Hamfikr, Maslahatchi, hamdard bo’laylik

By Hamdam To’ychiyev, …, in 1999

Boshlangan yilni Ayollar yili deb atadik. Avvaliga biz erkaklarning g’ururi kamsitilgandek tuyuldi. “Yilda bir kun 8 - Mart kunini o’tkazishdan toliqardik, endi yilni o'tkazishga quvvatimiz yetarmikan”, - degan andisha o’yimizda edi. Aslida biz erkaklar bir oz erkaroqmiz. Shundan bo’lsa kerak ayollarga berilgan har bir imtiyoz bizni o’ylantirib qo’yadi. Sirasini aytganda ayollarda qanday imtiyoz ham bo’lishi mumkin. Bizlarni dunyoga kelishimizdan avval to'qqiz oy ko'tarib yurishlarimi. Yoki qiynalib, jonlarini garovga qo’yib, dunyoga keltirishlarimi? Bizni suyib, erkalab, jonimizga jon bo’lib katta qilganlarini bir yoqqa qo’yib turaylik.. Har kuni ovqatimizni pishirib, kiyimimizni ozoda qilib, bizni chiroyli qilib xizmatga kuzatishlarimi? Farzandlar tarbiyasini ayollarning nozik yelkalariga butunlay ortib qo’ydik. Xatto ota-onalar majlislariga ham faqat ayollar qatnashadigan bo’lib qoldi. Ro’zg’orda qiynalsak, o'zlari yaxshi emasalarda, maoshgacha yetkazishga urinishadi. Biroq choyxonadagi oshxo’rliklarimiz, gap-gashtaklarimiz kamaymadi-ku. Ayollarning yilda bir keladigan bayramlari 8 - Martda ham oshxonadan chiqishmaydi. Biz ularning sog’ bo’lishlarini istab mehmonxonada maishat qilamiz. Eh-he, gapiraversam gap ko’p. Shularni o’ylab turib, bu yilning bunday nomlanishidagi hikmatni anglashga harakat qildim. Aslida ayollarimizning mehnatu mashaqqatlari yetarli, kamaymaydi ham. Bizlar mana shu yilda ularga ko’makdosh bo’lish, yelkadosh bo’lib, ularning ko’ngillarini ko’tarish, but qilish uchun Prezidentimiz tomonidan berilgan ogoxlantirish, yo’llanma oldik.
Do’ppini yerga qo’yib, yaxshilab o’ylab ko’raylik. Biz o'g'il bo’lib onamizni eʻzozlay oldikmi, jigar bo' lib opamizdan xabar oldikmi, xolamiz, ammamizning ko'ngillarini ko’tardikmi? Necha yil birga yashagan bo’lsak, rafiqamizga to'ydan keyin yana biron marta gul sovga qildikmi? Qizimiz uchun nima qildik? Mana shu savollarga ayollar yili 1999 yilda javob berish imkoniyati tug’ilayapti, toki yangi asrga tezda qalb, sof iymon bilan qadam tashlaylik. Toki Barchinning Allopmishi, Shirinning Farhodi, Bibixonimning Sohibqironi kabi bo’lishga oz bo’lsada urinaylik.
Bugungi kunda ro’zg’orimiz but bo’lishi uchun, qozonimiz biqirlab qaynashi uchun ham davlat ishida, ham bozor-o'charda, ham og'ir jismoniy ishlarda o’zlarini ayamay fidoyilik qilayotgan ayollarimizga bir yilgina haqiqiy yelkadosh bo'laylik. Farzandlarimizni tarbiyalash uchun sochlariga qirov qo’ngan, kamimizni bor qilish uchun qaddi dol bo’lgan, uyimizni farog’at maskaniga aylantirish uchun qo’l yuzlariga ajin tushgan mehribonlarimizga iliq gaplarimizni aytaylik, yoshliklarini xotirada bo’lsada qaytaraylik. Mana shunda xonadonlarimiz yanada obod bo’lib, baxtimiz toleimiz porlashi aniq.
