Umrboqiy Mehru sahovat

By Hamdam TO'YChIЕV, …, in 2002

Mustaqil respublikamizda sog’lom, baxtiyor onalik va bolalik to'g'risida chinakam g'amxo'rlik so'zda emas, balki amalda qilinmoqda. Bu O'zbekiston Bolalar jamg’armasining ish faoliyatida ham o'z aksini topmoqda. Jamg’armaning yaqinda bo'lib o'tgan Plenumida 2001 yildagi ish faoliyati va kelgusidagi vazifalar muhokama etildi. Unda Respublika Bolalar jamg'armasining raisi Inkilob Yusupova maruza qildi. Jumladan u shunday dedi:
- O'tgan 2001 yilda O'zbekiston bolalar jamg'armasi va uning viloyat bo'limlari tomonidan kam taʻminlangan, serfarzand ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni moddiy va maʻnaviy qo'llab-quvvatlash, bolalarni milliy anʻanalar, urf-odatlar va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash bo'yicha turli chora- tadbirlar amalga oshirildi. Avvalo "Mehribonlik" uylarida tarbiyalanayotgan, ota-onasi va uy- joyi yo'q bolalarni ijtimoiy himoyalashni yo'lga qo'ydik. Qarindosh-urug'larining qo'lida tarbiya olayotgan yetim bolalarning ro'yxatini tuzib, ijtimoiy himoya chora-tadbirlarini ishlab chiqdik. Qiyin ahvolda qolgan bolalar va o'smirlarning huquqlarini himoya qilishni ko'zlovchi "Mexr tayanchi" Toshkent shahar markazi tashkil qilindi.
Markazning asosiy vazifalaridan biri bolalarni uydan ketib qolish sabablarini o'rganish, huquqlarini himoya qilish, o'z oilalariga, bolalar muassasalariga qaytishlariga ko'maklashish hamda ularni xar xil faoliyat doirasiga jalb qilishni ham ko'zlaydi.
Markazda psixologik, tibbiy, yuridik tizimlar tuzildi. Bolalarni tikish-bichish, duradgorlik, poyafzal taʻmirlash, sartaroshlik hunarlariga o'rgatish uchun asbob-uskunalar olindi.
Mamlakatimizda 25 ta "Mexribonlik" uylari tashkil etilgan bo'lib, ularda 3, 3 ming bola tarbiyalanmoqda. Bu maskanlardagi bolalar soni avvalgi yilga nisbatan bir muncha kamaygan. Chunki, endilikda bolalarga ko’proq qarindoshlari va ota-onasi o'rnini bosuvchi shaxslar tomonidan vasiylik va homiylik o'rnatiladigan bo'ldi. Yetim bolalarni qarindoshlari o'z bag'riga olib, boqib, tarbiyalayotgan oilalar ham kam emas. Bunday oilalarning ahvolini o'rganish va yordam berish maqsadida "Uyim mening- chirog’im mening” dasturi ishlab chiqilgan.
Respublikamizda bolalar manfaatlarini himoya etishni ko'zlovchi taniqli davlat va jamoat arboblaridan iborat Alyans tashkil qilingan. Butun jahon bo'ylab o'tkazilgan “Bolalarga “Ha!” deng” Xalqaro harakatida O'zbekiston Bolalar jamg'armasi va jamoat tashkilotlari ham qizg'in ishtirok etdi.
Maʻruzadan so'ng muzokaralar boshlandi.
Natalya Ryazanseva, Bolalar jamg'armasi Namangan viloyat bo'limi raisi:
- Faoliyatimizni davlat va jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikda olib boryapmiz. Kadrlar bilan ishlashga alohida eʻtibor beryapmiz. Bunda o'zimiz tarbiyalab voyaga yetkazgan bolalardan foydalanmoq lozim.
Zoir Muhutdinov, Bolalar jamg'armasi Samarqand viloyat bo'limi raisi:
-Bizda har dushanba kuni viloyat hokimi qabulida yig'ilish bo'lib o'tadi. Ushbu yig'ilishda ko'riladigan masalalardan asosiysi bolalar manfaatiga doir. Biz eʻtiborni xalqaro tashkilotlardan olinadigan grantlarga qaratmoqdamiz va hozircha yomon natijaga erishmadik.
Maloxat Mirzayeva, Bolalar jamg’armasi Andijon viloyat bo'limi raisi:
-Xalkaro Yunisef tashkilotining moliyaviy ko'magida 2000 yil Andijon tumanida nogiron va boquvchisini yo'qotgan bolalar uchun "Bolalar 2000" o'quv-ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. Bundan biz faqatgina xayriya tushumlari hisobiga yashaydigan bolalar jamg'armasini iqtisodiy mustaqillikka erishtirish maqsadini ko'zladik. Qishloq aholisi uchun qo'shimcha ish o'rinlari yaratishga erishdik.
