Bola Oilada kamol topadi

By Hoji Ismatulloh …, in 2001

Bolaning dunyoga kelishi onaga, qarindosh-urug’larga xursandlik keltiradi. Ota-ona esa quvonchini yuragiga sig’dirolmaydi.
Bola qaysi din, qaysi millatga mansubligidan, qayerda dunyoga kelishidan qatiy nazar pok, gunohsiz bo'lib duyonaga keladi.
Ehtimol yangi tug'ilgan murg’ak kelgusida rahbar bo'lib, mamlakatni boshqarar yoki atoqli olim, yozuvchi, shoir, (sarkarda, musavvir yoki biror xunar peshvosi bo'lib dong taratar, tarix sahifalarida o'chmas nom qoldirib, yurtdoshlari qalbidan joy olar.
Xo'sh, ana shu biz xursand bo'lib kutganimiz murg’ak o'g'ri, bosqinchi, Vatan xoini, ichuvchi, fohishaboz, qimorboz, bezori, qotil bulib chiqsa-chi?
Insoniyat paydo bo'libdiki, yaxshilik va yomonlik, halol va xarom, donolik va nodonlik, rostgo’ylik va kazzoblik, to'g'rilik va o'g'rilik birga yashab keladi.
Salbiy, yomon illatlardan dunyodagi birorta mamlakat, millat va xalk xoli emas. Bularni oldini olish, jinoyatkorlarni jazolash hamma davlatlar qonunlarida qayd etilgan. Ayniqsa Islom dinida, uning muqaddas kitobi Qur’oni Karim va hadislarda yomon xulq-atvor, og'ir gunohlar qattiq qoralangan va uni sodir qilganlarga og’ir jazolar belgilangan. Qurʻonda: "Al- Fitnatu ashaddu min al-katl (Fitna- fasod odam o'ldirishdan yomonroq)", - deyilgan. Xadisda esa: "Gʻiybat zinodan yomonroqdir", - deyilgan. Xadislarda bolalar tarbiyasiga juda katta o'rin berilgan va bu sohada ota-onaning masʻuliyati belgilab qo'yilgan. Farzandni to'g'ri yo'lda yuruvchi, dunyo- qarashli, halolu pok qilib tarbiyalash uchun avvalo ota-onaning o'zi yaxshi tarbiyalangan bo'lishi kerak. Chunki ular o'zlarida yo’q ezgu fazilatlarni jigarbandlariga berolmaydilar...
Hozirgi zamon mashhur turk olimi, tasavvufning yirik namoyondasi Mahmud Asʻad Jo'shon (shu yil 4 fevralda Avstraliyada vafot etdi) o'zining tasavvuf haqidagi bir kitobida bola tarbiyasini u tug'ilmasdan avval boshlash kerak, deb yozibdi. Xayron bo'ldim, qanaqa qilib tug'ilmagan bolani tarbiyalaymiz? Gap ota-ona tarbiyasi haqida borar ekan. Demak, farzandli bo'lishdan avval ota-ona o'zini tarbiyalashi, o'z ahloqini tuzatishi, yomon illatlardan xoli bo'lishi, o'zini sog'lom, komil farzand tarbiyalashga tayyorlashi kerak, "Qush uyasida ko'rganini qiladi", - degan oddiy hikmat bejiz emas. Paygambar (s. a. v.)ning bir xadislarida: "Hech bir ota o'z farzandiga ahloq-odobdan boshqa yaxshiroq tarbiya berolmaydi", degan ekanlar. Paygambarimiz: "Kimki o'tib ketgan otasining yaxshi ishlarini qilsa, yarim savobi otaga tegadi, kimki uning yomon ishlarini davom ettirsa, gunohining yarmi otaga borib tegadi", deganlar. Yon qo'shni, tanishlar ham: "Otasi yomon odam edi, bolasi ham unga o'xshadi"yoki “Otasiga Raxmat, bolalari ham yaxshi odamlar bo’lishdi”, - deya gapiradi. Odob va axloqni tuzatish uchun bugun jahon davlatlarida turli chora-tadbirlar, qonunlar joriy qilingan. Ba’zi mamlakatlarda qattiq va shafqatsiz qonunlar mavjud. Lekin jinoyatlar sodir bo'lishi dunyoning hech qaysi mamlakatida barham topgani yo'q. Jinoyatchilar tufayli dunyoning hamma burchagida yosh, navqiron yigitlar, xatto qizlar ham o'lim jazolari va turli muddatli qamoqqa mahkum etilmoqda. Ularning ota-onasi, bolalari sarson-sargardon bo'lib judolik azobini tortmoqda, yuzi shuvit, qo'ni-qo'shni, qarindoshlari yuziga qarolmaydi.
Nima uchun baʻzi yoshlar o'rtasida ahlooq buzilib ketyapti?
Bola tarbiyasi hozirgi kunimizda murakkab, o'ta muhim va masʻuliyatli vazifa bo’lib qolmoqda. Bu masalada asosiy og’irlik ota-ona zimmasiga tushadi. Otaning farzand oldidagi burchlari unga yaxshi ot qo'yish, ilm, kasbu xunarga o'rgatish, diyonatli, halolu pok qilib uylantirib, qiz bo'lsa, turmushga berib, uyli-joyli qilish, mustaqil hayotga yo'llash. Boladagi har bir kurtak otib kelayotgan salbiy illatlarga o'z vaqtida barham berish, bolani mol-dunyoga hirs qo'yish, manmanlik, kibrlik, ochko’zlik, yalqovlik, tekinxo'rlik kabi salbiy illatlardan saqlab qolish ota-ona burchi. Agar bularga o'z vaqtida barham berilmasa, keyingi pushaymon foyda bermaydi. Ota- ona qariganda azob chekadi, bolasi tufayli sud idoralari, qamoqxonalar eshiklarida umri o'tadi. Nokobil farzand tufayli boshini ko’tarib yurolmaydi.
