Ona va Bola Manfaatlari - Ustuvor Vazifa
O'zbekiston-Respublikasi Vazirlar Mahkamasida "Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish" kompleksi yigi’lishi bo'lib o'tdi.
Yig’ilishni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Xotin-qizlar qo'mitasi raisi D.Gʻulomova ochdi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kotibiyatlari hamda majmua tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 1999 yil davomidagi faoliyati to'g'risida T.Norboeva maʻruza qildi.
Joylardagi xotin-qizlar qo'mitalari, "Mahalla" jamg'armasi bo'limlarining uzviy hamkorligida oilalarni mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash ishlarini olib borilishi natijasida qizlarni balog'atga etmasdan turmushga berish, nikoh yoshini qisqartirish, nikohsiz farzandlik bo'lish holatlarini bartaraf etish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, ularni muntazam ravishda tibbiy ko'rikdan o'tkazish, istalmagan homiladorlikning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xotin-qizlarni iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga jalb qilish, ular uchun yangi ish o'rinlarini barpo etish borasida samarali ishlar olib borildi. Respublika xotin-qizlar qo'mitasi, "Oila" ilmiy-amaliy markazi jamiyatda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish, ularning huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʻnaviy manfaatlarini taʻminlash ishlariga o'z eʻtiborlarini qaratdilar. Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini yaxshilash maqsadida doimiy ravishda faoliyat ko'rsatadigan seminarlar yo'lga qo'yildi. Jamiyatda ayollarning tutgan o'rni, xotin-qizlar muammolarini o'rganish maqsadida 20 dan ortiq sotsiologik tadqiqotlar o'tkazildi va ular asosida ishlab chiqilgan tavsiyanomalar amalda qo'llash uchun joylarga yuborildi. "Sog'lom avlod uchun" Xalqaro jamg’armasining faoliyati ayollar va bolalar sog'lig'ini mustahkamlashga, bu maqsadda tibbiyot muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga, joylarda tibbiy ijtimoiy guruhlari ishining samaradorligini oshirishga qaratildi. Respublika "Mahalla", "Navro'z", "Bolalar" jamg'armalari aholini, ayniqsa uning kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoyalash borasida ibratli ishlarni olib bordilar. Xotin-qizlar salomatligini jismoniy tarbiya vositalari bilan mustahkamlash yuzasidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida qator tadbirlar o'tkazildi.
"O'zbekistonda gender va rivojlanish", "O'zbekiston xotin-qizlari" nomidagi to'plamlar chop etildi. Respublika miqyosida 40 dan ortiq konferensiyalar, seminarlar o'tkazildi.
Majlisda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha darajadagi hokimliklar, oila, onalik Va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kotibiyatlariga davlat dasturi topshiriqlarini bajarishda yo'l qo'yilgan ba’zi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko'rish, dasturda belgilangan ustuvor yo'nalishlarning hayotga tadbiq etilishining davomiyligini taʻminlash uqtirildi.