Do’stim Endi uni seva olarmikan
Sizlarga aytib bermoqchi bo'lganim bu voqea ishtirokchilarining nomini o'zgartirib yozmoqdaman. Sababi uning, to'g'rirog'i o'sha qizning nomini aytishga, uning nomini zikr etishga to'grisi qo'lim ham, yuragim xam betlamaydi.
Sobir bilan juda qalin do'stman. Birga bog’chaga bordik, birga maktabda o'qidik, umuman yaxshi-yomon kunlarimizda doimo birgamiz. Hayot insonni tarbiyalar ekan. Ulg'aygach, boshga ozroq aql kirgach, yaxshi-yomonni ajratadigan, erkin ravishda xulosa chiqaradigan bo'lib qolarkansiz. Bilmadim, bu qanchalik to'g'ri yoki noto'g'riligini. Men o'z hayotiy tajribamdan shunday deb bilaman.Hayotimizdagi barcha sirlarimizdan o'zaro xabardormiz. Men unga, u menga o'z dardlarimizni aytib turamiz.
Voqea bunday bo'lgan edi. Biz maktabda 9-sinfda o'qirdik. Sobir so'nggi kunlarda juda o'zgarib qoldi. Jahli tez chiqardi. Garchi uning qalbida muhabbat o'tlari yonayotganligini, xuddi ana shu hissiyotlar uni shu ahvolga solganligini men sezgan bo'lsam-da, o'zimni bilmaganlikka olib yurdim. Bir kun kelib o'z dardini aytar deb indamay qo'ydim. Xuddi aytganimdek bo'ldi. U menga xuddi yonayotgan o'tindek hasratlarini to'kib soldi. Bizdan ancha uzoqroqda bo'lgan qo'shni qishloqlik Umida degan qizni sevib qolganini, usiz yashay olmasligini aytdi. Haqiqatan xam shunday edi. Uning qiynalgan yuragi, dard bilan aytilgan so'zlari holatini tasdiqlar edi. Qisqasi, uning sevgisi uchun men ham kurashishim kerakligini o'zimga farz deb bildim. Bu mening ham yigitlik, ham do'stlik burchim edi. Umidaga boshdan-oxirigacha tushuntirdim. Sobir haqiqatan ham uni sevishini, kelajakda Umida bilan turmush qurish niyati borligini batafsil tushuntirdim. Avvaliga u norozi bo'ldi. Ammo, Umidaning xam Sobirda ko'ngli borligi shundoqqina ko'zlaridan bilinib turardi. Keyinchalik Umida Sobirning ishqiga rozi bo'lganligini dugonasi orqaali aytib yuboribdi. Sobirning o'shandagi holatini hech ham unuta olmayman. U shunday quvondiki, hatto biz birga o'sib, birgalikda ulg’aygan bo'lsakda, uning bunchalik darajada shodlanganligini ko'rgan emasman.Oradan yillar o'tdi. Biz maktabni bitirdik. Men o'qishga kirdim. Sobir armiyaga ketdi. To'g'risi ularning sevgisiga havasim kelardi. U har safar menga xat yozganida Umidani albatta tilga olar, uni jonidan ortiq ko'rishini ko'p bora takrorlardi. Biz endi ulg’aya boshladik. Sobir ham armiyadan qaytdi.Xizmatdan qaytganiga atigi ikki kun bo'lgan do'stim Sobir menga sim qoqdi va tezda oldiga borishimni aytdi. Bordim. Sobir menga Umidani uyidagilari turmushga uzatishmoqchi ekanliklarini, ularning uyiga sovchilar kelayotganligini aytib qoldi. Buning yomon tomoni yo'q edi. Chunki har bir qizning bo'yi etgach, uning uyiga sovchi keladi-ku, deb o'yladim men. Lekin yomon tomoni aynan Sobir bilan bog'liqligini kim ham o'ylabdi, deysiz... Eng qayg'uli tomoni esa Umida sovchilarga rozilik beribdi... Sobir Umidani sevishini qanchalik tushuntirmasin, baribir Umida unga kelgan sovchilar boy xonadondan, obro'li bir odamning uyidan ekanligini aytibdi. Avvaliga hayron qoldim. Nega endi shuncha vaqt ular bir-birini sevishib yurishdiyu, birdaniga Umida boshqa tomonga o'zgarib qoldi. Boylik, obru, etibor nahotki muhabbatdan ham ustun bo'lsa!? Balki Umida Sobirning uyidagilar boshqa xonadonga sovchi bo'lib borishganidan xabardordir?degan savol ikkimizni ham qiynardi. Xuddi shu paytlar, yaʻni Sobir xizmatdan kelishidan bir xafta oldin uning ota-onasi Umidalar yashaydigan qishloqqa sovchilikka borishgan edi. Garchi buni Sobir