Halol Bo’lsangiz

By Xumoroy, Farg’ona, in 2002

Oilam buzilib ketganiga yaqinda 6 yil bo'ldi. Mana, o'shanda 9 oylik bo'lgan kichik o'g'lim 7 ga kirib, 2-sinfda o'qimoqda. Halol bo'lsangiz, birovga xiyonat qilmasangiz el ichida yuzingiz yorug' bo'lar ekan. Ha, aytganday, turmush o'rtog'im 2 bolali bo'ldi. O'sha "eringiz birov bilan yurarkan", deyishgan ayolga (tan olmagan edi) uylandi. Hozir o'zini baxtiyor his etsa kerak. Axir o'zi kutgan "qizi bor. Meni: "Eplab qiz bola tug'olmading",- deb tahqirlar edi-da.... Quyidagi lavhalarni o'z hayotimdan yozdim. Qo’pol yozilgan, ayrim xatolari bo'lsa uzr.
Ko’p qavatli uylardan birining oldiga katta yuk mashinasi kelib to'xtadi. Yukxonada mebellar, xolodilnik va shularga o'xshash uy anjomlari. Kabinadan atrofga qaray-qaray bir ayol ikki farzandi bilan tushdi. Adashmadimi? Bu uyni sotib olish uchun bor-yo'g'i ikki martagina kelgan, o'shanda ham qorong’u edi. Bolalarini uyga tashlab chiqdi. Uzoq yo'l bosib kelishgan, bolalar charchagan, kichkinasi uxlayapti. Yarim soat o'tar- o'tmay jiyanlari ham yetib kelishdi. Qo'ni-qo'shnilari ham yaxshi odamlarga o'xshaydi, buyumlarini birpasda ikkinchi qavatga tashishib berishdi. Mana, endi behavotir bir oz dam olib, bolalarga kechki ovqat tayyorlasa bo'ladi. Kech bo'ldi. Bolalar ovqatlanishib uyquga keta qolishdi. Bir oz dam olish bahonasida bugungi voqealar ko'z o'ngidan o'ta boshladi. Eh, nimaga ham bordi qaynonasinikiga? Bormasa ham bo'lar ekan, asli bo'ladigan ish allaqachon pishib bo'lgan ekan-ku. Qaynonasi nima dedi, deng? "Hoy kelin, yeganingiz oldingizda, yemaganingiz ketingizda, shukr qilib, sabr qilib o'tiravering, eringizga Xudo insof berib qolar. Ketib qayerga borasiz, bolalarni o'ylang hech bo'lmasa. "Men bolalarni o'ylamay kimni o'ylayapman, uyda har kuni janjal bo'lsa... Men 7 yil turmush qilib endi o'g'lingizga yoqmay qoldim. Boshqasini topib olibdi. Men ham umid bilan turmush qurganman, tinchgina yashashni istayman. O'g'lingizga kerak bo'lmay qolgan bo'lsam, ikki o'g'limga kerakman", demadi. Endi eslab jahli chiqa boshladi. Mayli, yaxshiyam shu gaplarni qaynonasiga aytmagani, gap ko'payib janjalga aylanar edi. "Aya, shunday bo'lib qoldi, peshonamdagini ko'raman", deya oldi xolos. Yig'i bostirib kelib boshqa hech gap gapira olmadi. Turmush o'rtog'i bo'lsa: "Aya, mayli indamang, ketsa ketaversin. Hali 2 oy o'tmay yalinib keladi, bolalarni bir o'zi eplab bo'pti. Hoy, menga qara shaharlik, aliment olib mazza qilib o'tirib bola boqaman dema, bir so’m xam ololmaysan, eshitdingmi? Birovga turmushga chiqishni o'ylama, ko'rgan har kuning, yeganing harom bo'ladi", dedi. Bunga javoban: "Sizniki-chi", degisi keldi. Farzandlaringiz bo'lsa, ro'zg'oringiz but bo'lsa, uyda har doim ovqatingiz tayyor, kiyim-boshlaringiz toza ozoda bo'lsa. Siz nega nikohsiz ayol bilan xilvatlarda uchrashib yurasiz, sizniki halolmi?" degisi keldiyu negadir aytolmadi. Ex! Bu gaplarni gapirding nimayu, gapirmading nima? Harqalay maʻlumoti bor, bironta ishga kirib bolalarni bir oz katta qilib olsa bo'ldi, qolgani Allohgagina ayon, bir gap bo'lar. Ayol shularni o'ylab qanday uxlab qolganini bilmay ham qoldi.
U uyg'onganda, tong ham otay deb qolgandi, oldinda hali qancha ishlar turibdi. Vaqtli turib bolalarga nonushta tayyorlash kerak, hali zamon jiyanlari kelib qolishadi. "Hech narsani qimirlatmay turing, biz kelib yordamlashamiz", deyishgan.
Allohga shukr, mana tong ham otdi. U bolalariga ma’yus qaradi: hech narsa bilan ishlari yo'q, pishillab uxlab yotishibdi. "Mana mening quvonchlarim toychoqlarim, yaratganga beadad shukr ayol ko'zlariga quyilib kelgan yoshni artdiyu, qomatini rostlab oldi. Shu bilan tashvishlarga, sir-sinoatlarga to'liq hayotga o'zida cheksiz kuch-bardosh yiqqandek edi.
