Ona Kabi munis maktabim
Yoshi o'tgan sayin eslaganda insonning qalbini o'rtaydigan, sog’inchdan ko'zlarini namlaydigan mojiza sirasiga maktabnida kiritgim keladi. Biri-biridan go'zal tuyg’ular xotiramda jonlanaveradi. Birinchi sinf... Birinchi ustoz... Partadosh qiz... Birinchi muhabbat... O'smirlikdagi do'stu raqiblar... Men maktabni bir etak bolalari g'ami bilan yashab, o'ziga qarashga imkon topa olmayotgan mushtipar onaga qiyoslayman. Baxtli bolalik va o’quvchilik davrining bir qismi dalada o'tar, chopig'u yaganalash, g’o'za chilpish, paxta terimi kabi umrning egovi bo'lgan qishloq xo'jaligi yumushlariga safarbar etishardi. Bundan ham alamli jihati shu ediki, maydoni ikki yarim-uch gektardan iborat maktab chegarasini paxsa devor bilan o'ray olish bitiruvchi sinf o'quvchilarining zimmasida edi. O'sha kezlar balogat bo'sag'asidagi qizlarning belkurakda paxsakash yigitlarga loy uzatayotganini ko'rganlarning yuraklari uvishib ketardi. Mening esa ich-ichimdan og’ir bir savol tobora kemiraverardi: “Maktabimiz hashar yo'li bilan qurilganiga yarim asrdan oshib qolibdi-yu, “kommunizm g'alabasi yaqin qoldi”, deguvchi rahbarlar nahotki bitta zamonaviy maktab qurib berishmaydi?” Oxiri, dilimda kechgan mana shu savollarni xatga soldimda, viloyatning “Lenin bayrog'I” (hozirgi “Surxon tongi”) gazetasiga jo’natib yubordim. Ha, aytgancha, gap o'zim o'qib, 1984 yil bitirgan bilim dargohi, Sherobod tumani Qishloqbozor qishlog'ida joylashgan Oxunboboyev nomli 17-o'rta maktab haqida ketayapti. Sherobod tumani bilan viloyat markazi orasidagi masofa oltmish chaqirim. Mening tahririyatga yozgan maktubim qancha yo'l yurganligini bilmadimu, ammo xatimni olgan muxbir maktabga kelganida men allaqachonlar o'qishni bitirib ketgan ekanman. O'shanda kolxoz raisi darg'azab bo'lgan. Hatto ustozlarim ham mendan oz-moz ranjishgandi. Oradan sakkiz yil o'tib, ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida sirtdan o'qir, bir paytning o'zida viloyat teleradiokompaniyasida muharrir bo'lib ishlardim. Xullas, o'n yillab dilimda tugun bo'lib yotgan maqsad sari dadil qadam qo'ydim. Vayrona xolatdagi maktabimiz va unga xo'jalik rahbariyatining sovuq munosabati haqida telefeleton tayyorladim. Baxtimga mazkur ko'rsatuv sababli, axvol ijobiy tomonga yuz burdi. O'sha yiliyoq 650 o'rinli yangi maktab qurilishi boshlab yuborildi va yil oxirlarida foydalanishga topshirildi. Bir qarashda go'yo barcha ezgu niyatlar ro'yobga chiqqandek edi. Lekin, ko'p o'tmay, quruvchilar maktab binosini shoshilinch bitkazib, yangi o'quv yiligacha “qizil tasmani tantana bilan kesish”ni o'ylab, sifatga deyarli e’tibor berishmagani ma’lum bo'ldi. Qanday sharoitda o'qishmasin, baribir, qishloq bolalari ilmga tashna bo'lishadi. Bunga bitta isbot shuki, o'sha yillarda maktabimiz o'quvchilari “Yilning eng faol kitobxoni” mavzuidagi respublika ko'rik-tanlovida ketma-ket ikki marta g’olib deb topildi. Shunday bilimdon o'quvchilarni kamolga yetqazgan maktabni mushfiq va duogo’y onaga qiyoslamay bo'larkanmi?!
Maqtonchoqlik bo'lmasinu, o'sha paytlar Xudodan astoydil so'rab bir xayrli ishga qo'l urgandim, o'ngidan keldi. Goh viloyat hokimiyatiga, goh xalq ta’limi boshqarmasiga qatnab maktabimiz uchun 300 ta yangi parta undirdim. Ochu to'qning o'rtasida yuruvchi muhbirlik kasbini tanlaganimga taqdirimdan mingdan-ming rozi bo'ldim o'shanda. Xo'sh, uzundan-uzoq, ehtirosga limmo-lim ushbu maqolamni yozishimdan maqsadim nima? Bunga asosiy turtki bo'lgan narsa shuki, umri taqdir-qismatini O'zbekistonning kelajak ravnaqi bilan bog'lagan yurtboshimiz Yaqinda “2004-2008 yillarda maktab taʻlimini rivojlantirish dasturini tayyorlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoyishiga imzo chekdi. Ko'ngillarda “O'zbekiston - kelajagi buyuk davlat”, degan eʻtirof shunchaki shior emas, haq gap ekanligiga ishonch yanayam ortdi. Maktab taʻmiriga pul yig’ilishidan yuraklari bezillaydigan millionlab ota-onalaru bu ishga goho sidqidil, goho og'rinib bosh qo'shayotgan mahalliy tadbirkorlarning dadillari xotirjam bo'ldi. Zero, masjid kabi muqaddas maskan bo'lmish maktabning ham turfa o'yinlaru homiylarning minnatlarisiz yashashga haqqi bor. Chunki, u mening ona kabi mushtipar, duogo’y maktabimdir.