Xalqimizda gap-gashtakdek ajoyib udum bor.

By Azizbek Abduvaliyev …, in 1998

Xalqimizda gap-gashtakdek ajoyib udum bor. Haftadami, oydami, bir yor-birodarlar, hamkasblar, sinfdoshlar, qarindoshlar, mahalladoshlar, xullas, ko’ngilga yaqin kishilar bilan to’planib, hamsuhbat bo’lganga ne yetsin! Bunday o’tirishlar chog’i kundalik tashvishlarni biroz bo’lsa-da unutasiz, dilingiz chigali yoziladi. O'zingiz bilmagan yangiliklardan boxabar bo’lasiz. Undan tashqari, aytaylik, to’y qilayotgan yoki uy qurayotgan bo’lsangiz, ko’proq shu gapdagi ulfatlar kor keladi: to’yda qo’y yetaklabmi, gilam ko’taribmi kelishgani yetmaganidek, to to’yingiz o’tguncha xizmatda bo’lishadi. Uy qursangiz jilla qursa dam olish kunlari kelib, “horma, bor bo’l!” deya sizu, ustalarga dalda berib turishadi.
Ilgarilari gaplarda faqat erkaklar qatnashishar- di. Hozirda esa ojizalarimiz bu borada bizdan o’tishsa o’tishadiki, aslo ortda qolishgani yo’q.
Xo’sh, yuqoridagi so’zlardan murod nima? Indallosi shuki, keyingi paytda ana shu ajoyib udumga ko’z tekkandek. Gap-gashtaklarni intiqlik bilan kutadiganlarning safi kamaygandek. Yashirib nima qilamiz, “gapga borishdan hatto bezillab qolganlar bor”. Nega?
O’z-o’zidan maʻlumki “gap” dasturxonsiz o’tmaydi. Besh qo’l barobar emas - kimdir dasturxonni qoyilmaqom bezatadi, kimdir sal kamtarrok. “qoyilmaqomlar” dasturxonga Eron pista-yu, jo’jakabobgachaqko’yadi. Undan qolmaslikka, to’g’rirogi, tili qisiq bo’lmasligiga tirishgan “kamtarlar” ham dasturxonga bor-budini to’kadi. Ko’pincha ularning bir oylik topgan- tutgani maoshiyu, mukofoti dasturxon bilan boshlanib, dasturxon bilan tugaydi. “Kamtarlar” bir chiranadi, ikki chiranadi, keyin kasalligi yoki ishi chiqib qolganini bahona qilib, o’tirishga bormay qo’ya qoladi. Ko’p kuzatganman: gap-gashtaklardagi dasturxon mo’l bo’lsa-da, aksar narsalar shunday, qo’l tekkizilmaganicha qolib ketadi. Yaʻni kelganlar qorin g’amida emas, ichidagi gapini to’ kib solish uchun (bekorga “gap” deyilmagan-da!) yig’iladi.
Maishatbozliklar ham xolva ekan. Keyingi paytda gaplarga pul, latta- putta, qimmatbaho buyumlar aralashadigan bo’lib qoldi. Yaqinda qo'shnimizning o’g’li “gapda oldin gilamdan o’ynardik, hozir “DEU” televizoridan o’ynayapmiz”, deb maqtanib qoldi. “Gap”da necha kishisizlar?” deya qiziqdim. O’n kishi, ikki haftada bir yig'ilishar ekan. Hozir xorijiy televizorlarning narxi 30 40 ming so’m atrofida. Demak, “gap”da qatnashayotgan lar har oyda “televizor pulining ” o’ziga kamida 7-8 ming topishi kerak. Qo’shnimizning o’g’lini “buncha pulni topaman deb qiynalib qolmaysizlarmi?” deb savolga tutsam, “Ha endi, yig'ib-qisib to’g’rilaymiz- da, baxonada televizorlik bo’lib qolyapmiz-ku! » deydi...
-Bir ayolni taniyman. O'zi hamshira bo’lib ishlaydi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, naq to’rt joyda “gap yeydi. To’rttovida ham shu narsa bor, yaʻni o’rtada yo pul aylanadi, yo so’nggi urfdagi mato. Ayolni ko'pincha “uff, “gap-ga pul topib berishim kerak”, deb siqlib o’tirganini ko'raman. “Shuni yo’qotsangiz, iloji bo’lmasa, to’rttamas, bitta “gap”ga qatnashsangiz bo’lmaydimi”, deb usmoqchila- dim. Uka, siz bilmaysiz- da, - dedi u uh tortib. Yig’ilishdan orttirgan narsalarimni bisotimga tashlayman, qizimning bo’yi yetib qolgan. O’g’lim yolchitib ishlamaydi, xo’jayinimning topgani o’zidan ortmaydi. Erta- indin to’y boshlanib qolsa, kamu ko'stimni kim tug’rilib beradi? Shu uchun o’zimni to’rt tomonga uraman-da, ukajon...” Unga rahmim keldi. “Gap”dagi gali kelsa, eng zamonaviy materiallarni ko'tarib keladigan ayol uzi uniqqan, allaqachon urfdan qolgan kiyimlarda yuradi.
Xush, bunaqa “fidoyilikning nima keragi bor? Xo’p ana, xorijiy televizor ga ega bo’larsiz, “gap” o’ynab yiqqan matolaringiz bilan qizingizni uzatarsiz, lekin sizning eng yaxshi yillaringiz qaytib kelarmikan? “Gap”ga dasturxon tuzataman, pul beraman deb qaqshagan asablaringizning o’rni tiklanarmikan? Ilgarilari ota-bobolarimiz gap-gashtaklarda qissaxonlik, sheʻrxonlik qilishgan, davralarini “Shayton suvi emas, latifa-yu, hangomalar qizitgan. Bunga keksa avlod vakillari gunox, qolaversa, adabiyotimizda ham ajoyib ko’rinishlar bor. O'shanday go’zal, bebaho udumni maishatbozlik, buyumbozlikka aylantirib qo’yganimiz aqlsizlik emasmi? Axir, inson dunyoga bir marta keladi.