Ha, qayerdan ham o'sha kuni dugonasining gapiga kirdi. Hamma dilhiralik ana o'shandan boshlandi, nazarida. Sinfdosh dugonasi uni qo'yarda-qo'ymay “Bir oz dam olib, yozilib kelasiz, hadeb uyda bir o'zingiz o'tiraverasizmi”, - deb to'yga olib bordi. Singlisining gapiga kirib bir oz o'ziga oro berdi. Ularning maslahati bilan torroq ko’ylagini kiydi. "Voy opajon, juda yarashdi, xuddi 20 yashar qizlarday bo'ldingiz qoldingiz",dedi. Singlisining maqtovlariga berilib ketib, ko'chada unga sirli qarash qilib salom bergan qo'shni yigitning ham salomiga alik olib, kulib ketaverdi. To'y bir oz kech tugadi. Singlisi ham ertaga ishga borishini baxona qilib ketib qoldi. "Rostdanmikan, haliyam yoshga o'xshaymanmi?" Ayol o'zi bilan o'zi gaplashib, oynaga qarab o'tirib, bolalarining uxlab qolganini sezmay qoldi. "Ha bo'ldi, ko'nglimni ko'tarish uchun aytishdi qo'yishdi-da", deya oxiri yotib uxladi. Bir mahal eshikning taqqillashidan cho'chib uyg'ondi. Soatga qaradi ikki bo'libdi. "Kim bo’ldiykin bunday bemahalda eshik taqillatib kelgan?" Sekingina eshik oldiga kelib so'radi: "Kim?" «Opa, man qo'shningizman, ismim Falonchi, sizni bir odam qidirib, adashib biznikiga kelibdi. Kech bo'lsa xam uzr, yetaklab chiqdim. "Men hozir", deya ayol eshikni ochdi. Qarasa haligi kunduzi g’alati qarash qilib so'rashib o'tgan qo'shni yigit. "Ha, kimlar ekan. Qani, olib chiqmabsizku, qani ular?"
Opa uzr, sizni bir oz aldadim. Chaqirgan men edim. Sizda gapim bor.
Gapirgani boshqa payt topa olmadingizmi? Esingiz bormi? Yarim kechasiya?
Opa uzr, meni tanimaysiz, sizga qo'shniman. Keyingi yo'lakda yashayman. Ayting, qayerliksiz?
Ayol qarab turib bu yigitning kayfi borligini sezib qoldi. Iloji boricha yumshoq gapirib jo'natib yuborishga harakat qildi. Hech gap uqmaydigan xilidan ekan, u desa u deydi, bu desa, bu deydi. Axiyri: "Hozir qo'shnilarni chaqiraman", desa, "Sizni pastda bir akaxonim chaqirayapti”, deb bahona qildi. "Sizni Falon yerda, Falonchinikida ko'rgan ekan. Sizda gapi bor ekan, iltimos bir daqiqaga men bilan yuring", deya yana gapni olib qochdi. Ayol shirakayf qo'shni yigitga tikilib turib esladi: "Haya, aytganday uni shu yaqin o'rtada yashovchi, ancha-muncha odamlarga so'zi o'tadigan bir xolavachchasining uyida ko'rganday bo'luvdi. Nega shuncha paytgacha esiga kelmadi. Bir soatdan beri ketmaydi, eshikni yoptirishga qo'ymaydi.
- Xay uka, gap uqmaydigan xilidan ekansan. Hecham yaxshi gapga loyiq emas ekansan. Men o'sha Falonchi akaxoningga singil bo'laman. Bor, jo'na, ertaga kayfing tarqaganda kelib kechirim so'rashni unutma. Aks holda... Qo'ni-qo'shnichilik deb ayab o'tirmayman...
Ayol qanday qilib shunday qattiq gaplar aytib yuborganini bilmay qoldi. Yigit ham shipillaganicha jo'nab qoldi. Ertasiga tungi hangomalar taʻsirida juda lanj uyg’ondi. Bolalariga tushlik tayyorlayotgan edi, o'g'li: "Aya, aya, sizni bir odam chaqirayapti", dedi. Eshikni ochsa yana o'sha o'sha yigit bu safar so'ljayib turibdi. "Opa, meni kechiring, sizni tanimabman, xafa qilib qo'ydim. Qo'shniman, ismim falonchi, xizmat bo'lsa bemalol aytavering, uzr endi, yoshlik qilibman", dedi. Ayol ichida: "Basharang qursin", desa ham, "Xo'p, mayli. Ana shunday paytlarda mening o'rnimda opangiz yoki singlingiz bo'lishi mumkinligini bir ko'z oldingizga keltirib ko'ring", deya oldi xolos. Uni turqi-atvorini ko'rmaslik uchun tezda eshikni yopdi. "Yigit bo'lmay ket, kelvatidan odamga o'xshaydiyu, lekin hayvondan xam battar ekan, yana kechirim so'rab kelganichi. Aytganidek, falonchi akaxonga borib arz qiladi", deb cho'chidimikin? Yoki mastligi tarqagach xato qilganini tan olib vijdoni qiynalib, uzr so'radimikin? Basharasiga bir tarsaki solib: "Sen ham bir onaning farzandisanku, mening ham senga o'xshash o'g'illarim bor. Men ham onaman. Nahotki yolg’iz ayolning uyiga istagan odam, istagan paytida bostirib kirishi mumkin deb o'ylasang? Bilib qo'y, men sen o'ylagan yengiltak oyimchalardan emasman!"degisi keldiyu lekin bu bezbetga hech gap kor qilmasligiga ko'zi yetib indamadi.