Qodiriy Bekatidagi o’ylar

By Dilmurod Sayyid, …, in 2002

Аnchadan beri bir istak koʼnglimda bir tugundek yuradi.
Kuni kecha metroning "Аbdulla Qodiriy bekatiga tushdim. Loyihada bu bekat "Oloy bozori" edi. Oʼzbek romanchiligining asoschisi xotirasiga Аbdulla Qdiriy nomi be rilishini tavsiya etib, oʼz - vaqtida ancha talashgandik. Lekin baribir 90-yillar boshida ayrim rejalarga ulgurmagan edik. Bugungi mustahkam mustaqilligimiz "aytilganu amalga oshmagan" taklif- tavsiyalarni yuzaga chiqarishga katta imkon yaratib turibdi. “Abdulla Qodiriy bekati" da ko'ksimdagi tugun yechilayotganligini his etdim.
...Yunus Rajabiy, “Ming o'rik”, “ Oybek”... Bu nomlardan so’ng "Mashinasozlar", "Chkalov" deyilishi g'alatirok eshitilar ekan.
Bundoq fikr yuritib ko'rsam, poytaxt metrosi bekatlarining hech birida ayol nomi uchramaydi. O'zbek ayolining qudratu salohiyatini olamga yoygan To’maris, Zebuniso, Uvaysiy, Gulbadanbegim, Nodirabegim kabi o'nlab siymolarimiz bilan cheksiz fahrlanamiz. "Muqaddassan, muqaddas ayol!" deb ayolni eʻzozlashda yer yuziga ibrat bo'layotgan O'zbekistonimiz yuragi Toshkent shaxri metrosi bekatlarida ham ayol siymosi aks etmog'i lozim.
Shu nuqtai nazardan, eng avvalo, metroning birorta bekatida ayol nomi uchramasligini eʻtiborga olib:
1. Tavalludiga 210 yil to'lishi munosabati bilan davlat arbobi o'zbek malikasi va shoirasi Mohlaroyim xotirasiga metroning "Mashinasozlar bekati" qayta nomlanib, "Nodirabegim bekati" deb yuritilishini;
2. XX asr o'zbek adabiyotining yirik namoyandasi, jamoat arbobi, O'zbekiston xalq shoirasi Zulfiya xotirasiga ehtirom sifatida metroning "Chkalov bekati"ni "Zulfiya bekati" deb qayta nomlashni taklif qilaman. Yuqoridagi takliflar masalaning bir tomoni, yaʻni ayol siymosiga eʻzoz ibrati! Endi aynan atamashunoslikka oid yana bir jihat mavjudki, bu masalaning ikkinchi tomoni bo'ladi. Yaʻni, "Nomlar maʻnaviyat belgisi!" degan tushuncha bor. Shu nuqtai nazardan ham mamlakatimizning "Davlat tili to'g'risida"gi Qonunida tarixiy atamalarni, tarixiy shaxslar xotirasini tiklash va abadiylashtirishga alohida eʻtibor berilgan.
Toshkent metrosining Yunusobod yo'nalishida qurilayotgan bekatlar nomi shu talabga javob beradi. Lekin Usmon Nosir va Boburdek zotlar nomi qatorida "To'qimachi" atamasi turishi maqsadga muvofiq emas. Negaki, avvalo, o'sha
hududda to'qimachilik korxonasi bo'lishidan tashqari, boshqa sohalar inshootlari ham mavjud. Boshqa kasb egalari ham yashaydilar. Shu jihatni eʻtiborga olgan holda, mazkur bekatni turli kasb sohiblari bo'lmish xalqimiz fidoiylaridan birining nomi bilan atash kerak.
"Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!" deb kuyungan edi Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho’lpon. Adib va shoir Cho'lponning bu ezgu tilagi ushaldi: uning siymosi, asarlari bilan birga xalq ichida quchok ochib yuribdi. Istibdod yillari qurboni shahid Abdulhamid Cho'lpon tavalludiga bu yil 105 yil to'ladi. Endi bir hayoldan o'tkazib, asta aytib ko'ring: "Usmon Nosir bekati"... keyingi bekat Abdulhamid Cho’lpon! Naqadar go'zal, naqadar bir-biriga ohangdosh, uyg’un bu nomlar!
Shu go'zallik, shu ohangdoshlik zamirida o'zbekona o'zlikni anglash, qadriyatni ezozlash tuyg’ulari namoyon bo'ladi. Shu nuqtai nazardan ham qurilayotgan "To'qimachi bekati "ni qayta nomlab, "Abdulhamid Cho'lpon bekati" deb yuritilsa arziydi. Zero, poytaxtning "Еr ostidagi yettinchi osmoni muhtasham saroyi" hisoblanmish metromiz bekatlari nomidagi bunday ibratli o'zgarishlar nomlanishlar nafaqat O'zbekiston ahliga, balki Vatanimizning xorijiy mehmonlariga ham o'zgacha maʻnaviy zavq bag'ishlashi shubhasiz!
Shu jihatdan ham yuqorida bildirilgan takliflar ijobiy hal etilishiga ishonchim bor.
Chunki bu o'rinda so’z shaxslar xotirasi emas, balki maʻnaviy qadriyatlarimizga aloqador ezgulik haqida bormoqda. Bu borada aziz mushtariylar ham o'z fikr- mulohazalarini bayon qilishlarini istar edim. "Takliflarni yozayapmanu, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning yana bir ibratli taʻkidlari hayolimni chulg'ab olyapti: "Bu muqaddas tuproqda ulug’ bobokalonlarimiz xoki yotibdi. Shu zaminda o'tganlar va shu zaminni qo'msab, unga yetolmaganlar ruhi poklariga bosh egamiz. Ota-bobolarimizning ruhlari bizning Vatanimiz uchun qilayotgan xizmatlarimizdan doim shod bo'lsin!" Muhtaram yurtboshimizning bu ibratli taʻkidlari har birimizning qalbimizdagi beqiyos surur hissini yanada yuksakka ko'tarishi tabiiy. Men ana shu tabiiylikni yana bir karra yurak-yuragimdan his qilgandek sezdim o'zimni.