Do’stga Zor, dushmanga xor qilmasin
Farzandni mehr bilan tarbiyalab, joningni joniga ulab voyaga yetkazsang- u yoshliging o'tganda kuch-quvvating ketganida ozgina mehr ko'rmasang qiyin ekan. Men bir oilani bilaman. Ota ichkilikka berilib, 7 farzandini xotiniga tashlab uydan chiqib ketgan. Ona yolg’iz o'zi qizlarini turmushga berdi, o'g'illarini uylantirdi. Farzandlar, aqlli- hushli bo'lib, onalarini hurmat qilishadi. Oradan necha yillar o'tdi. Bir kuni mahalla oqsoqoli bir kishini uchratganini, u xarob ahvolda ko'chalarda yumalab, to'g'ri kelgan joyda yotib yurganini, bu o'sha ularni tashlab, ichkilikka ruju qo'ygan otalari ekanligini o'g'illariga aytadi. O'g'illar maslahatlashib o'sha odamni izlab topishdi, og’ir axvolda kasalxonaga yotqizishdi. Ammo, ichkilik uni xarob qilib ulgurgan ekan. Kasalxonada olamdan o'tgan otani uyga olib kelib, mahalla qariyalari boshchiligida qabrga qo'yib, barcha maʻrakalarini o'tkazishdi.Otamiz avvalroq kelganida ham davolatar edik. Kattamiz 15, kichigimiz 4 yoshligida uydan chiqib ketganicha bedarak yo'qoldi. Izlab topolmaganmiz, deya otalarining erta xazon bo'lgan, yellarga sovrilgan umriga achinishdi farzandlar.Axir u endigina 55 yoshda edi. Xullas, bu dunyoda turfa xil odamlar uchraydi. Biri oilasining yuziga oyoq qo'ysa, yana biri bolalarini tirik yetim qiladi. Noqobil farzandlar esal ota-onaning qadriga etmaydi. Shundaylarga Yaratgan qodir egam insof bersin.