Mahfuza Usmonova
Dildora oiladagi bosh farzand bo’lib, ota-onasi ham el-yurt hurmatini qozonganlardan edi. Bu qizning yo’lini poylagan, uyiga sovchi qo’ygan yigitlarning son-sanog'i ko’rinmasdi. Vaqti kelib u turmushga chiqdi. Mahallamizda hanuzgacha bunaqa to’y bo’lganini eslolmayman. Yaqinda uning turmushi buzilib uyiga qaytib keldi. Ochig’i unga achindim. Endi atrofdagi yigitlar unga «boshqacha ko’z bilan qarardilar. Dildora tushkunlikka tushmay, ishlab yuribdi. Nima yoqasini yirtib, bag'rini yerga - berib yotsinmi? Gʻisht qolipdan ko’chgan bo’lsa, bundan ne foyda? Lekin uning yelkasidagi yuk-chi? Uni ko’rganda yigitlar bir qimmatbaho buyumga boqqandek boqmasmikanlar? Turmushi buzilgan ayollar.... Siz ularning ko’zlariga boqqanmisiz? Ota-onasining qistovi bilan turmushga chiqqanlar ham shular. Bo’lajak erining molu-davlatiga uchib, aldangan, adashgan ham shular. Siz ularning dardlariga hech quloq solganmisiz? Bog’- xiyobonlarda yurgan sevishganlarni, jajjigina farzandlarini yetaklab olgan yosh oilalarni ko'rganlarida yuraklari larzaga kelmasmikan ularning? “Yor Yor” sadosi ostida oltin ostonaga qadam qo'yayotgan kelinchaklarni kuzatganlarida yuraklari alla nechuk urmasmikan? Ha ularning ham uz dardlari bor. Faqat... Faqat dardli odamlar dardlari haqida gapirmaydilar. Siz ilk bor uylanayotgan yigitlarning turmushi buzilgan ayol (juvon)ga uylanganini eshitganmi siz? Keksalarimiz “Qizi bor eshikni shoh ham, gado ham taqillatadi”, deydilar. Agar o'sha xonadondagi qizning turmushi buzilgan bo’lsa-chi? Afsuski, ota-onalar farzandlariga taxt yasasalar ham baxt yasolmas ekanlar.Ex, opalarim, singillarim. Bu o’tkinchi hayot boshlaringizga ne-ne sinovlarni solmaydi-ya. Shu sinovlardan yorug’ yuz bilan o’tib olganlargina buyuk baxt nasib etadi.Sizlarning baxtingiz haqida o’ylaganimda sizlarga yomon ko’z, yovuz niyat bilan boquvchi ukalarimiz, akalarimiz borligidan iztirob chekaman. Lekin ishonchim komilki, siz bir kun albatta baxtingizni topasiz. O’shal kun asrga tatigulik kun bo'ladi. Ilohim peshonangizga shunday farahli onlarni bitgani rost bo’lsin.