BOLANGIZ GAZЕTA YIRTSIN
Kuzatgan bo’lsangiz ayrim bolalar injiq, asabiy va xunuk tabiatli bo’lib qolishadi. Shunda biz kattalar bunga barham berishning har xil yo’llarini qidira boshlaymiz, lekin hamisha ham muvaffaqiyatga erishavermaymiz. Menimcha bunday salbiy holatlarning asosiy sababi bola o'ziga mos va qiziqarli ermak topa olmayotganida bo'ladi. Ayniqsa bu yosh bolalarda ko'proq kuzatiladi.
Olti-etti yil avval ehtiyotsizlik qilib o'g'limizning oyog'ini sonigacha issiq choy bilan kuydirib qo’ydik. Bir yarim yashar bola uchun bu albatta og’ir kechdi va 15-20 kun kasalxonada davolatishga to’g’ri keldi. Endigina yurib, chala-chulpa gapira boshlagan quvnoq va sho’hgina bola shunaqangi injiqqa aylandiki, yig’latmasdan unga ozgina sut ichirish yoki boshqa ovqat yedirish azob bo'lib qoldi. Yarasi tuzalib, og’rimay qolgan bo'lsa-da, har narsani bahona qilib deyarli kun bo’yi yig’lar, kechalari ham tinchlik yo’q edi. Bola ozib-to'zib, ichikib qoldi. Vrachlar soppa- sog’ deydi. Ovutish uchun qilgan deyarli hamma urinishlarimiz bekor ketardi. Biz hatto qandaydir tinchlantiruvchi yoki uxlatadigan dori ham bermoqchi bo’lganmiz o'shanda.
Shunday kunlarning birida kursdosh o'rtog'im oilasi bilan mehmonga keldi. O'g'lim ularning bolalari bilan bir oz o’ynagach, yana eski odatini boshladi. Mehmondorchilik ham “mehmondorchilik” bo'ldi. Ketish oldidan o’rtog’im: “Senga o'g’ling xususida bir maslahat beray, unga eski gazetalardan berda, o’zini yolg'iz qoldir”, — dedi. Men shunday qildim. Bolaga gazetadagi rasmlarni ko'rsatib, keyin unga xalaqit bermadim. Shunda u rasmlar bilan tanishib chiqqach, gazetalarni bir chekkadan yirta boshladi. Gazeta yirish unga shu qadar zaqq bag’ishlar ediki, yuzlari ko’z oldimizda yorisha borardi. Biz bu ishni tez- tez takrorlab turdik. Bola esa avvalgi sho’h va quvnoq holatiga qayta bordi. Shunday qilib o’g’ilchamiz hech qanday qo'shimcha muolajasiz, faqat gazeta yirtish yordamida injiqlik dardidan kutilgan edi.
Mening o’ylashimcha qog'oz yirtishda bola ruhiyatiga ijobiy taʻsir qiluvchi jihat bo'lsa kerak. Aks holda ko’pchilik yosh bolalar uylar devorlaridagi gulqog’ozlarni yirtishga “ishqivoz” bo’lishadi. Umuman, bu narsa ilmiy-pedagogik tajribada avvaldan aniqdir, balki. Nima bo'lganda ham shu ishni bizga o'rgatgan tadbirkor do’stimdan hali ham minnatdorman.
Siz ham, agar tayinli sababsiz injiqlik qilayotgan yosh bolangiz bo’lsa, shu ishni qilib ko’ring, zora foydasi tegsa