Ko’zingizni Kattaroq oching

By Nilufar, in 2005

Sadoqatxon, maqolangizni qayta-qayta o'qib chiqdim. Sizga qanchalik og'ir bo'lmasin fikrimni ochiq bayon etmoqchiman. Yo'q!!! U yigit sizga mos emas. Nima uchun bilib turib o'zingini do’zahga otmoqchisiz. Axir siz 17 yoshli qizcha emassiz-ku! Oqila yoshdagi qizsiz-ku. Mening fikrimcha, siz odamlarning gap-so'zlaridan charchagansiz. Tengdoshlaringizning hayotiga havasingiz kelganligi tufayli tezroq turmushga chiqmoqchisiz.
Oilangizda ham o'zingizni ortiqchadek his etsangiz kerak. Aks holda uylanib ajrashgan, qaltis ishga aralashib 2 yilga bekor ketgan, urishqoq, tez- tez qayerga ketganini aytmay yo'qolib ketadigan, vaʻdasida turmaydigan beburd, yolg’onchi yigitga turmushga chiqishni istamasdingiz. Nahotki qayerga ketayotganini aytmasa?! Siz bilan bor-yo'g'i yarim soatgina gaplashsa-yu xayrni nasib qilsa. Sadoqatxon, ko'zingizni kattaroq oching. Kelajagingiz hali oldinda. O'zingizni hor qilmang. O'tirgan qiz o'rnini topadi. yuragingizga qulok soling. Yuragingiz xotirjammi? Yo'q, u bezovta ! Yuragingiz Sezyapti u yigit sizning tengingiz emas. Balki, endi yoshim o'tib qoldi, men tengi uylanmagan yigit qolmadi ahir, dersiz. Ahir iymonli, biror sabab tufayli oilasi buzilgan yoki xotini o'lgan yigitlar xam bor-ku. Sizning yoshingizda ko'proq aql bilan ish qilish darkor. Uni sevaman, unuta olmayman, debsiz. Mayli,
turmush ham qurdingiz deylik. To'ydan keyin yana 6 oylab yo'qolib ketsa nima qilasiz. Bilib turib turmushga chiqqansizku. Balki hammasi o'zimning qo'limda, o'zim tarbiyalayman, deb o'ylayotgandirsiz. Menimcha, Botir akangiz tarbiyalanadigan yoshdan o'tganlar. Sadoqatxon, zerikmang, hali hammasi yaxshi bo'lib ketadi. O'zingizni qo'lga oling. Kelajakda baxtli bo'lib ketishingizga o'zingizda ishonch hosil qiling. Keling, o'zim haqimda gapirib beray.
Birinchi turmushim buzilgach, qayta turmush qurmaslikka ont ichdim. Chiqqan qiz uyiga ham sig'maskan. Uyimdagilarga bu yoqmadi. Yaxshiyam ertalabdan kechgacha ishda bo'laman. Ko'zlariga kamroq ko'rinaman. Shunday qilib, itdan ham, bitdan ham sovchilar kelaverdi. Men ham qaytaraverdim. Qo'rqardim, yana avvalgidek holat takrorlanadigandek edi. Ya’ni qaynonaginam har xil tuhmatlar bilan erimni bezdirayogandek ediyu, yana ota uyimga qaytayotgandek edim. Baxtli bo'lib ketishimga sira ishonmasdim. Birinchi turmushim qishlog'imizdan edi. Qaynonaginam men haqimda bo'lmag’ur gaplari bilan qo'shni qishloqdagilarni ham zaharlab ulgurgandi. Qo'shni qishloqdagi lar bilan to'y-po'yda gaplashib qolsam ular menga: - “Siz palonchining kelini edingizmi? Sizni boshqacha ta’riflovdi-ku? ”, - deb hayratlanishardi.
Xullas kunlardan bir kuni qaysidir gazetadan o'z-o'zini ishontirish mashqlarini o'qib qoldim va shu usulni ishonib ishonmay qilib ko'rdim. Men o'z-o'zimni kelajakda baxtli bo'lishimga ishontira boshladim. Men nihoyat ishondim va baxtimni intizorlik bilan kuta boshladim.
Nixoyat 30 yoshimda uzoq 7 yil kutilgan kun keldi. O'zimdan 2 yosh kichik uylanmagan yigitga turmushga chiqdim. Avvaliga qaynonam to'yimga qarshi chiqqan bo'lsalar, hozirda u kishining eng sevimli kelinlariga aylandim. Turmush qurganimizga 11 yil bo'ldi. 2 qiz, 1 o'g'limiz bor. Bir-birimizni hurmat qilamiz. Hech qachon bir-birimizni aldamaymiz. Baxtning kechi yo'q ekan, muhimi ishonch ekan.
Turmushimdan ajrashgan vaqtimdagi mish-mishlarni aytmaysizmi. Sobiq qaynonaginam buzuqdan tortib, xotinlikka yaramaslikkacha chiqarib qo'ygandilar. O'sha vaqtda qanchalik siqilib zerikkanim o'zimu xudoga ayon. Lekin baribir sabrli bo'ldim va baxtimni kutdim. Muhimi ishondim va baxtli bo'ldim. Siz ham sabrli bo'ling. Ishoning, kuting. Baxtli bo'ling. O'zingizni ish bilan ovuting. Biror hunarni egallang. Sizga baxt tilab: