Shayton Haqiqati yohud bir ko’ngil iztiroblari

By Sulaymon Shodiyev …, in 2001

Har kimning o'z haqiqati bo'lar ekan. Agar siz ikki yelkasida ham shayton o'tirgan kishiga, "sen iblissan" desangiz, uning ranjishi turgan gap. Garchi u shaytonning xayoliga kelmagan qora ishlarni qilsa-da, o'zini farishta hisoblaydi. Uning ana shunday, hech kimning qadr-qimmati, shaʻni va nafsoniyati bilan hisoblashmaydigan yovuz va dahshatli haqiqati bor. Boshingizni toshga uring, oyoqlariga muk tushib yolvoring, zorlaning befoyda. Inson shaklidagi bu jonzot o’z shaytoniy haqiqati yo’lida duch kelgan har qanday narsani bosib-yanchib ketaveradi. Eng dahshatlisi, bu yo'lda u qanchadan-qancha bokira qalblarni qon qaqshatadi, nafis umid va tuyg'ularni barbod qiladi, eʻtiqod va sadoqatni sindirib tashlaydi.
...Bu xonadonga ana shunday iblis ko'hlikkina kelin timsolida kirib keldi. Orzu xavaslardan to'shalgan poyandozlardan yurib xonadonga qadam qo'yar ekan, "to'rt qizim beshta bo'ldi", deya qaynona sevinchlariga ko’ylagi tor keldi. Qaynota yolg'iz o'g'li Hamdamjonning murodiga yetganidan ko'ngli erib, tangriga shukronalar o'qidi. Kelinning otasi, bag’ri keng mo’ysafed qizini mehr-oqibatli, diyonatli kishilar ihtiyoriga topshirganidan, "Xudo ohiratda meni xam yorlaqadi", - deya toat-ibodatlari savobini shu xonadonga bag'ishladi. Biroq bu duolar ijobat bo'lmadi. Ko’p o'tmay kelin tushgan xonadondan halovat aridi, fayz-baraka uchib ketdi. Kelinning har bir so’zi qaynota va qaynonaning oshiga og'u bo'lib tomaverdi. Yosh er arosat alang’asida jizg’inak bo'lib yonar ekan, sabr qilishdan boshqa chora topolmasdi.... Bu voqeani menga Hamdamjonning opasi hikoya qilib berdi.
-O’sha yil men uchun juda iztirobli kechdi, deb so'zlardi u.
- Men mushtipar onajonimdan ayrilib qoldim. O’im-ku xaq, ammo onajonimning ajalidan to'rt kun burun yorug’ olamdam ketgani meni hasrat daryosiga G’arq qildi.....
Ona. Dunyoning birinchi mo’jizasi. Fikrati olam sirlarini anglagan zakiylar ham sig’inadigan mehrob, tavof etadigan oliy hilqat. Bu voqeani so'zlab bergan yosh juvon haqiqatda ana shunday timsolda gavdalanadi. Bu haqiqatni inkor etish uchun kishi tomirida iblis qoni ko'pirishi kerak.
8 dekabr. Payg'ambar yoshiga etgan ona uyda hech kim yo’qligini bilgach, yuvinib-tarangisi keldi. Bayram-da, kuyovlar, qizlar kirib kelsa....
Qishloqda xammom kimda boru kimda yo'q. Yo’q bo'lgach, uy yoki dahlizda yuvinib olasiz. Ona xam shunday qildi. Cho'milib olgach mag’zavali togorani ko’taraman deganda qarilik pand berdi. O'z-o'zini koyib polga ag’darilgan mag’zavani artib olayotganda esa eshikda qora ko'lanka - kelin paydo bo'ldi.
- Bolam, men bexosdan….-dedi ona kelinining ko'zlariga tik boqolmay gunohkorona.
Bu kamgap, faqir, farishta sifat ayol kelinning ko'ziga judayam yomon ko'rinib ketdi, shu topda. Gʻazabi junbushga kelib, ko'zlari qonga to'ldi.
