Sizga Mexr tilayman
Tong yorishayotir...
Yangi Yilning dastlabki kunlari ham qaynoq hayot quchog'iga yo’l oldi. Yangi Kun... Men esa hamon derazam yonida qo’limdagi maktublarga tikilgancha... qotib o'tiribman! Ana, Cho’lpon yulduzi ko'k toqida oltinlanayotir. Qushlar saharni olqishlab, chug’urlashmoqda. Daraxtlar so'nggi yaproqlari bilan mahzun shitirlaydi. Atrof nurday toza. Ammo... Mana bu maktublarning egalari tabiatning bu go’zalliklariga parvosiz, qay bir go’shada betinu-bedor o'tirishibdi. Balki dillaridagi g’am yukini qay tomon uloqtirishni bilmay, chora axtarishayotgandir. Nima bo'lganda ham, ularning dil yarasiga malham bo'lmoq sizu bizning burchimizdir, aziz o'quvchim! Muhimi, zarur gapni ularga bu kun aytaylik. Balki, ertaga kech bo’lar...
Xatni ochyapmanu yana qo'llarim titraydi. Go’yo satrlar orasidan munglug’ chehrali bir ayol chiqib kelib, menga dardlarini ohista so’ylayotganday...
Birinchi Maktub
“...Ochig'i, qiynalib ketdim, opa. Balki, noshukurchilik qilayotgandirman. Axir, uchta guldek farzandimiz bor. Erim yirik bir firmaning boshlig’i. El-yurt nazarida “badas- tir-baxtli” xonadon sanalamiz. Lekin... Turmush qurganimizga o’n besh yil bo’libdiki, erimning biror marta ishdan ertaroq qaytib, biz bilan dasturxon atrofida birga ovqatlanganini eslolmayman. Nuqul Yarim kechada, shirakayf kirib keladilar. Men esa xuddi ustiga og’ir yuk ortilgan bir aravaga o’xshayman. Uy, ishxona, maktab, bog'cha, do’kon, bozor... Bu arava kuniga shu manzillar ichra aylanib yuradi. Bayramlarda bolalarimning bog'cha opasiyu muallimlariga, ishxonamdagi boshliqlarga sovg’alar eltaman, yaxshi so’z aytib, gullar tutqazaman. Lekin, biror kimsa menga ham bir yaxshi so'z aytib, bir dona gul uzatmaydi! Men barchaga birday mexr beramanu o'zim esa mexrga zorman. Bir kuni alamimdan dardimni erimga to’kib soldim. “Qo’lingga ortigi bilan pul berib turgan bo’lsam, yana senga nima kerak” deb o’shqirdilar. Axir, gap puldami?! Mening to’rt devor orasida zir yugurishlarimga rag’bat yuk, og’ir yukdan yozilgan vujudimga darmon, shikasta ruhimga malham yo'q. Axir, bular pulga topilmaydiku. Ertangi kunimni o’ylasam, dahshatga tushaman. Qachongacha shunday yashayman? Qachongacha?!»
Ayol ko’ngli nozik, sirli. Uni tushunib yetmoq murakkab. Shu uchun ham qay birimiz unga gul o'rniga pul tutib dilini og'ritamiz. Qay birimiz mehr o'rniga qahr tutamiz, uning sof tuyg'ularini suiiteʻmol qilamiz. Bu ayol qismati nima bilan tugaydi? Uni ne deb ishontiray, qanday tasalli beray? Ex, notanish singlima! “Aslida har birimiz ertangi kundan mo’jizalar kutib yashamog'imiz lozim. Mo’jiza balki bugun ro’y berar, balki ertaga... Men o'sha erkakning sizni tushunib yetishini, kech bo’lsada sizning ko'nglingizdan joy olishini juda-juda istayman. Axir, siz shunga loyiqsiz, Suyukli shoirimizning Ayol haqda- Siz haqda yozgan mana bu satrlarini o'qing-a...
Ayol, olam charogi, nur bo'lib dunyoga kelgansan,
Mexr daryosi ichra dur bo'lib dunyoga kelgansan...
***
Ikkinchi Maktub
ni ochishga negadir shoshilmayapman. Balki dardlarini mengagina ilingan qizni sizdan qizg’onayotgandirman. Baribir, uni ham ochishim kerak. Sababi, shu qizga bir og’iz iliq so’zni shu bugun aytishimiz kerak. Toki, u ertangi kunni yangi umid, yangi ishonch bilan boshlasin...