Baʻzan bolaning ahloqsiz, bezori bo’lib ketishiga ota- ona uni haddan ziyod erkalashi, aytganini qilishi, og’zidan sut xidi ketmagan erkatoyga mashina kalitini berib qo'yish, qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug’lar bola tarbiyasi yaxshi emasligini ogoxlantirsa, quloq solmay, beparvo bo'lish okibatida bola jazo oladimi yoki "hamtovoqlari" qo’lida qurbon bo’lib ketadi. Dabdabali to'ylar, xaddan ziyod qilingan sarpolar yoshlar, tarbiyasini buzmaydi- mi? Kuyov yigitga mashina kalitini tutqazayotgan boyvachcha qaynotalar ham uchrab turibdi. Bu bilan kelin-kuyov baxtli bo'ladimi?
Bazan ota-ona o'rtasida ahillikning yo'qligi, ona ko'proq bola yonini olib, ota pand-nasihatlari samarasiz qolishi, yoki er-xotinning bolalar oldida bir-birlari bilan urish-janjal qilishlari, qo'ydi chiqdilar xam bola tarbiyasiga juda yomon salbiy taʻsir ko'rsatadi. Baʻzan otalar bolaga: "Oyingning gapiga quloq solma, u aytaveradi", - desa, baʻzan shu gapni ona aytadi. Qo’ydi chiqdi tufayli bolalar o'z otasi yoki onasiga dushman bo’lib qoladi. Bir umr ona bilan bo’lib, otasini yoki ota tomonda tarbiyalanib onasini ko'rmay ketgan o'g'il-qizlarni ko'p uchratganman. Bundaylar "tirik yetim", ota yoki ona mehr-shafqatidan mahrum bo’lib yo o’gay ona, yoki o’gay ota yoki buva va buvilar qo'lida tarbiyalanadi,
Yoshlar tarbiyasiga juda yomon salbiy tasir ko'rsatayotgan narsa shishadagi "og’u"dir. Og'ir jinoiy ishlarning 80- 90 foiziga ichkilik sabab bo'lmoqda. Ruslar Markaziy Osiyoni bosib olgunga qadar bizda ichkilik ichilmagan, sotilmagan va ishlab chiqarilmagan. Ular bu "madaniyatini bu yerga olib keldi. Ayniqsa Sho’ro tuzumi davrida ko'plab aroq, vino, pivo korxonalari qurildi. Undan olingan milliard so'mlab foydalar Moskva xazinasini boyitdi. Bu jirkanch "meros" ildiz yoyib ketdi, endi undan qutulish oson ko’chmayapti. Islom dinimiz mast qiladigan har qanday ichimlik
( xamrni ) harom qilgan, payg'ambarimiz: "Xamr hamma og’ir gunoxlarning onasi", deganlar. Har bir oila boshligi farzandini ichkilik kasofatidan saqlab qolish chora-tadbirini ko'rishi, buning uchun o'zi bu kasofatdan saqlangan bo'lishi shart.
Ayrim yoshlar bozorlarda sigaret, aroq va boshqa buyumlar sotish yoki aravachalarda odamlarning yukini tashib, pul topishga o'rganib ketdi. Baʻzilari maktabni tashlab ketayapti, ayrimlari o'qishga qatnab qatnamay eng past baholarga o'qimoqda. Sigaret chekish, hatto ichishga ham o'rganib, jinoiy ishlar sodir etmoqda. Bularning ota-onalari nima qilib yurishibdi? Qarindosh-urug’, mahalla oqsoqollari qayerda?
Yoshlar tarbiyasida bog’cha, maktab, o'rta va oliy o'quv yurtlarining zimmasiga juda katta masʻuliyatli vazifalar yuklangan. Bu soxada ham tarbiyachilar o'zlari tarbiyalangan bo'lishi shart. O'qituvchi sinfga kayfda kelsa, bolalar oldida sigaret cheksa, axlokiy, nopok yoki taʻmagir bo'lsa, unday muallimdan bola tarbiya ololmaydi, uni hurmat ham qilmaydi. O’quvchi-talabalar o'rtasida bunday tarbiyachilar haqida mish-mishlar tarqaladi, ularga turli laqablar to'qiladi.
Bola tarbiyasida mahallaning o'rni juda katta. Prezidentimiz mahallalar huquqi va vazifasini tiklash borasida anchagina farmonlar chiqardi. Yoshlar taqdiri uchun ota-ona bilan mahalla ham babbarobar jon kuydirishi kerak.
2001 yil Prezidentimiz farmoni bilan « Onalar va bolalar yili » deb eʻlon qilindi. Kelajagimiz bo'lmish yoshlar tarbiyasi, ularni ahloq-odobli, halol-pok, rostgo'y, Vatanni va xalqini sevuvchi, mehnatsevar, kamtar, manaviy boy, maʻrifatli yetuk va komil inson bo’lib yetishtirish oila va ota-ona zimmasidagi farz va qarzdir.