanda barmoklarini shaqillatib, oyoklarini do’pillatib, chayqalib o'tirardi.
Rashkdan o'zimni boshqarolmay qoldim, borib uni qo'lidan siltab tortib turg’azdim. U pinagini ham buzmay, salom berdi. Men esa uni tortib uydan olib chiqarkanman, xotinimning jilmaygancha haligi yigitga bosh silqiganini ko'rib qoldim. Xolamning aytishicha, tabib shu yigitning onasi ekan. Buni shun- day qabul qilsam ham bo'lardi. Ammo, men erkak, qolaversa xudbin xam edim-da.
-Oilangizga shu voqea sovuqchilik soldimi?
- sovuqchilik solsa ham mayli edi-ya... Men shu zahoti Toshkentga qaytdim. Yo'l- yo'lakay Faridani so'kib, yig'latib keldim. U esa... Yigitning oyoqlari shol bo'lib qolganini, uning qo'shig'ini eshitish xam bechoraning ko'nglini ko'tarishi mumkinligini aytib, meni insofga keltirishga urinardi. Ammo, men Faridaning yetti pushtini bo'ralab so’kib ketardim.
Uyga kelgach, voqeani qo'shib-chatib onamga aytib, sal tinchidim. Endi onam xam unga zaxrini socha boshladi. Oxiri Farida uyiga ketib qoldi. Ortidan bormadik. Bir yildan so'ng ajrashdik. Ancha o'zimni kechira olmay yurdim. Tushlarimda Faridani ko'rardim. Uni shunday armon bilan sog'inardimki...
- Nega yarashib qo'ya qolmadingiz?..
Chunki, uyidagilari uni allaqachon uzatib yuborishgandi. Keyinchalik men xam uylandim. Ammo far- zandimiz bo'lavermadi.
Bir kuni sog’inchdan shu qadar ezildimki, Faridani ish joyiga izlab bordim. U ham meni ko'rib avvaliga xursand bo'lib ketdi. So'ng sarosimaga tushib qoldi, ko'zlariga yosh qalqdi. - Farida! Kechir meni! Rostini aytgin, o'shanda oralaringda...
Yo'q, Mirolim aka! U bechora o'rnidan tura olmaydigan, sho'rlik insonligini sizga aytgandim-ku! Ammo, siz tushunmadingiz, - dedi. Xayrlasharkanmiz uning homiladorligini ko’rdim. Bir alamim ikki bo'ldi. U ikkinchi farzandi ekan. Farida ortiga qaray-qaray ichkariga kirib ketdi, men esa ortimga ketdim. Agar o'shanda sal bosiqroq bo'lganimda yoki onam meni sal vazminroq bo'lishga undaganda, biz ayrilmasdik. Bilaman, u ham meni unutmagan, o'zim xam bir umr Faridani o'ylab yashasam kerak, - deya u Faridasining sur’atini ko'rsatdi.
Bir-birini qo'lidan mahkam tutgan oq libosli suluv qiz bashang kiyingan kuyovning yelkasiga bosh qo’yib baxtiyor jilmayib turardi. Ular bir-biriga juda mos edilar. G’urur va rashk degan tuyg'ular ikkisini ikki tomonga otib yubordi. Endi ular hayot ummonining ikki sohilida yashashga mahkumdirlar. Ha, azizlar! Nimaiki bo'lganda ham o'ylab ish tutgan yaxshi. O'sha ilk muhabbat hech qachon unutilmaydi. O'ylamasdan ish tutishning oqibati esa... Iztirob va pushaymonlik... Bu iztirobni esa xech kimga ravo ko'rmasdim