Chehrasi Nurli onaxon
"Nuroniylar oromgohi” dam olish maskanida 75 bahorni qarshilasada, qaddu-qomati tik, ozg’in, so'zlari burro, harakati tetik, yuzlaridan nur yog’ilib turgan onaxon bilan tanishib qoldim. Onaxon Qibray tumaniga qarashli "Guliston” mahallasida yashovchi Tojixon aya Ismoilova ekanlar.
Yosh ko'rinasiz, deb ko'nglimni ko'tarib yubordingiz, deya gap boshladilar kulib onaxon.
- Otam raxmatli qassob edilar, yog'li-yog'li go'shtni og'zimizga tutardilar. Bolalarim sog'lom bo'lib o'ssin deb topganlarini, uyga tashirdilar. Uyimizdan jiyda, yong'oq, mayiz, qovun qoqi uzilmasdi. Bu mevalarning odam sog'ligi uchun hosiyati katta. Ular ham bardam qiladi, ham keksayishning oldini oladi, derdi onam. Tetikligimga kelsak, suyagim mehnatda qotgan. 13 yoshimda bo'yim baravarli ketmonni ko'tarib dalaga chiqib ketgan bo'lsam, bolalarim qo'limdan ishimni olgunga qadar dalada chigit bilan bahorda birga ko'karib, to qor yoqquncha barmoqlarim shilinib paxta terganman. Cholim ham oddiy dehqon edilar. Ikkalamiz qo'sh xo'kiz bo'lib, to'rt qiz, uch o'g'ilni o'stirdik. Oyda, yilda shahar yuzini ko'rmasak, mehnat, ro'zg'or, bola chaqa tashvishidan qo’limiz bo'shamasdi. Onaxonning yodiga nimalardir tushdimi, bir lahza jimib qoldilar. Xotiralar ummoniga sho'ng'ib yotgan onaxonning nozik dil pardasini chertaman.
-Cholim ham dehqon edilar dedingiz, dalada ishlab yurib bir-birlaringizga ko'ngil qo'ygan ekansizlarda, deyman o'smoqchilab.
Yo'q, ota-onamga maʻqul bo'lgan, men ularning amrini bajarganman. Fotiha to’yimiz bo'lib o'tgandan keyin, bir-birimizga eʻtibor berib qaraydigan bo'ldik. Sharoit shundaymidi, yoki sharmu hayo kuchli bo'lganmi, shunda ham uzoqdan turib bir-birimizga ko'zimiz tushsa, uni bilmadimu, mening butun vujudimga titroq kirib, yuragim gupillab urib qolardi. To'yimiz ham tez orada bo'lgandi. Hozirgi kelinlarga qilinadigan kiyim-kechagu, dabdabalarni ko'rib kapalagim uchib ketadi. Menga 8 ta ko'ylak, bir mahsi kalish, 4 ta ro'mol, bitta jempir qilishgandi. Taqinchoqlarniku aytib ham o'tirmay, bitta oddiy sirg’a bilan bitta bilak uzuk, kelinligimdagi bor bisotim shu bo'lgan. Yana deng, hech esimdan chiqmaydi, aravada olib ketishgani (xandon otib kuladilar). Aravaga g'ildiragidan chiqqandim. To cholimning uyiga yetib borguncha arava taqir-tuqur, etib silkinib ichimni ezib yuborgandi.
Endi bu voqea elliginchi yillarda bo'lgan-da! O'shanda yengil mashina u yoqda tursin, usti ochiq mashina ham yo'q edi qishloqda. E, qanday zamonlarni boshdan kechirmadik bolam. Urush, qimmatchilik bari tushday o'tib ketdi. Hozirgi to'ylarga qarab havasim kelib ketadi. Shukr, biz ko'rmagan kunlarni bolalarimiz, nabiralarimiz ko'rayapti.
-O'shanda muqaddas chimildiqqa kirayotib qilgan orzu-umidlarim ushaldi. 48 yil cholim bilan ahil yashadik. Men nima desam: "Bo'pti, seni gaping to'g'ri "kampir" ",derdi rahmatli cholim. Cholingizni rosayam qo'lga olgan ekansiz deb o'ylamang tagin, men cholimning avzoyiga qarab muomala qilardim. Mana 2 yildirki, u yo'q, bag'rim to'la bola bo'lsa ham, ko'nglimning bir chekkasi bo'm-bo'sh (ko'zlariga yosh qalqib, ovozi qaltirab ketadi, onaxonning). Meni oldiga solib, keyin ketsa bo'lmasmidi (og'ir xo’rsinadi). Xudoga shukr, bolalarim ham, kelinlarim ham meni boshida ko'tarib yuradilar.
