Mehrini Eldan ayamaganlar

By Askarali Mamatov, …, in 2004

Umrining yetmish yettinchi bahorini ichki bir fahrlanish hissi bilan qarshi olayotgan doyalarning doyasi Zinaida Qayumovna Habusova ming-minglab go’daklarni sog’-omon yorug’ olamga keltirishda onalarga benazir mador bo'lib ishlagani va yashaganidan ko'ngli shod.
Bu ayol haqida alohida iftihor ila gapirgan Yangiqo'rg’on tuman markaziy shifoxonasi bosh hakimi Husanboy aka O'rinov shunday deydi: - Akusher-ginekolog opamiz o'tgan asrning elliginchi yillari boshlarida nomigagina tug’ruqxona bo'lgan bo'limni qabul qilib olib, uni tom ma’nodagi shifo maskaniga aylantirishga erishdi.
Nafaqaga chiqqach, viloyat markaziga ko'chib ketgan bo'lsalar xam, ancha-muncha og'ir- bemorlarimizni hamon tajribali Zina opamiz maslaxatlari asosida davolashga erishayapmiz.
1953 yili umr yo'ldoshi, kasbi zooveterinar Talg’at Xarasovich Rafiqov bilan Yaniqo'rg'onga kelgan Zinaida Qayumovna bu olis tog'oldi tumanda chinakamiga yeng shimarib ishladi.
- Ko'p xollarda ayollarni ko'z yorishlari tunga to'gri kelishi bu tabiiy hol edi. Shunday kezlarda ko’chma dvijok motor (elektr kuvvati ishlab chiqaruvchi moslama)ni yurgizib, bir- ikki soatgina ish joyimizni
yoritib olardik.-deya eslaydi Zinaida opa. Mabodo shu motor ham ishdan chiqib qolsa, yuk avtomobili chirog'ini tug'ruqxona derazasiga to'g'rilab, so'ng juvonlarga ko'maklashardik. Bu ham yetmagandek, yordam zarur bo'lib qishloq joylariga chaqirib qolishsa, “tez tibbiy yordam” mashinasi yo'qligi sabab motosikllarda borardik. Baʻzan ana shu ikki g’ildirakli texnikamiz bora olmaydigan joylarga esa otlarga minib yetib borgan paytlarimiz ko'p bo'lgan. Bora-bora 60-yillar boshiga kelgach, tug’ruqxona ro'yi-rost qad rostlay boshladi. U kerakli tibbiyot asbob-uskunalari, yetarli jihozlar bilan to'liq taʻminlandi. Bu ijobiy ishlar tepasida mohir tashkilotchi Habusova betinim turdi.
Zinaida Qayumova taklif va tashabbusi bilan tumanning Bekobod, Iskovot, Zarkent, Nanay qishloqlarida ham mo’jazgina, shart-sharoitlari yetarli tug’ruq bo'limlari ochildi. U yaxshi bir mutaxassis sifatida mahalliy yosh qiz-juvonlar orasidan o'ziga munosib izdosh tayyorlashda xam bosh qosh bo'ldi.
Zarkentlik Oysuluv Rahmonova, iskovotlik Rahimaxon Saminova, yangiqo'rg'onlik Hamroxon Boymirzayeva, Hamroxon Tursunovalar opa yaratgan tajriba maktabini o'tadilar.
El e’zoziga loyiq Habusova ko'plab hukumat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Bularga Zinaida Qayumovna bir sohada, bir joyda, 47 yil uzluksiz, tunu-kun tinim bilmay ishlashlari evaziga erishdi. Yarim asr akusher-ginekologlik shaʻni-shavkatini halolu pok yuksaklikka ko'targan Onaxon shifokorning taʻkidlashicha, ikki qizi va bir o'g'li ham tibbiyotdek o'ta masʻuliyatli, ammo sharafli sohani qalban egalladilar. Qizlari Rimma va Luiza Talgatovnalar onalaridek oqila va fozila akusher-ginekolog bo’lishgan. Ularning inisi Vildan yurak xastaliklari bo'yicha yetuk mutaxassisdir. Oila sardori, cho'pon-cho'liqlarning eng yaqin ko'makchisi bo'lgan Talgat ota Harasovich, qirq yil yaylov kezib, qo'rama-qo'ra yurib, jamoat chorva hayvonlarini darddan forig' etishga ilmini sarf etgan 81 yoshli nuroniy otaxon mana bunday deydi:
- Kindik qonim olis Boshqirdiston tuprog'iga to'kilgan bo'lsa ham, bolaligim shu aziz O'zbekistonimiz bag’rida o'tdi. Bu yurt menga ikkinchi ona Vatan bo'lishi bilan butun boshli oilamni ilmu hunarli etdi. Unga hizmat qilmaslik gunohi azimligini unutmay ishladik, desam xato bo'lmaydi. Yurtdoshlarim sog'-omon yursin, deya zahmat chekkanlarning umri ziyoda bo'lishini Allohdan tilaymiz.