Men esimni tanigan paytlarimda onam og’ir betob edi
Men esimni tanigan paytlarimda onam og’ir betob edi. Undan sira ajralgim kelmasdi. Chunki, u kasalxonada ko'p yotar, kasalxona uyimizdan uncha uzoq bo'lmagani uchun, baʻzan uni sog’inib, oldiga borib ham turardim. Oldidan sira ketgim kelmasdi,-deya bir voqeani aytib berdi zavodda rahbar bo'lib ishlaydigan qo'shnimiz.
- Onam bechora meni bag'riga bosib yig’lar, so'ng: -Bolajonim! Qani edi seni kata bo'lganingni ko'rsam! Bir kuni yaxshi inson bo'lib ulg'ayib,o’qishga ham kirarsan. Qani endi o'sha damlarda xam yoningda bo'lib, seni duo qila olsam... – dedi armon bilan.
Bir kuni o’nab yurib uyga kelsam odam ko'p qo'shni kampirlar ham pichirlab o'tirishardi. Ular nimagadir taraddud qilishardi. Bittasi boshimni silab:
Essizgina, bola hali yosh, onasining mehriga to'ymay o'sadigan bo'ldida,-dedi. Men bu gapni eshitib vahimaga tushdimda, ularning qo'lidan chiqib kasalxonaga qarab yugurdim. Panjaradan oshib tushib, onam yotadigan palataning oynasini taqillatdim. U yerdagi ikki ayol har gal derazani ochib meni ichkariga tortib olishardi. Bu gal ham shunday qilishdi. Negadir ko'zlari yosh edi. Men darhol onam karavoti yoniga borib, mahkam quchoqladim. Onam ko'zlarini ochib menga qarab bir jilmaydi, so'ng yana yumdi. Shundan keyin uni qancha chaqirsamda, ko'zlarini ochmadi. Keyinchalik eshitsam, onamning vafot etganiga yarim soat bo'lgan ekan. Qandaydir mo’jiza bilanmi, ilinj bilanmi men borganimda ko'zlarini ochibdi.
Oradan bir yil o'tgach yana bir voqea yuz berdi. Men ko'pincha qishlog'imizning chetidagi jarlikda mollarimni o'tlatib yurardim. Bu ishim uchun otam meni qattiq urishardi. Chunki, o’sha jarlikka tushgan odam qaytib chiqa olmasdi. Jarning tubidagi botqoqlik bag’riga tushgan hamma narsani o’z qa’riga tortib ketardi. Bir-ikki marta mollar xam tushib ketgan bo'lib ularni bizni ko’zimizning oldida botqoqlik yutib ketgandi. Xuddi ana shu jarlik bo'yidagi olma daraxtining ustiga chiqib olma yeb o'tirgandim. Kutilmaganda men o'tirgan shox sinib, jarlikka yiqildim. Yomon tushganim yo’g’u, lekin botqoq, mash’um botqoq meni asta-sekin o'z domiga tortayotganini tushundim. Kech bo'lib qolganligi uchun atrofda zog' ham yo'q edi, qo’rqib dodlab yig’lay boshladim. Yosh bo'lganim uchun, o'lim nimaligini bilmaganman. Ammo, shu lahzada negadir onamning nigohlarini his etdim. Nazarimda onam xuddi jarlik tepasidagi daraxtlar yonidan menga tashvish bilan qarab turgandek tuyulardi. Beihtiyor bor ovozim bilan: “Onajo-o-o-n, yordam bering”! Meni Buni qarangki, o'sha onam ko'ringan tomondan birdaniga qattiq va kuchli shamol esdi. U shunday to's-to'palon bilan guvillardiki, dunyo ostin- ustun bo'lib ketayotgandek tuyuldi. Dahshatdan ko'zlarimni yumib oldim. Ko'zimni ochsam jar tepasidagi baland daraxtlardan biri ag'darilib naq yonimga tushibdi. Men bu vaqtda belimgacha botqoqqa botgandim. Jon holatda daraxtning shohlariga tirmashdim. Yarim soat harakat qilib, daraxtning shoxlariga osila-osila jarning tepasiga chiqib oldimda, yig’lab yubordim. Buni qarangki, endi boyagi to'fon ham tinchigan, atrof sokin edi. Mayin shabada kelib yuzlarimni silaganida xuddi onamning qo'llarini his qilgandek bo'ldim. Mana shu ikki voqea mening olisdagi bolaligimga abadiy muhrlanib qoldi. Oradan yillar o'tdi. Onam orzu qilganidek o'qidim, ishladim, mana shu lavozimga yetdim. Hozir farzandlarim bor. Baxtliman. Garchand, ona mehriga to'ymagan bo'lsamda, lekin, bir umr uning mexrli nigohlarini his etib yashadim. Hozir ham har bir yaxshi va og'ir kunlarimda ham onam yonimda turgandek bo'laveradi.