- Albatta har qanday kelin begona joyga tushganda yangi sharoitga moslashishi qiyin bo'ladi, keliningiz sizni xech dilingizni og'ritganmi?
-To'g'ri aytasiz, endi bir voqeani aytib beray. Men yoshligimda juda g’ayratli edim, bolalarimni ham shunga undardim. O'shanda ellikdan oshgan paytlarim, barvaqt turib, sigirlarni o'zim sog’ardim. Kelinlarim yosh, ular supir- sidir, ovqat ishlarini bajarishardi. Bir kuni soat oltida sigirlarni sog’ib, sutini sotib kelish uchun uydan chiqib ketib, soat sakkizlarda qaytib kelsam, bolalarim ham, kelinlarim ham dong qotib uxlab yotibdi. Darvozadan kirishim bilan qon bosimim ko'tarilib ketib, qo'limdagi bankani jahl bilan supaga qarab uloqtirdim. Banka chil-chil sinib hammani uyg'otib yubordi. Qarasam o'g'illarim ham, kelinlarim ham o'rinlaridan turganicha sarosimada qoldilar. Indamay choy qo'ydim, tashqariga dasturxon tuzatdim, men ham jim, ular xam jim edilar. Birin-ketin bari dasturxon atrofiga to'plana boshladi. Bitta kelinim yaqinlasholmay, o'zini har ishga urib, cho'chib ham turdi. Hamma jam bo'lgandan keyin, qizimga qarab: "Bolam, onam charchab keladi, deb barvaqtroq tursang bo'lmaydimi, ro'zg'or faqat menga kerak emas-ku", -dedim bir og'iz. Shu-shu kelinlarimning xatosini ko'rmadim. Bolam xammamiz ham avliyo emas, issiq jonning isitmasi bazida ko'tarilib ketadigan paytlar ham bo'ladi. Baʻzida kelinlarimga o'sha voqeani aytib bersam, kulishadi. Ko'nglim uchunmi "O'shanda to'gri qilgansiz", deyishadi. Jahl chiqsa aql ketadi, deganlari rost ekan bolam.
-Onajon, “kuyovni yov” deyishadi, shu gap to'g'rimi?
-Yomon bo'lsangiz hamma sizga yov. Kuyovlarimni hammasini yaxshi ko'raman. Qizlarimga ham aytib qo'yganman: "Eringni gapini menga tashib kelma", deb. Agar qizim kelib kuyovingiz unday, kuyovingiz bunday deb yomonlasa, balkim men ham yomon ko'rib qolgan bo'larmidim. Kechayu kunduz bolalarimning duosini qilaman. Iloyo tinib-tinchib qo'shgani bilan qo'sha qarisin, deyman.
-Qaynona bilan kelin orasidagi mojaroda kim ko'proq aybdor, deb o'ylaysiz?
Albatta kaynona aybdor. Kelin bir nihol, qaynona qanday parvarish qilsa, shunday o'sadi. Ayol ayolni tushunishi kerak, deb o'ylayman. Lekin, qaynonani ham tushunish kerakda! To'qqiz oy yuragi ostida ko'tarib yurgan bolasini kelinidan qizg'anib ham xatoga yo'l qo'yadi. Bolamni birovni qizidan himoya qilaman, deb o'ylaydi. Lekin, kelin xafa bo'lsa, o'g'lim ham xafa bo'ladi, deb o'ylamaydida, ona: Men bolamga ravo ko'rmaganimni kelinimga ham ravo ko'rmayman. Chunki ular bir olmaning ikki yuzi. Olmaning bir tomonini tishlasangiz, ikkinchi tomoni ham zirqirab ketadi.
-Yosh kelin-kuyovlarga maslahatingiz bormi?
Hajga boraman deb hujjatlarimni taxt qilgan joyimda, cholim kasal bo'lib koldi. Cholimni shu ahvolda tashlab ketishga ko'zim qiymadi, hajga bormadim. Ataganimni bir kishidan berib yubordim. O'sha kishi tilaklaringiz ijobat bo'ldi, deb qaytib keldi. Agar cholimni shu ahvolda tashlab ketsam, unga bir gap bo'lib qolsa, Xudo ham, banda ham meni kechirmasdi. Cholimni duosini oldim, besh yil yotib qoldi. So'nggi paytlarda har yuvib taraganimda: "Boringga shukr, sendan mingdan ming roziman", deb ko'zlariga yosh olardi rahmatli cholim. Yoshlarga mehr-oqibatli bo'lishni, yoriga hoh ayol, hoh erkak vafodor bo'lishini maslahat beraman.
Mana, azizlar, qariyalarimizda gap ko’p, ularning pandu nasihatlariga amal qilsak, Tojixon ayaday yuzimiz yorug’, ruhimiz tetik, tilimiz ham burro bo'ladi.