Ayrilishimiz Aniq edi
Bundan roppa-rosa o'n besh oy oldin men Maʻmur ismli yigit bilan telefonda tasodifan tanishib qoldim. U harbiy xizmat ta’tilida uyiga dam olish uchun kelgandi. Bir-birimizni yoqtirib qolib, uchrashib yurdik. Uning uyidagilari men haqimda bilishardi, xatto rasmimni ham ko'rishgandi. Menikilar esa bundan bexabar edi. Oradan o'n sakkiz kun utib u ketadigan bo'lib qoldi. Uch hafta ichida bir-birimizga juda- juda o'rganib qolgan ekanmiz, ishonasizmi, ikkimiz ham ayriliqqa chidolmay yig’ladik. Men uning manzilini yozib olib, tez- tez xat yozishga va intizorlik bilan kutishga vaʻda berdim. Unga esa sirdosh dugonam ishxonasining adresini berib, shunga yozsa, menga xatlarni dugonam yetkazib turishini aytdim. U menga kechasi soat 2 da qo'ng'iroq qilgan- di. Ertalab 4:30 gacha gaplashib xayrlashdik. Chunki u soat 5.30 da yo’lda bo’lishi kerak edi. Xayrlashish oldidan menga: “Xat yozing. Meni kutib turing, iltimos. Men kelaman, keyin yana birga bo’lamiz. Esingizdan chiqmasin xat yozish, xo’pmi?” - deb rosa yalingandi. Men esa o'zimni tutolmay yig’lardim. Odam ham bir-biriga oz muddatda shunday o’rganib qoladimi, deb hayron bo'laman. Bu arning hammasini tush deb o’ylardim. U ketdi.
Men yetti oy ichida unga oyiga 2-3 martalab xat yozardim. Undan esa yetti oy ichida o’n bitta xat oldim. Xatda rasmlariyam bor. Men ham unga rasm, tumor va tug’ilgan kuni bilan tabriklab chiroyli suvratlar yubordim. Uni shunday sevardimki, xatlarni o’qib, rasmiga tikilib to’ymasdim. Bu sevgi meni sheʻr yozishga majbur qildi. Chiroyli she’r lar yozib, sarlavhasiga “Sevgilimga deb qo'yardim. U esa u yoqda xali rasmimni o'rtoqlariga ko’rsatib maqtangan, hali she’rlarimni o’qib xursand bo’lgan, orada qo'ng'iroq qilib turdi. Ishqilib bizdan baxtli inson yo’q edi dunyoda.
Nihoyat, ayrilig’imiz tugab, u baxorda keldi. Keldiyu, negadir hamma narsa teskarisiga aylanib ketdi. Keyin men o'zim anglamagan xolda noto'g'ri ish qilayotganimni tushundim. Sababi, uning ikki akasi, ikki singlisi va bir ukasi bor edi. Akalari hali uylanmagan, singlisi esa men tengi. O'zining yoshi esa yigirmada Shularning hammasi uning oldini to’sib turardi.
Endi o’zingiz o'ylang, mening yoshim o'n to'qqizda bo'lgani uchun, ota- onam tezroq to’y qilish niyatida yurishardi. Menda o'sha to'siqlar yo'q. To’gri, men uni juda sevaman, lekin qaysi yuz bilan ota-onamga “Yo’q, men hech kimga tegmayman, faqat shuni xohlayman”, - deb ayta olaman. Otamning o'z qonuni bor: “Qarindoshga qiz bersa, qarindoshlik yo'qolmaydi”... Onaning qonuni esa « Sevgi yo'q narsa. Sevaman desa ishonma”... Nima qilay, axir tushuntirolmasam otamga qarindoshga qiz berish yoki qiz olish meditsina tarafdan umuman qoralanganligini. Onamga ko’p yigitlar oshiq bo'lgan ekan. Lekin o'shalarning birini sevmaganiga onam o'zi aybdorligini qaysi til-zabon bilan aytaman. Meni Mamurga shularni aytib, shertta ajralib ketishimizga sevgimiz yo’l qo’ymasdi. Dugonam Menga: « Yuraver, agar yaxshisidan sovchi kelsa, tegib ketarsan, nima ham qilardi, ko'nikadi”, deb “Maslahat” berdi. Daydi qiz bo’lsam ekan, shunday qilsam. Yo’q, ko’nglini og’ritishdan qo'rqdim. Menku ko'nglini og’ritmadim, lekin u kun sayin ko’nglimning nozik torlarini qo'pol ravishda birma-bir chirtillatib uzardi. Bilasizmi, nima qildi? Men yuragimning qaynoq xaroratini to’kib yozgan xatlarimni yoqib yuboribdi. Singlisi o'qigan ekan, shunga. Mehr bilan ikkimizning ismimizni yozib, gullar chizib dastro'molcha tikkan edim. shuni yo’qotib qo’yibdi. Nima uchundir rasmimni qirqib tashlabdi uyiga kimdir telefon qilib o’ynagan ekan. Singillari esa men deb o’ylab rosa biznikiga qo'ng’iroq qilib ovora qilishdi. Axir u bilardi-ku, men bekordan bekorga qo'ng'iroq qilmasligimni. Nega singillariga “ u emas ” deb aytmadi. Ishxonamga bir kelib ketardida,
bir oylab yo’’q bo’lib ketardi. Na qo’ng’irok qilardi va na kelardi. Suvga cho’kkan toshdek. Bir kuni sanasam gaplashgan kunimizdan 40 kun o’tgach telefon qildi. Uyda sovchilar bor, yuragim siqilib o’tirgandim. Mening kelajagim hal bo'lmoqda edi. Birdaniga qo'ng'iroq bo’ldi. Dastakni ko’tarsam, uning men uchun qadrdon bo’lgan ovozi “allo” dedi. Xursand bo’lib ketdim. U esa gapni nimadan boshladi, bilasizmi? “Odammisiz o'zi, nimasiz?”, dan boshladi. Bu gapni eshitib isitmam chiqib ketdi. Yuqorida aytib o’tgan narsalarni qilganida ham chidab, ichimga yutib, kechirgan edim. Sevgimiz haqi-hurmati chidab keldim. Sabr kosam to’ldi. Yetar. To’ydim hammasidan. Shunchalik ko’nglim sovib ketgani uchun o'zi aybdor. Baqirib yubordim. “Nega unday deysiz”, desam u menga.