Rivoyat qilishlaricha Ayub alayhissalomning eʻtiqodlarini sinab ko'rish uchun Alloh taolo barcha chorvalarini, farzandlarini nobud qilib, tanalariga og'ir dardni yuboribdi. Bir qancha yillar dard a’zoyi badanlarini qiynab, xolsiz bo'libdilar. Shunda ham ibodatni kanda qilmabdilar. Namozning har rakatida ayollarining kokillaridan ushlab, o'rinlaridan turar ekanlar. Qator yillar sabr qilganlaridan so’ng Ayub alayhissalom havzaga tushib yuvinibdilar va sabrlarining mukofoti tariqasida burunlaridan asalari uchib chiqibdi, quloqlaridan chiqqan ipak qurtini tutga qo’yibdilar, zuluk suvga tushibdi. Aslida Ayub alayxissalom yonlarida yelkadosh bo’lgan ayollarining yordamlari ila eʻtiqodlarini omon saqlagan ekanlar. Qissadan hissa shuki, bizlardagi eʻtiqod, imon kuchi yonimizdagi ayollarimizga bog'liq ekan. Axir Rosululloh ham “Ummatlarimning yaxshisi ayoliga yaxshi muomala qiladiganlari”, deb bejiz aytmaganlar.
Biz qator yillar, ularni o’zimizga teng qilgandek bo’lib, xizmatlarimizni yarmini ular yelkalariga ortib qo’ydik. Aslida ular bizlarga teng bo’lishni emas, balki hamfikr, maslahatchi hamdard bo'lishni hohlaydilar.
Tangrim aqlimizni, mehrimizni, sabrimizni ham g’azabu rashkimizni sinash uchun ayollarni yaratgan. Deylik, birortamizning ayolimiz isrofgar, rejani bilmaydi. Biz aqlli erkakmizku. Mehr bilan, asta oila iqtisodini o’rgataylik. Yoinki birorta ayol tili tezroq. Biz sabrli erkakmiz-ku. Sabr ila har so'zning mohiyatini tushunishga o’rgataylik. Boringki, biror ayol bizga xiyonat qildi. Avvali Uni shu xiyonatga boshlagan qaysidir erkak.. Shunda biz rashkimizni aql bilan o’lchab, ayolimizni himoya qilishga, noto’g’ri yo’ldan qaytarishga urinaylik. Axir Alloh taolo “ayollarni himoya qilish uchun o'lim va erkakni yaratdim”, - deb hadisi-qudsiyda bejiz aytmagan. Nazarimda g’ururu kibrimizni bir chetga surib, ayollardan sadokatni o'rgansak arziydi. Yaqinda xolamni ko’rgani borgan edim, Shunda xolamga “Siz ham hajga bormaysizmi?” - desam, “Mening hajim shu yerda, pochchangga xizmat qilib, ibodatimni bajarib o’tiribman”, - dedilar. Etibor bering, oddiy bir ayol, uy bekasi, eriga bo’lgan sadoqatini hajga teng qilayapti. Men bu gaplardan katta saboq oldim. Biz erkaklar ham ayollarimizga sadoqatlilikni aqalli “Ayollar yili”da shunday o'ringa qo’yib qo’yayliklik.
Meni o’ylantiradigan narsa shuki, barcha dinlarda, barcha mamlakatlarning qonunlarida ayollar ulug'langan, kamsitilgan. Biroq “Sochi uzun, aqli qisqa”, “Burni bo’lmasa...” kabi kamsituvchi naqllari qaydan kelib chiqqan? Biz “Ayollar yili”da shunday naqllarni unutib yuboraylik.
Eng mashaqqatli kasblarni ayollarimiz egallashgan. Farzandlar tarbiyasi va odamlar salomatligini taʻ min etishda asosan ayollar jonkuyarlik qilishmoqda. Boshqa sohadagi xizmatlarni taʻkidlamaganimizda ham shuni o'zi ayollarni ulug'lashga kifoya qiladi.
Quvonch bilan shuni qayd etmoqchimanki, mustaqilligimiz 1991 yilda eʻlon qilingan bo’lsa, “Ayollar yili” deb - 1999 yilni atadik. Ikkala yil ham –“1” va “9” raqamlaridan iboratligi matematik sifatida diqqatimni jalb etdi. Bundan ko’rinadiki, ikkala yil orasida mushtaraklik mavjud. Demak, “Ayollar yili” ham tariximizda mustaqillik yili kabi ulug'langusi yil bo’lib qoladi. Demak, biz endi faqat ayollarimiznigina ulug'vor demay, balki bu ulug’vor yilda jami faoliyatimizni yangi ulug'vor o'lchamlarda aks ettirishimiz kerak bo’ladi. Bu yilda birorta ayolning ko’zida yosh ko’rmaylik, orzusi ushalmagan birorta ayol qolmasin. Xonadonlarimizda vafo va sadoqat, xushmuomalalik va kamtarinlik hukm sursin. Shunda biz erkaklarning aqliga aql, kuchiga kuch qo'shilib, baxtli ayollarimiz ila yangi asrni kulib kutib olamiz.