Xotirangiz, Umringiz aziz
Maktabda o'qib yurgan paytimizda tarix o'qituvchimiz: "Sizlar, vaqti kelib, biz urushda qatnashganlarni ko'rganmiz, deb faxrlanadigan avlodsizlar", deb ko'p taʻkidlar edi. Biz bu gapning maʻnosini bugun bir paytlar qishlog'imizni to'ldirib yurgan Nizomiddin bobo, Xolbek bobo, Soibnazar bobo, Karimberdi bobolarimiz. Xotiraga aylanib borayotgandagina tushunayapmiz... Ularni o'z or-nomusi, g’ururi, qon-qarindoshiyu, farzandlari, kindik qoni to'kilgan ona tuprog’i uchun qon kechganliklarini, chunki ularning tomirida buyuk bobolarimiz Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur qoni oqqanligini anglayotirmiz.Kelinchagi 90 yoshdan oshgan Hotamboy bobom mana yarim asrdan ko'p vaqt o'tayapti hamki uylanib hali chimildig’i yig’ilmagan Azizoyni tashlab urushga ketgan, otliq askarlar komandiri bo'lib Kursk ostonasida qahramonona halok bo'lgan ukasi Akramdan kelgan qora xatni, o'rischa talaffuzda yoddan aytib yuradilar. Men albatta Akram bobomni ko'rmaganman. Ammo har gal bobomning tul qolgan xotini Aziza momomni ko'rganimda nimagadir bo'g'zimga achchik bir narsa tiqilaveradi... Poytaxtimizda Xotira maydoni bunyod etilgach bobomni Toshkentga olib keldik. Zarhal harflar bilan bitilgan Salohiddinov Akram deb bitilgan yozuvni topib bobomga ko'rsatdik. Bizga ishonmasdan avval o'zlari xijjalab o'qidilar. So'ng ukasidan hozir ayrilib qolgandek, ho'ngrab-ho'ngrab yig’ladilar... Ko'z yosh to'kayotgan bobomga qarab uning o'zi ham bizga naqadar g’animatligini yurak-yuragimdan his qildim. El-u yurti uchun jondan ham kechishga tayyor aziz insonlar hayoti vaqt o'tib xoti- raga, qadriyatga aylanib borishi shubhasiz. 9 may Xotira va qadrlash kuni o'tkazilishi, shuningdek Ikkinchi jahon urushida Fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 58 yilligi munosabati bilan va urush qatnashchilarini moddiy rag'batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori esa bugungi e’zoz, ayni vaqtidagi g'amxo'rlik bo'ldi. Ko'pincha inson umrini Daraxtga o’xshatishadi. Daraxt kurtak tugib, barg yozadi. Barg esa oz fursatda xazonga aylanadi. Inson umri esa.... Istardimki, inson bu dunyodan o'tgach, u xazonga aylanmasa, tiriklar qalbida abadiy yashayversa. Bugun shu hislarni qalbga jo qilib yashash Fursati yetdi. "Qariyalarni qadrlash" yili, "Obod mahalla" yili bir-birini ma’no jihatdan davom ettirib kelayapti. Zero, uyimizning, mahallalarimizning obodligi nuroniy keksalarimiz, qariyalarimizning, umuman yaxshi insonlarning ibratli umri, purhikmat duolari bilan fayzli. Ertaga xotiraga aylanishi mumkin bo'lgan insonlar hayoti, ezguliklarning qadriga bugun yetaylik, azizlar