SЕNI QANDOQ unutay begim

By Basira Sayidaleyiva, in 2002

Sirdaryolik G. ismli singlim! 19 yoshda bo'lsam-da, hayotning ko'p achchiq-chuchugini ko'rdim. Onam bilan yashayman. Umid bilan turmushga chiqib, 2 kundayoq ajrashib ketdik. Oradan ancha vaqt o'tib bozorga chiqdim. Shunda Sh.ismli uylanmagan yigit bilan tanishib qoldim. U aqlli yigit edi. Ko'p narsalarni Sh.dan o'rgandim. Oxiri unga o'rganib qolganimni ham bilmay qoldim. Sh. ham shunday edi, meni birovlardan rashk qilardi,deb yozibsiz. Muhabbat ko'ngil guli, ko'ngil mulki uni istagan odamingizga tutish sizning ixtiyoringiz. Bizgaki xat yozarkansiz xuddi shu yo'lda iztirob tortayotganingizga ishondik. “Bir kuni to'yga borgandik. Sh.ning do'sti uylanayotgan edi. To’ydan darrov ketmoqchi bo'lganimizda Sh. biroz o'tirishimizni, o'zi kuzatib qo'ymoqchi ekanini aytdi. Men: “Tezda borishim kerakligini, uydagilar xavotir olishini” aytdim. Shunda oldimizdan menga akamdek bo'lib qolgan O. o'tib qoldi. U biz tomonda turardi, birga ketmoqchi bo'ldik. Sh.esa urishib ketdi. Keyin jahl bilan ketib qoldi. Men esa yig’lab qoldim. Hozir u bir qiz bilan yurayapti. Shunga uylanmoqchi emish. Men unga munosib bo'lmasam-da, kuyib ketayapman. Axir mening turmushim buzilgan, u esa hali uylanmagan. Uni yuragimdan chiqarib tashlay olsam edi, kunda kelayotgan sovchilarning biriga "ho’p” deb yuborgan bo'lardim. Ammo!....”
Ammo!.... Buning iloji yo'q demoqchisizda, shundaymi? Balki Sh. chindan ham siz izlagan shahzodadir. Uni sevganingiz ayb emas. Sh. sizga uylanmoqchi bo'lganida ham uning ota-onasi norozi bo'lishini o'ylamayapsizmi? Ikkinchi marta ham kuyib qolmang-da. Sh. baribir bir kuni yuzingizga solishi aniq. Sovchilar kelayotgan ekan, orasida turmushning achchiq-chuchugini tushunadigani, sizni baxtli qiladigani bordir. Yetti marta emas, yetmish marta o'ylang. Yaxshi inson bilan oila qurib yaxshi farzandlar ko'rsangiz, Qo’l yetmasdek tuyulgan sevgini ham unutib yuborasiz, hali. Sizga beradigan maslahatimiz shu.