Qarg’ish – Bamisoli o’q
Shoshmay tur hali, naqt ko'rasan mendan. Qo'limga tushgin sen, xuddi o'ldiraman. O'ldiraman, tuxmatchi! G'azabdan titrab musht o'qtaldi. Gʻuncha qo'shni hovliga qocha turib. Qilmishidan xursandligi yaqqol ko'rinib turgan Asalning o'lganning ustiga tepganday beo'xshov tirjayishi battar qonini qaynat-
di. - Ha juvonmarg, tiling kesilsin. Hali o'ldiradigan ham bo'ldingmi o'z singlingni? Yashshamagur, kuning kalta bo'lgur, - qizini qarg'ay ketdi Adolat. U endigina o'ttiz ikki o'ttiz uch yoshlarga kirgan bo'lsa ham yoshiga nisbatan kattaroq ko'rinar, badjaxl feʻli, sochlariga oq tusha boshlagandi. Yoz faslining osuda kunlarida momaqaldiroq gumburlagandek o'ta xunuk qarg’ishlar Gʻuncha qochib kutulgan qo'shni xonadon ayoli Mexribon xola qulog'iga etgandi.
- Xay-xay, Adolat. Bolani unaqa qarg'amang, o'rgilay. Yomon gapga ham, yaxshi gapga ham farishta "omin" deydi. O'limdan Xudo saqlasin, muloyimgina gapirib tandirxonadan chiqib keldi. Non yopganidan bo'g'riqqan qip-qizil yuzlari naqsh olmaga o'xshardi.
- Ko'rmaysizmi, hadeb singlisini turtadi. Ro'zg'orga-ku misqolcha foydasi tegmaydi, ko’cha itiday likillagani likillagan. Haliyam Asal qizim bor ekan, jonimga oro kiradigan. Bunga kunim qolsa ikki dunyomga o't qo'yadi. Hali kech bo'lsin, ko'radiganingni ko'rasan, qirilib bitkur, Adolat ko'shni ayolning tanbehini yodidan chikarib, battar qarg'andi. "Bolani ursang beti, so'ksang eti qotadi", deyishadi qadim- gilar. Yaxshi gap bilan yo'lga soling, o'rgilay. Yaxshi gapga ilon inidan chiqadi, yomon gapga musurmon dinidan ... Boyo’g’liga o'xshab qarg'ayversangiz gapingizga kirarmidi? Qaytaga bemexr bo'lib, sizdan uzoqlashadi, o'rgilay, Adolatxon qargish bamisoli o'q bo'larmish. Har bir "o'l" degan qarg'ish osmonga chiqarmish, yerga tusharmish, oxiri borib tegarmish. Tegsiney, juvonmargga. Jonimdan to'ydirib yubordi-ku. Bema’niliklaridan har kuni kuyguncha bira to'la kuyib qo'ya qolardim. - Xay-xay, astag’firillo deng, astag’firillo. Tavba qildim-ey, tavba qildim. Tuf-tuf, ko'ksiga tufladi Mexribon xola. So'ng jiddiylashdi, past, siniq ovozda davom etdi:
Еrga farzand berish qayg'usi xech kimning boshiga tushmasin, Adolat. Aka-uka, opa-singillar jigardan yaralsa, farzand yurakning moyidan yaralarmish. Odamzod jigarsiz, taloqsiz yashashi mumkin, ammo yuraksiz yashay olmaydi. Shuning uchun yaqini o'lgan kishilar "jigarim"lab yiglaydi. Farzand dog'ini mendan so'rang, o'rgilay Mexribon xolaning ovozi titradi. Ko'zlariga kelgan yoshni kiprik siltab qaytardi, bo'g'ziga tiqilgan faryodni yutinib yo'qotdi. Bir oz o'ziga kelgach, gapini davom ettirdi: - To'rt bolamni yerga berdim. Yer to’yarmidi? Yo'q! Aksincha, kuyib-yonganim qoldi. Mayli, Ollohga kerak ekan, o'zi berib, o'zi oldi. Farzand dog'i o'limdan yomon ekan.