- Sen, miyasi suyulgan kampir, nuqul shunaqa qilasan, - deya ona sari borar ekan, shu zahotiyoq onaning qon bosimi oshib ketdi. Va nihoyat bunday zug’umlar, xo'rliklar kemirib ado qilgan nuroniy qalbda nogahonda isyon paydo bo'ldi. Keyingi paytlarda yolg’iz suyanchig’i bo'lgan hassasini keliniga qanday o'qtalg'anini o'zi ham bilmay qoldi. Sabrning kosasi teshik emasda ahir, to'ladigan kuni shu kun
Ekan.
Bir gapdan qolmaydigan, andishani to'rt buklab poshnasi tagiga oladigan kelin o'jarligi ko'zib, hassaning beozor zarbasini hazm qilolmadi. Shayton uning changaliga kuch bag'ishladi. U shoxsiz ho'kiz kabi tog’orani tepib ag’dardi, bir siltov bilan onani oyoklari ostiga oldi,
- Mana senga! Mana senga!
Ona qiyomat nimaligini shunda ko'rdi, Xumordan chiqquncha do’pposlagan kelinning qorasi o’chgach bir amallab hassasiga tayandiyu, xonasiga tomon sudraldi. Bu uning so'nggi marta hassa tutishi edi. Keyin, oradan bir necha oy o’tgach o'g'il va kuyovlar hassa tutib, onani tuproqqa topshirdilar.
Shu orada o'tgan vaqt bu xonadonning eng qora kunlari bo'ldi.
- O’shanda onamning bir oyog’i singan ekan. Do'xtir chaqirib dori-darmon qilibmizu oyoqlari singanini bilmabmiz. Og'riq zo'raygan, kasalxonaga eltdik. Qirq besh kun gipsda bir holatda yotdilar. Gipsni olishgach oyoqlari shishib ketdi. Shifokorlar endi operasiya qilish kerak deyishdi... hikoya qiladi juvon.
Chiqmagan jondan umid, deb shunga aytadilar. Noumid faqat kelin edi. Shayton unga yo'l bermadi: na hol, na uzr so'rashga balki u onaning kuni bitayotganini hammadan oldin sezgandir? Qolaversa unga nima. Qaytanga bu xonadon qarigan-qurigan bir kampirdan qutuladi. Shu paytgacha paypog'ini kampiriga iymanib yuvdiradigan qaynotaning og’irligi tushmagan, tushmaydi ham. Mo'mingina, beozor bo'lsa ham hali quvvati bor. Nima, cho’rilikka kelganmidi bu xonadonga?....
Ona, ko’z kosalari botib-chuqurlashib, rangi so'ligan ona peshonasida shunday yozuqlar borligini ko'rib do'zax azobidan ham og’ir bu iztirobli diqqinafas kunlar hademay poyoniga yetishini bilayotgandek edi. Yonayotgan peshonasida biri-biridan inoq va mexribon qizlarining, o'ychan va mo'min-qobil o'g'lining qo'l taftlarini sezgan paytlari ko'nglining allaqayerida yashash umidining mo’jaz uchqunlari paydo bo'lardi. Lekin ular ketishgach, bu uchqunlar asta so’nar va yana o'sha tushkun xayollar bilan yolg’iz olishar edi. Qildan qiyiq, axtaradigan kelinning so'nggi zug'umini har doimgidek jimgina hazm qilganida balki boshiga shunday musibatlar tushmasligini o'ylab ich-etini yerdi. Bir ona deb besh farzandining xonadonida halovat yo'q. Bir shu yetmay turuvdimi? E olsang, tezroq ol omonatingni Xudo! Bu mayib kampir hammani tashvishga qo'ydi-ku!
Xudo xam onaning ohlarini eshitdi. O’sha kuni u hamma farzandlarini xuzuriga chorladi. Vido lahzalarini so'z bilan ifodalash qiyin. Uni judolik nimaligini bilganlar aytsin. Ona qizlaridan ko'ngli to'q, faqat Hamdamjonga bir og'iz so'z aytishi kerak. Bu gapni kelinning yonida aytishi kerak edi. Lekin u yo'q. U kelmaydi.
