Ko’z Yoshlarning uvoli

By Sofiya Uzoqova, …, in 2004

Anvarjon oilada yolg’iz o'g'il bo'lib, onasi, xotini va uch nafar farzandi bor edi. Tinchgina yashab yuruvdi. Kunlarning birida u ham ko'p qatori pul topgani Rossiya tomonlarga jo'nab ketdi. Oradan besh-olti oy o'tib, qaytib keldi. Uni ko'rgani dastlab opa- singillari, qarindoshlari kelishdi.
Bu xabarni eshitib, xotinining ishxonasidagi hamkasabalari ham yo'qlashdi. Kelganlar orasida xotinining Dilfuza ismli dugonasi xam bor edi. U ikki farzandi bilan eridan ajrash gan, yengiltak bir juvon ekan. Shu kundan boshlab u Anvarjon bilan eski qadrdonlar singari inoq bo'lib qoldi. Yigit juda tortinchoq, kamgap, shu bilan birga o'ta sodda edi.
Shundanmi, Dilfuza Anvarjonni tez orada o'ziga og'dirib oldi. Tabiiyki, S undan Anvarjonning opa-singillari, xotini, onasi xabar topishdi. Endi Anvarjon uyiga kechalari kelmaydigan. Dilfuzaning yonida qoladigan odat chiqardi. Bunga na Dilfuzaning ota-onasi, na uning kap-katta bo'lib qolgan ikki o'g'li eʻtiroz bildirmadi.
Bora-bora Anvarjon uyiga butunlay kelmay qo'ydi. Xotini avvaliga indamay yurdi. Bu orada uning bo'yida borligi ma’lum bo'lib qoldi. Dilfuza esa andishaning otini qo'rqoq bildi shekilli. Anvarjonni yetaklab kelib, janjal qiladigan, ba’zan esa uning xotini bilan mushtlashadigan bo'ldi. Bu orada Anvarjonning xotini qiz ko'rdi.
Shunda Dilfuza Anvarjon bilan kelib uyda xech kim yo'qligidan foydalanib, sandiqdagi buyumlarni hamda “uy daftari”ni o'g'irlab ketishadi. Bu xam yetmagandek, ikkalasi Toshkent shahriga sayoxatga yo'l olishdi.
Xotini bu voqealarga indamasada lekin onasining tinchi buzildi. Mahalla oqsoqoli, hamda noziri nomiga ariza yozib, o'g'lini bu yo'ldan qaytrishlarini so'raydi. Biroq Anvarjon “Xotinim bilan yashamayman”, deya turib oldi.
Oradan bir yilcha vaqt o'tib, Dilfuza ham homilador bo'ladi. Yoz bo'yi Anvarjon mardikorchilik qilib, o'z oilasini emas, “o'ynashi va uning ikki bolasini” boqadi. Bir gal puli yo'qligida Dilfuza shunday janjal boshlaydiki, bundan Anvarjonning g'azabi qaynab, uni bir tarsaki urib yuboradi. Bunga chidolmagan Dilfuza milisiyaga shikoyat qiladi. Jarimaga pul topolmagan bechora yigit yana o'z uyiga borib videomagnitofonini olib ketadi. Bunga ham xotini lom-mim demaydi. Aksincha, birrov bo'lsa ham erining uyga kelganidan, farzandlari “dada”, deb quchog’iga otilganidan benihoya xursand bo'ladi. Bechora kelinchak endi o'ttiz yoshga yetibdiyu, sochlari deyarli oqarib ketgan edi.
Buning ustiga sho'rlik tunu-kun to’n qavir, chaqalog’igayam parvo qilmasdan kun o'tkazish ilinjida yelib yugurar edi. Kelinchakka nihoyatda qiyin bo'ldi. Ota-onasi qizlariga achinib, ko’ch-ko’roni bilan olib ketmoqchi bo’lishganlarida kelinchak: “Yo'q dada biz ketmaymiz, ketib qolsak, keyin erim aslo qaytmaydi. Men shu yo'l bilan erimni oilamizga qaytarmoqchiman”, - deydi. Buni qarangki, chaqalog'i tug'ilgan vaqtida vazni qancha bo'lsa, olti oydan keyin xam shuncha edi. Kelinchak go'dagini shifokor ko'rigiga olib boradi. Bolani obdon tekshirgan mutaxassis uning yuragida tug'ma nuqson borligini aytadi. Anvarjonning xotini chaqalog'ining dardiga kuyib yurgan paytida Dilfuzaning onasi bo'sh bayongina kuyov topganidan o'zida yo'q xursand, ayollar orasida “Qo’y og’zidan cho'p olmagan kuyov” topganini og’zidan “bol” tomib, maqtanib yuraveradi. Shunday kunlarning birida kelinchak ko'zida yosh bilan yarim tunda to'n qaviganida, darvoza taqillaydi. Boyaqish kelin yugurib borib darvozani ochsa, eri turgan emish.
Maʻlum bo'lishicha, mardikorchilik ishlari tugab, qish fasli boshlangach, Dilfuza ham, onasi ham o'zgarib qolibdi. Dilfuzaning oldingi eridan orttirgan o’g’li yangi yil kechasida ko'ziga pichoq suqib olibdi. Ko'z shifokori bolakayning ko'zini tekshirib, gavharga zarar yetganligini u endi, ko'rmasligini aytibdi. Dilfuzaning qornidagi homilasi o'z-o'zidan yo'q bo'lib ketganmish. Endi Dilfuzaning onasi birovning erini yo'ldan urgan qizini tinmay qarg’ab yurgan emish.
Anvarjondek taqdir so'qmoqlarida adashgan birodarlarimizga zora bu voqea saboq bo’lsa.