Xola olislardan yangrayotgan kabi tuyulgan o'z ovoziga o'zi quloq tutgandek jimib qoldi. Keyin birdan uyqudan uyg'ongandek cho'chib tushdi.
Voy o'lmasam, nonim kuyib ketdi-ku...
Xola tandirxonaga yugurdi. Mashinaning dahshatli signali G’unchani cho'chitib yubordi. Loyli qo'llari uy qurishdan birpas to'xtab, ko'chaga qaradi. Qaradiyu, dahshatdan chinqirib yubordi. Tabiatiga xos bo'lgan chaqqonlik uni sakrab turishga majbur etdi. O'zi qurgan loyli uychaning xas-xashakdan yasalgan ayvonchasini oyogi bilan tepib yuborib ko'chaga otildi. Besh- olti qadam yo'lni tezlikda bosib o'tdi-yu, hayotida o'zi sevgan, insoniy muhabbat neligini tushunishiga yordam bergan ukachasi Mehrbodga yetdi. Qo'rquvdan qotib qolib, mashina yo'liga tikilib turgan bolakayni nozik qo'llari bilan yo'l chetiga tortdi. Mashinaning quloqlari tagida g’uvillayotgan ovozidan titrab, ukasini o'zidan oldin yo'l chetiga uloqtirdi. Ustiga ketma- ket signal bilan bostirib kelayotgan mashinaning qo'pol, yoqimsiz qirrasini, sekin, biroq to'xtamay aylanayotgan katta-katta g’ildiragini ko'rib-ko'rmay vujudida bir zumgina chidab bo'lmas darajadagi dahshatli og'riq sezdi. Shuuri ishlashdan qolayotgandek bir pas tek qoldi.
Darrov odam to'plandi. Bo'lgan vokeani xabarlashga kirgan ayol Gʻunchalarning uyidan hech kimni topolmay qaytib chiqdi. Tomoshaga yig’ilgan bir bolani otasiga xudoyi oshi berayotgan Zikir qassobnikiga, G’unchaning onasi Adolatni aytib kelishga jo'natdi.
Shifokorga eltish kerak,dedi kimdir shoshib
- Xa, og'aynilar, tezroq bo'linglar, kech bo’lmasin. Bir bechora farzand dog’ida kuyib qolmasin, dedi yana birov.
-Shoshmanglar, shoshmanglar... ayol kishining shiddatli, keskin ovozidan harakatga kelgan odamlar ovoz egasiga tikilib qoldi.
Nega endi, yanga ko'rmayapsizmi ahvolining ogirligini. Kechikmaslik lozim, ota-onasi orqasidan borishar, eʻtiroz bildirdi xaligi achingan erkak.
-Yo'q, tegmanglar qizchaga. Hech narsa kerakmas endi. Bechorani battar azoblamanglar, chetroqqa o'tinglar, ayol qo'llarini yoyib, qizchani himoya qilgandek odamlarni biroz chetlatdi. Ko'pni ko'rgan keksa ayolning bu gapidan halitdan beri qo'rquv va sarosimada turgan o'rta yashar shofyorning rangi battar oqarib ketdi. Hammani yengib bo'lmas og’ir sukunat bosdi, jimib qolgan qizaloqning allaqachon halkob- ga aylangan qon ko'lobchasidan ko'zlarini olib qochishdi. Barcha G’unchaning ota-onasini kutar, sabrsizlanib har tomonga alanglardi.