- “Ishxonangizga borsam yo’q ekansiz, keyin uyingizga borib, balkoningiz tagida hushtak chalib chaqirdim, qaramadingiz”, - dedi.
Men unga, birinchidan shanba kuni ishlamaymiz. Ikkinchidan, pastdan kelayotgan hushtak ovoziga qaramayman, dedim. Yo'q, tushunishni istamadi. Xuddi shu payt sovchilar meni ko’rishmoqchi bo'lib, akamdan chaqirtirishdi. “U kim chaqiryapti”, deb so’raganda to'grisini aytdim. Jahlim chiqib ketdi. “Menga turmushga chiqing desam, yo'q deysiz. Qayoqdagi begonadan kelibdi-da”, deb xafa bo'ldi. Rosti, qiz bola boshim bilan menga sovchi yuboring, - deyishga uyalgandim.
Endi aytim: “Sizning xam qo'lingizdan kelsa yuboring. Qo'lingizdan kelmaydi, chunki uch yoki to'rt yildan keyin uylanasiz. Men sizni o'sha paytgacha kutolmayman-ku. Xo'p, men kutgan taqdirda ham, ota-onam kutmaydi”, dedim. Oxiri dilimdagi tilimga chiqib ketdi: “Keling, yaxshisi bu tunlay xayrlashib qo'yaqolaylik, baribir siz meni tushunmayapsiz, men sizni. Agar men sizga turmushga chiqsam, butun umr shunaka bir- birimizni tushunmay o’tamiz. Qo’ying, agar shunaqa bo'ladigan bo’lsa tanishchiligimizni yig'ishtirib qo'yaqolaylik”, - deb aytdim. U yana nimalardir deyayotgandi, men “xayr” deb dastakni qo'ydim. Butun tanamni titroq bosib o’zimga kela olmasdim. Hech qaysi tarafdan bir-birimizga to’g’ri kelmayotganligimizni tushunish men uchun og'ir edi. Dushanba kuni kechqurun ishdan qaytayotib uni bekatda meni kutib o'tirganini ko'rib qoldim. Meni ko’rmasin, deb orqa tarafdan aylanib ketdim. Shundan keyin yana bir necha marta telefon qildi, gaplashmadim, ishxonamga keldi yoniga chiqmadim. Ko'ngil bog’imda unib chiqqan sevgi gullarini o’zi payxon qildi, o'zi toptab tashladi. Dilim nozikligini bilib turib qildi shu ishni, chuqur o’ylab ko’rib, bu ishni juda to'gri qilganimni his etdim. Chunki bilardim birga bo’lmasligimizni. Baribir shunday ayrilishimiz kerak edi. O’g’il o’ylab, qiz uzatish oson emas hozirda. Men ko’proq o’zimni emas, uning ota-onasini o’ylab qildim shu ishni. Axir o'zingiz o'ylab ko'ring, besh xonali kvartirada ota-ona, uchu aka- uka, uch kelin, ikki singil va bir uka turish o’zbekchilikka to’g’ri keladimi? Xech qaysi tarafdan to’g’ri kelmaydi. Katta xovli bo’lgandayam bilinmasdi. Alloh shohid, men uni hali ham, oldingidek bo'lmasa-da, lekin sevaman, Agar shu to'siqlar bo’lmaganida, uni kutish uchun ko’p vaqt ketmaganida, men unga umr yo'ldoshi bo’lishga so’zsiz rozi bo’lardim. Bilaman, unga qiyin bo'ldi, lekin bilib turib uning menga uylanmasligini, u bilan sevishib yursakda, bir kuni fotiham bo’lib, unga to’yim bo’layapti desam, unda bundanam og’ir bo’lardi. Shuning uchun ikkimizga qiyin bo’lsa ham orani ochiq qilib olganim, meni o'ylashimcha to’g’ri. Chunki biz uchun ayriliqdan o’zga chora yo'q. Shunday deb o'z-o’zimni ovutgan bo'laman-u, lekin baribir har kuni kutaman qo’ngiroq qilishini yoki kelishini. Turmush qurganimdan keyin bu his-tuyg’udan forig’ bo’larmikanman, uni unutarmikanman? Yoki bir umr yuragim o'rtanib yasharmikanman?