Korxona tashkil etilganida 78 nafar odam qabul qilingan bo'lsa, hozirda 142 nafar ishchi-xizmatchilar mehnat qilmoqda. Ulardan 58 foizi nogironlar, 28 foizini boquvchisini yo'qotgan ayollar tashkil etadi. Tikuvchilik, trikotaj, duradgorlik, qandolat, non sexlari mavjud bo'lib, o'tgan oydan paypoq to'qish sexini ham ishga tushirdik. Ishchi xizmatchilarning farzandlari uchun bolalar bog’chasi tunu kun ishlab turibdi. Uning moliyaviy sarf-harajatlari korxona hisobidan. Hayot bizdan tadbirkorlikni yanada kuchaytirishni talab qilmoqda.
Mavjuda Jamolova, Buxoro viloyat Maʻnaviyat va qo'shimcha taʻlim markazi direktori:
- Bolalar darsdan bo'sh vaqtlarini bekor o'tkazmasliklari uchun ularni to'garaklarga jalb etishni yo'lga qo'yganmiz. Maxsus maktab-internatda ana shunday to'garaklar ochilib, iqtidorli bolalar bilan ishlash yo'lga qo'yilayapti. Ular maxsus joriy etilgan bolalar jamg’armasi stipendiyasi bilan rag'batlantirilayapti.
Janar Tanirberganova, Qoraqalpog’iston Respublikasi Bolalar jamg'armasi raisi muovini:
- Bolalar huquqlari haqidagi Konvensiyani o'rganish bo'yicha televidenie orqali ochiq dars o'tkazilayapti. Oyida 2 marta bo'ladigan bu ochik darsda Konvensiyaning mohiyati va undagi moddalar to'g'risida keng tushuncha beramiz. Bu darslarimiz yakunida maxsus konkurslar ham bo'lib o'tadi.
Shavkat Mamarahimov, Bolalar jamg'armasi Sirdaryo viloyat bo'limi raisi:
-Har yili viloyat bolalar jamg’armasi tomonidan baholi qudrat muruvvat yordamlari berib turilibdi. "Mehribonlik uyi" tarbiyalanuvchilari o'rtasida ko'rik-tanlovlar, yerga rasm solish bo'yicha musobaqalar o'tkazilib kelinmoqda.
Xushnoza Arslonova, Bolalar jamg'armasi Toshkent viloyat bo'limi raisi:
- Xalqimizda, "Bola yig'lamasa ona sut bermas", degan ibora bor. Baʻzi oilalardagi bolalar notinchlik tufayli xonadonidan chiqib ketishadi. Biz ichki ishlar xodimlari bilan birga ana shunday holatlarni bartaraf etishga harakat qilayapmiz. Maktablarda bola huquqlari to'grisidagi Konvensiya qoidalarini o'quvchilarga o'rgatishga harakat qilayapmiz.
Dilbar Tojiyeva, Bolalar jamg'armasi Ohangaron shahar bo'limi raisi:
-Dastlab biz shahrimizdagi boquvchisini yo'qotgan 17 nafar bolani oilamizga - o'z tarbiyamizga olgandik.
Ularning soni ortib borgani uchun 2001 yilning mart oyidan boshlab Bolalar jamg'armasi sifatida faoliyat
boshladik. Har uch oyda biz maktab mahallalarda, ota-onalar o'rtasida suxbatlar o'tkazamiz. Ota-onasi, oilasi bo'la turib ko'chalarda o'z holicha tirikchilik qilib yurgan bolalarni aniqlab, mehribonlik, g'amxo'rlik ko'rsatishga oshiqamiz.
Xosiyat Yoqubjonova, Respublika "Nuroniy" jamg'armasi qoshidagi xotin-qizlar bilan ishlash guruhi raisi, Bolalar jamg'armasi "Oila" kengashi raisi:
-Bu yil "Qariyalarni qadrlash yili" deb eʻlon qilindi.
Qariyalarimizning boy tajribalarini, ibratini yoshlar qalbiga singdirish ular tarbiyasi va kamolotida katta ahamiyat kasb etadi. Yaqinda 13 ta farzandi bor Qahramon aka bilan uchrashuv o'tkazildi. Ulardan 5 tasi asrab olingan. Shu farzandlarni kamsitmay, o'ksitmay birdek tarbiyalab voyaga yetkazibdilar. Ularning 61 nevara, 40 ta evarani tarbiyalashdagi tajribasini yoshlarga yetkazishga urindik.
Soniya Nurlayeva, Bolalar jamg'armasi Xorazm viloyat bo'limi raisi:
"Nuroniy" jamg'armasi bilan birgalikda qariyalar bilan bolalarning uchrashuvlarini o'tkazayapmiz. Shunday uchrashuvlardan birida bolalarga o'z sevgan o'yinchoqlarini kattalarga taqdim qilishlarini so'raganimizda, baʻzilari bu ishdan bosh tortishdi. Demak, ularda mehr- oqibat tuyg'ularini shakllantirish uchun ham bosh qotirishimiz lozimligi maʻlum bo'ldi.
Bildirilgan fikr-mulohazalarni eʻtiborga olib Plenum oilalar iqtisodiy mustaqilligini taʻminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va maʻnaviy ko'mak berish ishlarini takomillashtirishga, “Uyim mening-chirog’im mening” dasturidagi tadbirlarning bajarilishini taʻminlashga, “Mehribonlik uylari” bitiruvchilarini ijtimoiy himoyalashga qaratilgan "Issiq uy" dasturi yuzasidan ishlarni kuchaytirishga qaror qildi.