...Guncha azobli og’riqdan o'ziga kelib, ko'zlarini ochdi. O'zi uchun zavqli o'yinlarining qoralovchisi, qarg'ishlarga ko'mib dakki-dashnomlar taqib qo'yadigan onasini uchratolmadi bezovta ko'zlari. Og'riq azobidan to'lg'onayotgan jismiga madad istadi, topolmadi. U onasini ko'rishni xohlardi. Shuncha yillardan beri tomonidan tortib ukalari olingan, bo’lak-bo'lak bo'lib ketgan o'ziga tegishli, ammo begona mehr-muhabbat tuyg’usini qo'msardi. Qarg'ishlar ichiga ko'milgan taʻnayu tavallolar muzidan qotib qolgan yuragining bir chetida o'chmay qolgan kichkina mexr tuyg'usi shafqat tilardi o'ziga.Qizchaning tanasi tok urgandek titray boshladi, rangi sovuqlashdi, vujudi muzladi, ko'zlari xira tortdi. O'limning sovuq nafasi uni asta-sekin o'z domiga torta boshladi. Biroq bu Qora shayton ming qilmasin nimagadir o'z niyatiga erisholmadi, o'zi maxf etayozgan vujudda hali qandaydir kuch-quvvat borligini, allaqanday hayotiy ilinj mavjudligini his qilib noiloj ortga chekindi, vaqtinchalik taslim bo'ldi. Bu ilinj qizaloq uchun ona diydori edi. U onasini ko'rishga, bir bor nigoh tashlashga mushtoq edi.
- Ana, onasi kelyapti, onasi kelyapti. To'pdan quvilgan bolaning ovoziga hech kim javob bermadi, biroz chetlanib, so'zsiz tikilishdi.
Nima bo'ldi, nima qildi? Adolat opa yugurib kelganidan halloslardi. To'pni yorib kirdi-yu, qizining ahvolini ko'rib qo'rquvdan dong qotdi. Birpas to'xtadi, entikib engashdi. Cho'kkalagancha Gʻunchaning boshini avaylab ko'tarib bag'riga olib, yuziga tikildi. Qizining uxlayotgandek yuzida o'zgarish sezmadi. Javob bo'lmagach, yuragi qinidan chiqquday urib, qizini yengilgina silkidi. G’uncha, G’uncha. Menga qara, ko'zingni och, u javob kutib tikildi. Qo'rqitma meni, ko'zingni och, G’uncha.
Tag’in javob ololmagach, dovdiragan quyi atrofga alangladi va shundagina ko'zi haligacha ko'rmagan qon halqobchasiga tushib, ingrab yubordi. Bo'g'ziga qadalgan yig'ini qaytarolmadi.
- Voy do-o-od, voy qizim. Ko'zingni och, bolam, jonim jigarim...
O'lim bilan olishayotgan G’unchaning nozik vujudida atigi bir misqol kuch qolgandi, xolos. So'nggi kuchini to'plab ko'zini ochgan qizaloq onasini ko’rmadi. Ixtiyorini olayotgan Sovuq yel ta’siriga tusha boshladi. Biroq... Biroq asrlarga tatigan bir necha daqiqalik umrining so'nggi ilinji onasining, onajonining og'riqli ovozi uni o'ziga keltirdi, tanasiga kuch-quvvat ato etdi, yuragiga issiqlik yugurtirdi, ko'zlariga nur bag'ishladi. Mana shu kuch uni ajal qo'llaridan bir zum qutqardi. Gʻuncha ko'zlarini ochib onasiga tikildi. Boshini bag’riga olib, entikib yig’layotgan onasini ko'rdi. O'zi uchun olis tush singari unutilayozgan ona mehrini his qildi shu on. Ikki tomchi yosh chakkalariga dumaladi, lablari sekin pichirladi:
Aya, ayajon. Men... sizni yaxshi ko'raman.
U boshqa gapira olmadi, yuziga o'lim soya soldi. Bir zum olovlangan ko'zlari tepaga tortildi. Titray boshlagan tanasi muzladi, rangi bo'zarib, myak tishladi. So'ng birdan jimib, vujudi bo'shashib tushdi, qo'llari jonsiz qo'g'irchoqdek osilib qoldi.
Taʻziyaga yig’ilgan tumonat odam foniy dunyoning so'nggi mehmonini oxirgi manziliga kuzatish uchun mo'jazgina tobutni yelkalashdi. Adolat opaning Faryodi yuraklarni sel qilib yubordi. O'limning haqiqiy qiyofasini ko'rib anglagan G’unchaning singlisi va ukalari ko'z yoshlarini tiya olmasdilar. Jon qadriga yetmagan jon chiqarsa biladi, deyishganidek, G’unchaning qadri o'limidan keyingina bilingandi.