...Qishlogimizda meni hamma «oqila qiz» deb maqtashardi. Maktabda yaxshi o'qirdim, kattayu-kichikning hurmatini joyiga qo'yardim. Qo'shnimizning qizi Nargiza bilan birga o'sganmiz. Ko'rganlar “Bu ikki dugona hech bir-biriga o’xshamaydi-ya”, deb kulishardi. Dugonam mendek sipogina bo’lib yurmasdi, ovozi boricha kular, bo’yanib-yasanar, yigitlar eʻtiborini tortishni yaxshi ko'rardi. Hozir Nargiza bir etak bolaning onasi, bog’- rog’li hovlining bekasi. Men esa hali turmushga chiqqanim yo'q. Yoshim o'ttiz beshdan oshdi.
Esimda, bir paytlar yigitlar mening ham izimdan yurishar, ishq izxorlari yozilgan qog'ozlarni hovlimizga irg’itishardi. Men ularning bu xatlarini ko’zlari oldida qiymalab yirtardim. O’zlarini esa quvib solardim. Endi bilsam, o'shanda men o’z baxtimni quvlagan ekanman! Mana, yillarki, o'sha baxtning qaytishini kutaman. Har kech pochta qutisini ochib ko’raman. Garchi bo’m bo’shligini bilsam ham shunday qilaman. Negaki, g’oyibdan birov meni izlab keladigandek tuyulaveradi. Umrim shu kuyi o’tayotir. Ikki-uch ayol o'rtasiga tushib qolsam, darrov: “Folbinga boring, qoqindiq. Yo’lingizni kimdir boylagandir”, deya pisanda qiladi. Endi ayollardan ham o'zimni chetga oladigan bo’lib qoldim. Ertangi kunni o’ylasam... Iltimos, meni to’g’ri tushuning. Hayotning qizig'i qolmadi, men uchun. Nima qilay?!”
“Sen Zuxrosan, Tohiri duch kelmagan...» Qayerda o'qiganman bu satrlarni, Qachon? Zuhraning aybi nimada? Axir, u Tohirini izlab yo’lga chiqolmaydiku! Tohirchi, u nega jim? Nega u o’z baxtiga peshvoz chiqmayotir, Nega? “Yangi kun sizga baxt olib kelsin, singlim. Siz baxtli bo’lishga haqlisiz. Sizga sabr tilayman…”
Uchinchi Maktub g'alatiroq. Uni siz qanday qabul qilasiz, bilmadim. Lekin, bu xatni o'qimaslikning iloji ham yo'q. Axir, shu qizning holatiga tushib qolganlar kammi? Maktubga bir lahza diqqatingizni tortaman. “Muhabbat bor desalar, ishonmasdim. Endi esa... Yigirma uch yoshda o’zim uning asiri bo’lib o’tiribman. Kunlarim tunga, tunlarim tongga qorishib ketadiki, sezmayman. Xayolimda faqat o'sha... Ilk bor uni dorixonada navbatda turganimizda uchratdim. O'shandayoq yuragim “jiz” etgan, “Men orzu qilgan yigit shu” deb o’ylaganman. U men bilan bir- ikki og'iz gaplashib, so'ng dori- darmonlar oldiyu chiqib ketdi. Men shu yerning o'zida dardimga darmon topolmay qolaverdim. Ikki yilki, o'z yog'imga o'zim qovrilayapman. Siz xatimni o'qib, “Qiynalib yurmasdan, o’sha yigit bilan taqdiringni
bog'lamaysanmi?!” demoqchidirsiz. Hamma gap shundada. Uning oilasi, ikki farzandi bor. Bir-ikki marta qizlik g’ururimni yengib, oldidan to’sib chiqdim. U bo’lsa men bilan shunchaki salomlashib... o’tib ketdi! Alamimdan, uni unutmoqchi buo’ldim. Lekin, eplolmadim! Sevgim o'zimdan ham g’olib chiqdi. Buyog'i nima bo’ladi, bilmayman. Bilmayman...”
O, mening oy singlim-a. Oylardan ham go'zal singlim-a. Senga ne deyman? Senga bu xosiyatli kunlarda men neni tilayin? Baxtmi? Bu «kemtik» baxtni nima qilasan, ahir! Muhabbatmi? Yo’q, bu muhabbat senga baxt berolmaydi! U muhabbatning egasi boshqa bir ayol... Axir, hayotda har birimiz ham mushkul ahvolga tushib qolishimiz mumkin. Bu holatdan bizni kim qutqaradi? O'zimiz emasmi, ha, faqat o'zimiz! Chunki, insonning o’zidan ko'ra yaqinroq sirdoshi, do’sti yo’q. Sen ham o'zingni o'zing qutqar, singiljon. Sof tuyg'ularingning egasi boshqa birov ekanligi, qachondir uni albatta uchratishing mumkinligini unutma. Shunga o'zingni ishontir, ishonch esa insonga madad, suyanch... Men esa, senga ulug donishmandlardan biri aytib qoldirgan so’zni eslatmoqchiman, xolos... «Sevsangu sevilmasang, Sevgingga javob bo’lmasa bu muhabbat emas!”