Tuhmat Balosi meni ado qilayapti
Xonamga kirib kelgan maʻsuma qizning ko'zlaridagi chuqur iztirobni ko'rib ketayotgan yo'limdan qaytdim. Avvaliga hayajon bilan gap boshlagan qizgina o'zini tahririyatimizga boshlab kelgan muammolarni aytib bera boshladi.
Toshkent shahriga yaqin tumanladan birida yashasakda, aslida Yangiyo'ldanmiz. Yeimiz ko'p bo'lgani uchun dehqonchilik ham qilamiz. Men mehnatkash oilaning farzandiman. Akamning uyida turib jiyanlarimni bog'chaga berishguncha ularga qarab turdim. Ular bog’chaga borishgach, yerimizda yetilgan sabzavotlarni bozorda sota boshladim. Axir bu ham mehnat, aybi yo'q. Onam ham bozorga kelganida birga qarashib, o'zim ham narsa sotardim. Bir qiz bor edi shu erda. Ismi Shahnoza bo'lib sochlari uzun, ko'pchilikning kelin qilgisi kelardi. Ko'pincha u onamdan ruxsat so'rar, shu yerdagi oshxonalardan biriga Gvadelupe kinosini ko'rgani borardik. U yerda ikkita yigit ishlashardi. Shahnozaga ko'pincha: “Men bormayman,” desam, iltimos qilib yalinardi. Ayollar ko'pincha bozorda qolishardi, narsalarini poylashib. Shulardan tortinibmi u meni chaqirib kelardi. U shu yigitlardan biri bilan yaqin edi va men bunga unchalik eʻtibor bermasdim. Xullas, bir kuni qarindosh yigitlarimizdan biri meni u bilan ko'rib qattiq urishib berdi.
- Nima uchun urishishdi, sizni? Shahnoza to'g'risida turli gap- so'zlar yurarkan. Shuning uchun. Siz bularni bilarmidingiz? Mening bu gaplardan xabarim yo'q edi, qolaversa, u meni onamdan bir-ikki marta so'rab olib ketgandi, xolos. Shunda ham birrovgina borib kino ko'rib kelgandik. Shundan keyin nima bo'lganini bilmayman. U qiz turmushga chiqib ketdi, shekilli. Men ham bir yigit bilan tanishib qoldim. Yigit bozordagi do'konlardan birida ishlardi. Juda odobli, yaxshi yigit, asli Qashqadaryo viloyatining Yakkabog' tumanidan ekan.
- Bizning oldimizga boshlab kelgan muammolar shu yigitga bog’liq bo'lsa kerak, shunday emasmi? - Ochig'ini aytsam boshqa gap ham bor. U yigit bilan gaplashib yurib bir- birimizni yoqtirib qoldik. U meni qarindoshlariga ham tanishtirdi. Men ham ota-onamga yigit haqida gapirib berdim. Ular juda olis joy ekan, deyishdi. Lekin ota-onamni ko'ndirgandim. Juda baxtli edim. Axir men 19 damanku, sevib-sevilish
yarashadigan yoshdaman. Ko'nglimda ham, umrimda ham faqat oppoq, beg’ubor baxtlarni ko'rgim keladi. Hamma odamlarga yaxshilik qilgim keladi. Sevimli yigitim ham sovchilar jo'natmoqchi edi. Men baxtli bo'lishimga juda ishongandim. Chunki men o'sha B. ismli yigitni juda ham sevaman. Ilk sevgim shu yigit. Lekin...
- Shunday bo'lishiga nima xalaqit berayapti?
Gap-so'zlar... Turli g'iybatlar... Boya Shahnoza ismli qiz haqida gapirgandim. U-ku turmushga chiqib ketdi, ammo, u bilan bir-ikki marta kino ko'rishga borganim mening baxtimga soya tashlab turibdi.
- Bunday bo'lishiga biron sabab bormi?
Bor-da, do'konda ishlaydigan o'sha yigitlardan biri: “Nilufar bilan bir dugonasiga kir yuvdirib, uy tozalatgan man”, deb aytibdi. Men bu gapni chiqargani uchun o'sha yigitlarni kennoyim va B. ni akala- rim bilan yuzlashtirdim. B. meni T. ismli yigit bilan yurgan, deb o'ylayapti. Men B. dan boshqa yigit bilan hech qachon gaplashmaganman. O'sha yigitlar bilan hech qanday munosabatim ham yo'q. B. esa ishonmayapti. Lekin bilamanki, u meni sevadi. O'sha yigitlardan biri bilan gaplashgan bo'lishim mumkin deb shubhalanayapti. Bu esa ko'nglimni vayron qilayapti. Axir bu tuhmatku, agar biror gap bo'lganida edi... Afsus... Turli gap so'zlar sevgimizni barbod qilishi mumkin. Men buni sira ham istamayman. Chunki, qiz bola uchun birinchi muhabbatini unutish oson emas, unutmaydi ham. Men ham shundayman. B. ni ham, unga bo'lgan muhabbatimni ham hech qachon unutolmayman.
Buni B. biladimi? Gaplashgandik. Lekin ishonadimi yo’qmi bilmayman. B. ning menga, sevgimga ishonishini juda-juda istayman. Agar B. ishonmasa, nima bo'ladi?
-Agar shunday bo'lsa... Birinchi va pokiza muhabbatim bir umrga menga armon bo'lib yuragimning to'rida, qalbimning qo'rida qoladi. Toki hayot ekanman har bir tomirimdagi qonim B. ning nomini takrorlab oqadi. Balki sevgining chiroyli so'zlarini topib aytishni bilmasman. 19 yoshdagilar hali nimani biladi? Barcha odamlarni yaxshi va halol insonlar deb o'ylaydigan yoshdaman, axir. Menga ham sovchilar kelib turishibdi. Lekin men yo B.ni deyishim kerak yoki institutni tanlashim kerak. Men esa B. ni tanlagandim... Balki sizlar menga yordam berarsizlar, opajon? B. mening sevgimga ishonsin. Bilamanki, u ham mensiz baxtli bo'la olmaydi. Dunyoda hech bir qiz uni menchalik sevmaydi, seva olmaydi... Qachon B.ni unutsam, agar unuta olsam shunda boshqasiga tegishim mumkin.
Oh, qizgina! Chindan ham dunyoning go'zal ranglarini ko'radigan payting hozir. Sen o'sha gulgun ranglar bilan birga qora zulmatlar ham borligini bilarmikansan? Sen bozorda tirikchilik qilib nasiba topar ekansan, bu ham bir dengiz. Bozorchilarga oson tutmayman. Ularning kundalik turmushi turli kurashlardan iborat. Yaxshi mol sotib olish, ularni yaxshi xaridorgir peshtaxtadan joy olib pullash, toshu-tarozuni teng tortish degandek... Shu dengizda non topayapsanmi, demak irodalisan! Albatta baxtga loyiq qizsan. B. ga havasim kelayapti. Sendek aqlli qiz uni sevib qolibdi. Qani edi u buni vaqtida anglay olsa? B Tuxmat gaplarni deb, sevgingizni qo'ldan chiqarmang. Unga ishoning!