Eng Nurli tuyg’u

By Zulfiya Mo’minova, in 1998

Qishlogimizga kelin bo’lib tushgan kunidan uni ko’rish va tabiatning bu mu’jizasidan hayratlanish uchun darvozasi yonidan muralab o’tardik. U bizni ko'rib qolardi-da, yugurib uyiga kirib shirinliklar olib chiqardi. Haqiqiy go’zallikni taqimiga tushadigan haydar kokillarni, qaldirg'och qanotidek qoshlar, cho'lpon ko’zlar, gul gunchadek lablar va buning ustiga g’oyat dilkash, shirinso’z insonni men o’shanda birinchi marta ko'rgandim. U qishlogimizdagilarga kelin emas, farzanddek yaqin bo’lib ketdi. Mahkamtosh, uning ismi
shunday edi - bu ism menga uning qiyofasiga mos bo’lgan Malika, Sohibjamol, Gulruxsor kabi chiroyli ismlardan ham chiroyliroq tuyulardi.
Maxkamtosh opaning onasi go’dakligidayok o’lib ketgan va uni hayotga mahkam yopishsin, deya shunday nomlashgan ekan.
Qishlogimizga kelin bo’lib tushgan bu go’zal zeboning odamlar orasida o’sganiga ishonmasdim. Go’yo u yuksakda, parilar orasida kamol topgandek edi, nazarimda. U bir kuni yasanib, mehmonga ketayotgan ekan. Yo’lda uchratdimu qotib qoldim. U menga hayro bo’lib qarab turdi-da, so'radi: “Nima, senga ziraklarim yoqib qoldimi?” Men “yo’q, uzingiz dedimu, qochib ketdim. “Kichkina shirinim-ey” deb qarab qoldi u. Keyin bilsam u o'sha kuni yangi zirak taqib chiqqan ekanu, meni shu zirakka mahliyo bo’lib qoldi deb o’ylabdi. Men esa uning ziragini ko'rganim ham yo’q.
Maxkamtosh opa dala ishlarida, terimda doim chevarlar safida bo’lardi. Oradan yillar o’taverdi. Alloh unga farzand bermadi. Ular turmush o’rtog’i bilan uzoq umidvor yashadilar. So’ng qaynonasi, eri, o’zi kelishgan xolda bola asrab olishdi. Hozir asrab so’zini yozayapmanu, qalamim titrab ketyapti. Chunki ular bolani asrab emas tilab, yig’lab, yolvorib oldilar. Chaqaloqning ismini Umid kuyishdi. Hali turna bolasidek bo’ynini tuta bilmaydigan murg’akni uyga olib kelib, ona sutisiz boqishni tasavvur qilish... Usha kunlarni eslab, Mahkamtosh opa shunday hikoya qiladi: sovuq qish kechalaridan birida chaqaloq chinqirib uyg’ondi. Yuziga qo’limni qo’ysam, issig’i baland otash bo’lib yonayapti. Erim do’xtir topib kelish uchun chiqib ketdi. Go’dak yig’isi bir lahza tinmaydi, unga qo’shilib men ham yig’lay boshladim. Shunda qaynonam bolani kuliga olib, “kelin, sen nega yig’laysan, bolaku bu, biron joyi og’rigandir. Tuzalar, sen qo’shilib yig’laganing bilan tuzalib qolmaydi-ku, undan kura badaniga spirt surtib turaylik zora issig’i tushsa”, dedi. Bu orada do’xtirni ergashtirib erim kirib keldi. Bolaning ahvolini kurib do'xtir tezda kasalxonaga olib borishni tavsiya etdi. Do'xtir birinchi navbatda qilinadigan hamma muolajalarni qildi, ammo bolaning issig’i tushmadi. Tun o’tdi, tong otdi. Ahvol o’sha – o’sha, uchinchi kunga borib bolaning issig’i tushib ishtahasi ochildi. Tunda bemorlarni ko’rib yurib duxtir, Opa, nega uxlamayapsiz, axir bolangiz ancha tuzalib qoldiku”, desa, men unga yig'lab shunday debman: “Do’xtir, men bu bolani asrab olganman, agar biror narsa bo’lsa, odamlar qo’lidan kelmabdi, qaramay uxlab qolganda, demaydimi? Siz menga yordam berdingiz rahmat! Bir umr unutmasmiz”.
Bola ancha tuzalgan bo'lishiga qaramay, nimjon bo’lgani uchunmi, boshqa bolalardek o’ynab ketmadi. Bizni ko'rishga kelgan erimga, “Xujayin, agar shu bolaga bir gap bo’lsa, men o’zimni – o’zim o’ldiraman, o’likni ikkita qilib olib ketaverasiz”, - dedim.
“ Nega unday dey san, bir-ikki haftadan so’ng o’ynab-kulib chiqib ketasizlar”, - deb yupatdi erim.
Men esa rostdan ham shu bolaga bir gap bo’lsa, o’zimni osaman, deb qaror qilgan edim. Ikki karavotga bog’lab belanchak qilaman deb, arqon keltirgan edim. Bola yig'lasa, shu arqonga qarab qo’yardim.
Allohga shukr, erim aytgandek bolamiz tuzalib ketdi. Uyga kelib oynaga qarasam, sochlarimga yigirma kun ichida oq oralab qolibdi. O’shanda men ilk daf’a shu bolaning taqdiri, mening taqdirimga bog'liq ekanini, agar men bo’lmasam,- uning ahvoli yomon bo’lishini uylab, yana xayotga, baxtga intilish sezdim uzimda.
Bu Mahkamtosh opa va Sag’dulla akaning Umid go’dak paytidagi kechirgan qiyinchiliklaridan bittasi xolos. U aqlini taniguncha ne-ne kunlar o’tsa – o’tgan bu boshlardan. Ha, dunyodagi barcha bolalardek Umid ham goh kulib, gogh yig’lab katta bo’la boshladi. Endi Mahkamtosh opa va Sag'dulla akalarni atrofdagilar Umidning onasi, Umidning otasi deb chaqirishadigan bo’lishdi.
Umid hozir otasidek baland bo’yli, onasidek chaqmoq ko’zli bola bo’lgan. Mahkamtosh opa ham o'rta yoshli qishloq ayollaridek yuziga ajin tushgan, sochlari ro’mol ostidan tushmaydigan bo’lib qolgan. Ko’zim oldiga lip etib uning kelinchaklik davri keldi. Ammo men go’zalligidan ayrilgan opaga achinganim yo’q. Aksincha, yuragimda unga nisbatan hurmatim beqiyos ko’payib ketdi. U chinakamiga baxtli ayol.
Kismatni yengib, yurt aro yashnab yashayotgan, o’z shodligini o’zi yaratgan ayollardan biri u.