bilmasada, ular yakka-yagona o'g'illari kelishi bilan to'y qilishmoqchi bo'lishgan. Bu har bir ota-onaning eng yuksak orzusi, albatta. Bundan xabar topgan Sobir ota-onasi sovchi bo'lib borgan xonadonni surishtirib ham o'tirmay qatiy norozi bo'ldi.Bu voqealardan xabar topgan Sobirning ota-onasi qasdma-qasd tez kunlarda uning to'yini o'tkazishga kirishishdi. Umuman olganda ularning taqdiri Sobir xohlagandek xal bo'lmadi. Umida deb norozi bo'lgan, o'sha ota-onasi sovchi bo'lib borishgan xonadonning qizini, faqat bitta shart bilan uning ham ismi Umida bo'lganligi uchun oladigan bo'ldi. U nixoyat darajada ruhiy azob chekdi. Hech kim bilan gaplashmay qo'ydi. U qizning ismi Umida ekanligi bilan qanoatlandi, ammo qanaqa qiz ekanligi haqida surishtirmadi ham. Shunchaki ota-onasining qistovi bilan uylanishga rozilik berdi, xolos. To’y kuni belgilandi. Sobir esa hali ham Umidani o'ylar, xuddi kasal odamdek oriqlab ketgan edi. Va yana otasining qistovi tufayli o'zi uylanayotgan qiz bilan to'y oldidan uchrashishga rozilik berdi. Aslida u bu uchrashuvni ham xohlamagan edi.Uchrashuv kuni belgilandi. To'yga esa ikki kun vaqt qolgan. Men Sobir bilan birga boradigan bo'ldim. Aytilgan joyga vaqtida yetib bordik. Nimagadir Sobirning ham, mening ham ko'nglimiz g'ash. Nimadandir hayiqardik. Bilmadim, balki bu Umida yashaydigan qishloq ekanligi uchundir. Uzoqdan Sobirning bo'lajak kayligi ko'rindi. Tavba, yurishlari, kiyimi, turishi ham Umidaning o'ziku. Nahotki bu Umida bo'lsa, yo'q - yo'q Umida bo'lgan taqdirda ham shunchaki aylanib yurgandir... Ha, o'sha kelayotgan qiz Umida edi. U bizni uzoqdan ko'rdiyu, birdan yurishdan to'xtadi. Biz esa unga tikilib turardik. U bir hayol orqasiga qaytmoqchi bo'ldi, ammo yana to'g’ri biz tomonga qarab kelaverdi. Oldimizga keldi-da, biz bilan salomlashdi. To'g'rirog’i, men bilan salomlashdi. Sobir esa, ko'rishi bilan yo'lning narigi chetiga o'tib ketdi. Men Umida bilan ochiqchasiga gaplashdim. Uning bu qilmishlari sababini so'radim. Savolim esa javobsiz qoldi. Keyin aytgan gapidan esa yuragim to'xtab qolayozdi. U ham uchrashuvga chiqqanligini aytdi. Xayolimda esa faqat Sobir bilan uchrashgani emas, degan fikr charh urardi. Haqiqatda esa shunday bo'lib chiqdi. Umida aytgan o'sha boy yigit Sobir, Sobir alam ustida uylanmoqchi bo'lgan qiz esa Umida ekan. Umidaning xolini ko'rsangiz edi. Shu payt Umida yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsa... Hammasidan ham Sobirga achinaman. To'yga atigi ikki kun qolgan, ancha- muncha xarajat qilingan..
Sobir bundan xabar topishi bilanoq uyga ketib qoldi. Orqasidan yugurdim. Uyiga borsam, uyidagilar "Sobir uyga kelmadi", deyishdi. Uni uyida ancha kutdim. Oxiri yarim kechasi mast holda kirib keldi. Meni ko'rishi bilan baqirib yig’ladi: "Odam bo'lgandan ko'ra hayvon bo'lib tug'ilsam bo'lmasmidi", deya o'ksinib-o'ksinib yig’ladi. Mening esa qalbim yig’layotgan edi.Taqdirning o'yinini qarang, hamma Sobir uylanayotgan qizning nomi Umida ekanligini bilgan. Men xam bilardim. Ammo u qiz aynan bir vaqtlar Sobirni sevaman deb, sensiz yashay olmayman deb xatlar yozgan Umida ekanligi esa hayolimga ham kelmagan edi. U haqda Sobir ham, men ham surishtirmaganmiz.Balki bu maktubim tahririyatga yetib borganida Sobirning ham, Umidaning ham taqdiri hal bo'lgan bo'lar, ammo men bir narsani aniq ayta olamanki, Sobir endi hech qachon sevmaydi, sevolmaydi.Aziz yurtdoshlar, sizlarning maslahatingizga muhtojmiz. Hali yosh ekanligimiz tufaylimi, bu voqeadan qanday hukm chiqarishga ojizlik qilmoqdamiz.