- Onam bu gapni ukamga qatiy qilib aytmadilar. Yana o'zing bilasan, deb qo'ya qoldilar. Juvonning ko'zlari yoshga to'ldi. Hamdamjon bu gapdan cho'chib tushmadi, quvonmadi ham. U qo'ynida suyukli yor emas, balki zaharli ilon asrab yurganini ko'pdan buyon his qilardi. Bu ilon shu qadar sovuq va yoqimsiz ediki, go'zal bir nozanin shaklida bo'lsa ham unga yaqinlashgisisi kelmasdi. Undan ajralishni o'ylagan zahoti shiringina qizi Zarina ko'z oldiga kelardi. Ayolning xunugi bo'lmaydi. Hatto eng xunuk ayol ham o'zini go'zallardan ziyoda ko'radi, deyishadi. Lekin nega erlar o'z ayollarini tashlab ketadilar. Xunukligi uchunmi? Yo'q. Dunyoda eridan ajralib qolgan go'zallar ozmi? Shu o'rinda ushbu rivoyatni esladim.
Bir ona Rosululloh alayhissalom huzurlariga kelib o'g'lidan shikoyat qildi: "O'g'lim Xotami Toydan sahiy, birovning ko'nglini ranjitmaydi, yetimlarning boshini silab, faqirlarning ko’nglini ovlaydi. Ammo kecha xotinining ra’yiga borib meni ranjitdi. Unga nasixat bersangiz…."
Payg’ambarimiz bu gaplarni eshitgach gulhan yoqishni buyurdilar. Qo’qkib ketgan ona darhol buning sababini so'radi. Rosululloh aytdilar: "Uning o'zgalarga saxovatpeshaligi maqtovga loyiq ekan. Ammo o’z zavjasining gapiga kirib onani ranjitgan farzandning bu dunyosi ham do'zahda yonmog'i kerak". Shunda ona Payg’ambarimiz oyoqlariga bosh urib, o'g'lini qutqarib oldi.
- Ey farzand, - deyiladi bir rivoyatda. Agar umid bilan bir yostiqqa bosh qo'ygan ayoling onangga yaxshilikni ravo ko'rmasa, senga xam yomonlik sog'ingay! Bunday ayol bilan umr guzaronlik qilmoq uvoldir! Juvon hikoyasini davom ettiradi:
Yaqinda Gʻijduvonga borib otamdan, ukamdan xabar oldim. Otamning tobora boshiga cho'kka tushib ko'ylak-ishton yuvayotganlarini ko'rib ko'zlarimdan yosh chiqib ketdi. Kogonday uzoq joyda yashayotganimdan, otamning holidan xabar ololmayot ganimdan o'kindim. Ukam xotinidan ajralish uchun sudga ariza tashlab kelgan ekan...
Darvoqe. Hamdamjonning oilasi... U endi singan kosa. Kimdir uni chegalab butun qilishga urinar, kimdir bundan battar bo'l, deya mashara qilar balki. Axir hammaning o'z haqiqati bo'ladida. Har kim dunyoni o’z qarichi bilan o'lchaydi. Yana bir haqiqat bor: u anaі shu haqiqatlarni bir-biridan farqlay olish haqiqatidir. Afsuski, juda kam odam bunday iqtidorga ega.
Juvonning xikoyasini tinglar ekanman, o'zim uchun oddiy bir haqiqatni kashf etganday bo’ldim; ona vafotidan so'ng taqdirning turli zarbalariga duch kelgan bu qalb ming bitta dardga ko’nganu ammo ayriliqqa ko'nikolmayotganini tushundim, oradan ikki yil o'tib ketsa ham hamon judolik dardidan o'rtanayotganini angladim. Qani endi hammada ham ana shunday yoniq qalb, jafokash yurak bo'lsa... Harqalay, inson qalbi toshday bo’lmasligi kerak. Shunday emasmi?